www.ziyouz.com kutubxonasi
225
Ikkinchisi, dushmanlarimiz bizdan yengilib qochdilar, lekin bularni orqalaridan quvlashga
ruxsat bermadim. Chunki dushman hiyla qilib yolg‘ondan qochgan bo‘lsa, bir yerga
qo‘ygan buqtirma (pistirma) askari bo‘lib qolib, yana quvlagan kishilarga ziyon yetib
qolmasin, deb o‘yladim. Ammo ihtilom bo‘lib qolganimda havo sovug‘idan qo‘rqib suvga
tushmaganim to‘g‘ridur. G‘usl qilmasdan tayammum bilan namozga imom bo‘ldim,
chunki Qur’onda Alloh aytmishdur: «Ey mo’minlar, o‘zinglarni halok qilg‘udek ishni
qilmanglar, chunki Alloh taolo sizlarga bek mehribondur». Alloh shunday degach,
o‘zimga ziyon bo‘lgudek ishni qilmadim, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning keyingi so‘ziga kulib qo‘ydilar. Lekin
oldingi aytgan so‘zlarini to‘g‘ri topib:
— Yaxshi qilibsan, — dedilar.
ALXABAT G‘AZOTI
Tarixi hijratning sakkizinchi yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch yuzdan ortiqroq
bir bo‘luk askarga Abu Ubayda ibn Jarrohni boshchi qilib Madinadan besh kunlik
uzoqlikdagi Qizil dengiz bo‘yidagi Juhayna qabilasiga yubordilar. Shu yili yomg‘ir yetarlik
yog‘maganidan xalq ichida qahatchilik ham bor edi. Askar ozug‘i uchun yegulik bir necha
sanoch (xalta) Madina xurmosidan boshqa ortiqcha narsa topmadilar. Borgan joylarida
yo‘l to‘sib uzunroq turib qolishga to‘g‘ri keldi.
Madinadan olgan ozuqlarini yeb tugatdilar. Eng keyin shu holga yetishdilarkim,
boshchilari Abu Ubayda askarga xurmoni bir donadan ulashur edi. Buni ham yeyishib
tugatgandan so‘ngra, hech narsa qolmagach, ochlikka chidayolmay samur daraxti
(xabatni) yaprog‘ini yedilar. Shunday qiyinchilikka qolishgan chog‘da dengiz to‘lqini bir
ulug‘ baliqni chetga chiqarib tashladi. Uch yuzdan ortiq askar, yigirma kunga yaqin shu
baliqni yeyishdilar. Kundan-kunga quvvatlanib, tanlari sog‘lom bo‘ldi. Go‘shtni yeyishib,
yog‘i bilan badanlarni moyladilar.
Bu baliqning kattaligi shundaykim, buning ko‘zi ichiga oqib yig‘ilgan yog‘ni katta kosalar
bilan quduqdan suv olgandek olishar edi. Abu Ubayda buyurdikim, aning bir dona
qovurg‘asini olib yerga yotqizinglar. So‘ngra tuya mingan bir novcha kishi shuning
egilgan joyidan engashmasdan o‘tib ketdi. Bu safarda yo‘l to‘sib qanchalik ko‘p tursalar
ham, dushmanga yo‘liqishmadilar. So‘ngra Rasulullohning ruxsatlari bilan Madinaga
qaytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam baliq voqeasini eshitgach: «Bu baliqni
sizlarga rizq qilib Alloh taolo dengizdan chiqarmishdur. Andin biror bo‘lagini keltirgan
bo‘lsanglar, menga ham yediringlar, deb so‘radilar.
Askar ichida o‘shal baliqdan saqlagan kishilar bor edi, darhol uni keltirib berdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |