www.ziyouz.com kutubxonasi
204
Tolib, ulug‘ sahobalardan bo‘lgan Abu Muso Ash’ariy boshliq yamanlik musulmonlar bilan
o‘n olti kishi Habashistondan kelishdi. Rasululloh Makkada turg‘onlarida sahobalardin
sakson to‘rt kishi Habashistonga hijrat qilmish edilar. Hazrati Ja’far shularning raislari
edi. Ul so‘zga chechan, ulug‘ himmatlik, botir yuraklik kishi bo‘lg‘onlikdan Habashiston
podshosi Najoshiy uni o‘z oldiga chaqirtirib Hazrati Iso alayhissalomdan so‘z so‘raganida
shu haqda kelgan Maryam surasini tilovat qilib berdi. Shunda Najoshiy Islom dinining
haqligini bilgach, Rasulullohni ko‘rmay turib, g‘oyibona iymon keltirmish edi.
Bu muhojirlarning kelganini anglab, Rasululloh alarni qarshi oldilar. Hazrati Ja’farni
quchoqlab ko‘rishib, aning peshonasidan o‘pib turib aytdilarkim:
— Alloh taolo bugungi kunda menga ikki ulug‘ ne’mat ato qilmishdir. U ne’matlarning
qaysi biriga suyungayman? Xaybar shahrining fath bo‘lganigami yoki Ja’farning salomat
kelganigami? — deb shodlik bildirdilar.
Xaybarda tushgan g‘animat mollardan ularga ham nasiba chiqardilar. Mundoq iltifot
boshqalarga hech bo‘lmagan edi. Yana shu kuni Davs qabilasidan Hazrati Abu Hurayra
boshliq sakson kishi musulmon bo‘lishib yordamga kelishgan edi. Ularni ham quruq
qo‘ymadilar. Har qanday sababdan oraga dushmanlik tushar ekan, uning do‘stlikka
aylanishi mumkindur. Ammo hasaddan chiqqan dushmanlik o‘tining o‘chishi hech
mumkin emasdir. Xaybar yahudiylarining yengilishi esa, ularning Rasulullohga
dushmanliklarini yana ham orttirmish edi.
Shuning uchun Rasulullohga ochiqdan-ochiq ziyon yetkazish yo‘lini topolmay,
yashirincha ziyon yetkazishga kirishmish edilar. Muning misoli: Xaybar yahudlari
raislaridan Salom ibn Mushkamning xotini Zaynab zaharlab pishirgan bir qo‘zini
Rasulullohga hadya qilib yubordi. Odatlari ersa kelgan hadyani har kimdan bo‘lsa ham
qabul qilur edilar. Bu qo‘zi go‘shtini bir luqma olib og‘izlariga solgach, uni yutmay darhol
tupurib tashladilar. Chunki Xudo qudrati bilan tavoqdagi go‘shtdan: «YO Rasulalloh,
meni yemang, zaharlik erurman», degan tovush chiqmish edi. Muni ko‘rishib boshqalar
ham bu taomdan qo‘llarini tortdilar. Bular ichida Bishr ibn Baro degan sahoba ul
go‘shtdin bir luqma yeb qo‘ygan edi. Zahar ta’sir qilib, shu onda vafot etdi. Bu voqeani
ko‘rgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar yahudlarini bir yerga yig‘ilishga
buyurdilar. Barchalari yig‘ilishgach:
— Ey Yaxud qavmi, sizlardan so‘raydigan bir so‘zim bordur, unga rosti bilan javob
aytasizlarmi? — dedilar ersa, to‘g‘risini ayturmiz, deb barchalari va’da berdilar.
— Andoq ersa, sizlarning eng katta otanglar kimdur? — dedilar.
O‘z bobolarini yashirishib, boshqa birovni ko‘rsatishdi.
Anda Rasululloh:
— Ey yolg‘onchilar, bobongiz ul emas, balki faloniydur, — dedilar.
Yahudlar yolg‘on aytganlariga o‘zlari iqror bo‘lishdi.
— Ikkinchi ersa, bu taomga nechuk zahar soldinglar? — deb so‘radilar.
Anda yahudlar:
— Agar bu aniq Payg‘ambar bo‘lsa, unga zahar ziyon qilmagay, agar yolg‘onchi bo‘lsa,
uning o‘lgani yaxshidur. Barimiz undan qutulaylik, dedik. Zahar ta’sir qilmagach, endi
bildik, siz Payg‘ambar ekansiz, — dedilar.
Ammo o‘zlari iymon keltirmadilar. Yuqorida aytilgan kishi shu go‘shtni yeb o‘lganlikdan,
uning o‘rniga o‘shal yahudiy xotunni qasos qilmoqqa buyurib, boshlarini kechirdilar.
Nafsning yo‘ldoshi shayton, rostning dushmani yolg‘ondir.
Xaybar voqeasi ustida Madina munofiqlari anchagina yolg‘on xabarlarni tarqatmish
edilar. Ayniqsa bu xabarlar Makkaga yetganida ular uchun bayram oylari yangidan
tug‘ilmish edi. Musulmonlar yahudlardan yengilibdurlar, alarning ulug‘lari o‘ldirilib,
Muhammad o‘zi ersa yahudlar qo‘liga asir tushibdur. Bu yaqin orada uni Makka shahriga
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |