www.ziyouz.com kutubxonasi
215
Shuning uchun Xudo Qur’onda aytgandur: «Laqod kana lakum fi rasulillahi usvatun
hasanatun», ya’ni, «Rasulullohning aytgan so‘zlari, qilgan ishlarida musulmonlarga
yaxshilikka ulgu bo‘lg‘udek ko‘p foyda bordur». Bundan boshqa ham shu mazmunda
kelgan oyatlar Qur’onda ko‘pdir. Agar, biz musulmonlar, shu yo‘lda kelgan oyat,
hadislarning birortasiga amal qilgan bo‘lsak edik, bugungi kunda islomiy, insoniy
haqlarimizdan mundog‘ ajrab qolmas edik. Endi nima chora qilgali bo‘lur, ish vaqtidan
o‘tdi. Qachonlardan beri yig‘ilib yotgan yozuqlarimiz endi boshimizga yetdi. Allohning
ulug‘ qudratidan o‘zgaga umid etarlik o‘rin qolmadi. Yo‘q esa Islomdek dini bor, Haq
yuborgan Muhammad alayhissalomdek payg‘ambari bor, ko‘kdan tushgan Qur’ondek
kitobi bor bir millat hech qachon bunday xor-zorlikka qolishi mumkin emasdur.
Chunki Alloh aytmishdur: «Innalloha la yug‘ayyiru ma biqavmin xamma yug‘oyyiru ma
bianfusihim» Ma’nosi: «Alloh taolo bir qavmga bergan ne’matni o‘zgartirmaydi,
qachonki, u ne’matning shukrini qilmasalar, aning qadriga yetib yaxshi kutmasalar, ul
chog‘da ne’matdan ajragaylar, davlatlari qo‘llaridan ketgay». Bu oyatning mazmunicha,
o‘zimizdan o‘tmagan bo‘lsa edi, hech qachon vatanimiz, davlatimiz qo‘limizdan ketmas
edi. Bu qayg‘ulik qissani gapirish bu joyga sig‘maganlikdan, yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu safarga chiqar chog‘larida Madina masjidining
eshigida turib, o‘tgan yili qazo bo‘lgan umra niyati bilan ehrom bog‘ladilar. Musulmonlar
haj yoki umra qilmoqchi bo‘lsalar ehrom bog‘lagaylar, ya’ni ko‘ylak, tanbol o‘rnida ikki
lo‘ngini birisini beldan tubanga bog‘lab, yana birisini orqa yelkaga tashlab turib haj yoki
umra qilmoq uchun niyat qiladilar. Shu chog‘da «Labbayka» qichqirish shartdur.
Rasululloh ehrom bog‘laganlarida sahobalar ham Payg‘ambarimizga ergashib barchalari
«Labbayka» aytishdilar. Madinadan bir manzil yurib Zulxulayfa degan joyga kelganda,
qorovullik qilib otliq askar olg‘a yursin, deb buyurdilar. Makka shahri yaqinida Marri-
zahron degan bir joy bo‘lib, qorovul askarlari shu yerga yetganlarida, Quraysh ahlidan
bir qancha kishilar bularga qarshi chiqdilar. Bu xilda saylangan qurollik otliq askar
kelishini ko‘rib, ularga qo‘rqinchlik tushdi. Tezlikda qaytishib, bu ishdan Qurayshga
xabar berdilar. Alar ersa, o‘z raislaridan Mikraz ibn Hafsni boshchi qilib bir necha kishini
Rasulullohga yubordilar. Bular Batnu Ya’juj degan joyga kelishganda Rasulullohga
yo‘liqib:
Ey Muhammad, kichikligingdan beri shu yoshga yetguncha hech bir xiyonat ishini
sendan ko‘rmagan edik. Endi bu qandoq ishdur, o‘rtamizdagi ahdnomamiz qarshi
ustimizga qurollik askar keltirmishsan? — deyishdi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey Mikraz, Quraysh ustiga qurol ko‘tarib kirmagaymiz. O‘shal sulhnomada qanday
shartlar qo‘yilmish bo‘lsa, albatta, unga rioya qilgaymiz, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh o‘zlari Marri-Zahron manziliga tushib, yaroq-jabduqlar ustiga Avs ibn
Xavloni boshchi qilib ikki yuz kishi qo‘ydilar. Shu bilan har ikki tomon ham bir-birlariga
ishonishib qoldi. Sulhnoma bo‘yicha Quraysh xalqi shaharni bo‘shatib uch kungacha
o‘zlari tashqarida turishlari shart edi. Shunga binoan mushriklar Makkani bo‘shatib,
shahar tashqarisiga chiqishib turdilar. Lekin Islomning shon-shavkatini ko‘rishga ko‘zlari
yo‘q edi. Dushmanlarimiz Baytullohni tavof qilishib yurganlarida, unga qarab turib
qanday chidar ekanmiz, deyishdi.
Shahar bo‘shagani xabari Rasulullohga yetgach, Qasvo nomli tuyalarini minib, butun
sahobalar atroflarini qurshagan holda Makkaga kirdilar. Jilovlarida Abdulloh ibn Ravoha,
oldi-orqalarini o‘ragan askarlar ushbu oyatni qichqirishib o‘qishar edi:
«La ilaha illallohu vahdahu, sadaqo va’dahu va nasaro abdahu va a’azza jundahu va
hazamal ahzoba vahdahu».
Ma’nosi: «Bir Allohdan o‘zga Yaratguvchi yo‘qdur. Va’dasini chinga chiqardi. Quli
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |