www.ziyouz.com
kutubxonasi
77
dedilar. Ikkovlari oxiratlik do‘st bo‘ldilar.
Hazrati Hamza, shahidlar sayyidi, Rasulullohning amakilari erur. Zayd ibn Horisa bilan
din do‘stligi bog‘ladilar. Shuning uchun Uxud tog‘idagi urush oldida hazrati Hamza Zayd
ibn Horisaga vasiyat qilgan edi. Zayd ibn Horisa bo‘lsa, Qur’onda ismlari kelgan,
Rasulullohning boqma bolalaridur. Hazrati Alining og‘asi Ja’fari Tayyor shu kunlarda
Habashistonda bo‘lganlikdin, hazrati Muoz ibn Jabal bilan g‘oyibona diniy birodar
bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq Xorija ibn Zuhayr bilan, Hazrati Umar Itbon ibn Molik
bilan, Hazrati Usmon Avs ibn Sobit bilan, Hazrati Abu Ubayda Sa’d ibn Muoz bilan,
Salmon Forsiy Abu Dardo bilan, Hazrati Bilol muazzin Abdulloh ibn Abdurahmon bilan,
bulardan boshqa ham birmunchalari bor edi, so‘z uzayib ketmasin deb, alarning ismlarini
yozmadik. Payg‘ambarimizning amrlari ila ansor va muhojir sahobalar bir-birlari bilan
diniy birodar, oxiratlik do‘st bo‘lishdilar. Din do‘stligidan chiqqan muhabbat, tug‘ishgan
qarindoshlik muhabbatidin necha barobar kuchlik edi. Chunki ansor sahobalar muhojir
birodarlarini har ishda o‘zlaridan oldin tutdilar. Hech bir narsalarni alardin ayamay,
butun mol-dunyolarini o‘rtaga soldilar. Shundoqki, bu diniy do‘stlik, oxirat birodarligi
bog‘langan so‘ngida Sa’d ibn Rabi’ do‘stlari Abdurahmon ibn Avf oldiga kelib:
— Ey Abdurahmon, mani hamma bilur, Madina ahlining moldor va boyrog‘i mendurman,
qo‘limda borlik molimning teng yarmi seniki bo‘lsin, yana mening nikohimda ikki
xotunim bordur, birini taloq qilgayman, iddasi tamom bo‘lgandin so‘ngra ani xotunlikka
olgaysan, — dedi. Anda birodari Abdurahmon:
— Sening ahli ayollaring, molu jonlaringga Alloh barakot bersun, bu yerning bozorlari
bilan meni tanishtirib qo‘ygil, tijorat kasbi bilan turmush kechirsam yana yaxshiroq
bo‘lur, — deb aning taklifini qabul qilmadi.
Muhojir va ansor sahobalar o‘rtalarida do‘stlik muhabbati shu daraja qattiq bog‘langan
edi. Molu dunyolarini o‘rtaga solishga olimsinmadilar (ya’ni, ko‘ngillari to‘lmadi), ikki
xotunlik ansorlar, birini taloq qilib muhojir do‘stlariga ani taqdim qilish fikrini qildilar.
Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda ansorlarni maqtab, bu oyatni indirdi
(tushirdi):
«Vayu’siruvna ala anfusihim valavkana bihim xasosa», ya’ni: «Ansor sahobalar
muhojirlarni har ishda o‘zlaridin ortiq ko‘rurlar, shundoqqim, ular o‘zlari molga muhtoj
bo‘lib tursalar ham, nafslaridan kechib, mollarini alarga taqsim qilurlar», demakdur.
Chunki Xudo yo‘lida qilinadigan barcha yaxshiliklar ichida eng ulug‘i iysor (hadya)
qilmoqdur. Iysorning ma’nosi shu oyat mazmunida bayon qilingan ishdur. Shu yuqorida
aytilishicha, bu bog‘langan chin do‘stlikda har ikki birodarning birisi muhojir, ikkinchisi
ansoriylardan bo‘lishi shart edi. Ammo Hazrati Ali haqida bu ish bo‘lmadi. Balki
Rasululloh u er yigitning qutlug‘ qo‘lini tutib, «bu mening qardoshim», dedilar.
Payg‘ambarimizning bundoq ulug‘ iltifotlariga uchraganlikdan dunyo va oxirat sharafiga
ega bo‘ldilar. Xudo va uning payg‘ambari Rasululloh oldida bu mardi haqning qanday
ulug‘ martaba topganlari bu ishdan ma’lumdur. Shundoq bo‘lib, har bir muhojir o‘z do‘sti
bo‘lgan ansoriy uyida turar edi. Va bular «meros» oyati tushgunchalik bir-birlariga
merosxo‘r bo‘ldilar. So‘ngra meros hukmi o‘zgarib, hozirgi kundagidek har kimning o‘z
vorislariga tayin topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |