www.ziyouz.com
kutubxonasi
35
— Endi bu joydin chiqinglar. Allohga qasamki, man bu aziz mehmonlarimni har vaqt o‘z
himoyatimda saqlayman, turganlaricha adolatim panohida tursinlar, alarni sizlarga
qo‘shib yuborishim menga zulmdur, — deb so‘zini uzdi.
Shundog‘ bo‘lib, Quraysh mushriklaridin kelgan bu ikki vakil xijolatlik bilan ul joydin
chiqdilar. So‘ngra Amr ibn Osning g‘azabi kelib, bu ishga chidolmay: «Bular ustidan bir
so‘z topdim, shuning bilan bularning tub tomirlarini qirqamiz», dedi. Anda ikkinchi
yo‘ldoshi Abdulloh: «Ortiqcha bularga zarar yetkurmakni qasd qilmaylik, hozircha bular
bizga dinda muholif bo‘lsalar ham, o‘z qarindoshlarimizdur», degan edi, Amr ibn Os:
«Yo‘q, albatta, u so‘zni aytishim kerak, musulmonlar Isoni Xudo yaratgan bandadur, deb
e’tiqod qilurlar. Nasorolar bo‘lsa, Iso Xudoning o‘g‘li yoki o‘zi deydurlar. Mana shu so‘z
bo‘lsa, alarning diniga qattiq haqoratdur», dedi. Shuning bilan ertasi kuni ikkovi podshoh
huzuriga kirib:
— Ey podshoh, siz himoyatingizga olgan musulmonlarni chaqirib, so‘rang-chi, alarning
Iso haqida ko‘p yomon buzuq e’tiqodlari bordur, — dedilar.
Buni podshoh eshitib ularni chaqirishga odam yubordi. Bu ishdin sahobalar qattiq
g‘amgin bo‘ldilar. Chunki bu e’tiqod alarning diniga haqorat qilish edi. Musulmonlar bu
haqda maslahat uchun yig‘ilishib, qandoq javob berishlarini muzokara qilishdi. Oxirida
hammalari bir ittifoq bo‘lib: «Qur’oni karimda qandoq aytilgan bo‘lsa, Payg‘ambarimiz bu
to‘g‘rida nima degan bo‘lsalar, o‘sha javobni beramiz», dedilar. Shu yig‘ilganlaricha
podshoh huzuriga kirishdi. Podshoh bularga qarab, Iso haqida qandoq e’tiqod qilishlarini
so‘radi. Anda hazrati Ja’far:
— Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu haqda bizlarga nima aytgan bo‘lsalar,
bizlar ham shuni aytamiz. Iso Xudoning bandasi va uning barhaq payg‘ambari
Ruhillohdurlar. Bu ruh Alloh amri ila Maryamga tashlanib, andin tug‘uldilar, — dedi. Bu
so‘zni eshitgach, Najoshiy podshoh qo‘lini yerga uzatib, qilchalik bir cho‘p olib ko‘rsatdi
va: «Sening aytganingdin Iso shunchalik ham boshqa emas. Uning haqida aytilgan aniq
haq so‘z shudir», dedi. Podshoh shundog‘ deganida atrofida o‘tirgan nasoro olimlari bu
so‘zni yoqtirmasdin o‘zaro g‘udurlashdilar, buni payqab, podshoh: «Har qancha
g‘udurlashsanglar ham, yana haqiqat so‘zi shudur», dedi. So‘ngra sahobalarga qarab:
— Boringlar endi, mening yerimda sizlar mehmonsizlar. Sizlardin bir kishining ozor
topishi, mening oldimdin tog‘dek oltin ketishidin ham og‘irdur. Sizlarga kim ozor bersa,
ul jazolanadi, — deb bu so‘zni uch qayta qaytarib aytdi. — Bu vakillarning keltirgan
hadyalarini o‘zlariga qaytaringlar, qasam ul xudogakim, meni podshoh qilishda mendin
pora olmadi, men nechuk pora olayin, meni to‘g‘rimda hech kimning so‘ziga kirmadi,
uning haqida men endi kimning so‘ziga kiray, — deb to‘xtaldi.
So‘ngra ul ikki vakil bu qilgan makrlariga pushaymon bo‘lib, sharmandalik ila o‘z
yerlariga qaytib ketdilar. Shuning bilan sahobalar Najoshiyning davlatida rohat bilan
yashab turdilar. Endi bu orada yana bir hodisa paydo bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |