www.ziyouz.com kutubxonasi
100
shundoq qilsunlar. Bular kufr boshliqlari, buzuqlar beklari erurlar bularni tirik
qoldirmagaymiz, so‘ngra boshimizga balo bo‘lur, — dedi.
Ansor sahobalardin Sa’d ibn Mu’oz, Abdulloh ibn Ravoha shu fikrga qo‘shildilar. Anda
Abu Bakr Siddiq:
— Yo Rasululloh, bu asirlar bo‘lsa, o‘z urug‘-aymoqlarimizdur. Alloh taolo sizga zafar
berdi, biz alarni yengib, asir oldik, endi bularni o‘ldirmog‘imizdan tirik qoldirmog‘imiz
yaxshiroqdur. Jon boshiga mol kesib, bulardin fidya olaylik. Bu ishimiz ersa, kelargi
kunlarda biz uchun kuch-quvvat bo‘lg‘uvsidur. Balki asirlar o‘limdan qolsalar, so‘ngi
kunlarda ajab emaskim, hidoyat topgaylar, u chog‘da sizga kuchli yordamchi bo‘lgaylar,
— dedi.
Shundoq bo‘lib, bir-biriga qarshi bo‘lgan ikki fikr o‘rtaga tashlandi. Anda Rasululloh
aytdilar:
— Alloh taolo birovning ko‘nglini yumshoq yaratur, andoq kishining ko‘ngli sutdek oq,
qaymoqdek yumshoq bo‘lur. Yana birovning qo‘nglini toshdin ham qattiqroq qilur. Ey
Abu Bakr, sen o‘tgan payg‘ambarlardan Ibrohim Xalilullohdek ko‘ngling yumshoqdur. Ul
aytmish erdi: «Faman tabianiy fainnahu minniy va man asoniy fainnaka g‘afurur rahim».
Ma’nosi: «Har kim menga itoat qilur ersa, ul kimsa mendin bo‘lur. Agar menga
bo‘yinsunmasdin, qarshilik qilur bo‘lsa, ul chog‘da g‘ofursan, rahimdursan», demakdur.
Ya’ni, unga g‘azab qilmasdin, yozuqlarini yopib, yana rahmat qilur ersang,
erklikdursan», dedi.
Ibrohim alayhissalomning bu aytgan so‘zlariga qaralsa, ul zotning ko‘ngli yumshoqligi,
rahmdilligi ma’lum bo‘lur. Chunki o‘ziga iymon kelturmay, qarshilik qilguvchi kishilarga
ham yomonlikni ravo ko‘rmadilar. Balki yozuqlarini (ya’ni, qilmishlarin) kechirmoqni
Allohdin so‘radilar. So‘ngra Hazrati Umarga qarab:
— Ey Umar, sening bu aytgan so‘zing Nuh payg‘ambar aytgan so‘zidek turur. Ul aytmish
erdi: «Robbi la tazar alal ardi minal kafiriyna dayyoro», ya’ni «Ey Rabbim, yer uzra
kofirlardan hech kishini qo‘ymay halok qil».
Bu so‘zlardan so‘ngra Rasululloh uylariga kirib ketdilar. Maslahat berguvchilarning
so‘zlarini anglab, hech birini rad qilmadilar. Har ikki fikrni to‘g‘ri topgan bo‘lsalar ham,
lekin hazrati Abu Bakr fikriga ko‘ngillari moyil bo‘ldi. So‘ngra sahobalarga qarab:
— Cizlarda faqirlik, kambag‘allik bordur, har kishi o‘z asirini yaxshi saqlasin, alardin fidya
mol olib, so‘ngra bo‘shatgaymiz, — dedilar.
Bu so‘z Qurayshga onglandi. Alar aytdilar:
Biz bu ishga shoshqinlik bilan kirishmaylik, agar asirlarni qaytarish uchun fidya mollarini
ildam yuborur bo‘lsak, Muhammad bundan oziqlanib, bizdin ortiqcha mol so‘rar. O‘lim
ustiga yana mol berib, tovon to‘lamak biz uchun og‘irdir. Shu so‘z bilan bu ishni
kechiktirmoqchi bo‘ldilar, shundoq bo‘lsa ham mushriklardan Muttalib degan kishi bu
so‘zga quloq solmay, yashirincha Madinaga keldi, buning otasi Abu Vido’ asir
tushganlardan edi. To‘rt ming tanga tovon to‘lab, otasini ajratib oldi. Buni ko‘rib,
Quraysh xalqi asirlar uchun orqama-orqa fidya mollarini yuborishga kirishdilar. To‘rt
ming tangadan ming tangagacha tovon tushgan edi. Buni to‘lashga kuchi yetmagan
kishi, agar o‘qish-yozishni yaxshi bilur bo‘lsa, Madina bolalaridan o‘n bolaga o‘qish-
yozishni o‘rgatmoq sharti ila ozod qilindi. Yana asirlardan Abu Sufyon o‘g‘li Amr, otasi
Abu Sufyondan fidya molini yuborishni talab qildi. Otasi mol yuborishga rozi bo‘lmay:
«Muhammadni bolamga va molimga nechuk ega qilurman, qo‘yinglar, tilaganicha
bolamni qo‘lida saqlasin», deb fidya molini yubormadi.
Shu orada Sa’d ibn Nu’mon degan sahoba umra ibodatini qilmoq uchun Makkaga kelgan
edi. Abu Sufyon bundan xabar topib qolib, uni ushlab oldi. «O‘g‘lim Amrni Muhammad
ozod qilmas ersa, men buni qo‘ymasman», deb qamoqqa oldi. Bu voqea Madinaga
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |