MAKKA SHAHRINING FATHI
Hijratning sakkizinchi yili Ramazon oyining o‘ninchi kuni Makka fathining safariga
chiqdilar. Alloh taolo hayot olamida, bir ishni qilmoqchi bo‘lur ekan, eng avval aning
sabablarini tayyorlag‘usidir. U ishning to‘sqinliklari o‘rtadan ko‘tarilgandan keyin,
albatta, uni vujudga chiqargusidur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shuni bilur edilarkim, Islom dinini butun dunyoga
tarqatmoq uchun avval zamonlardan beri tarqoqlik holda yashab kelgan arab qabilalarini
bir nuqtaga yig‘moq kerakdur. Bu maqsadni amalga oshirish uchun eng avval Quraysh
qabilasini bo‘ysindirmoq lozimdur. Bularning itoatga kelishi Makka shahrining fath
bo‘lishiga bog‘liqdur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘ngillarida bu orzu bo‘lsa ham, o‘tgan Hudaybiya
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
226
sulhi, bu ishga to‘sqinlik qilur edi. U ahdnomada yozilmish shartlar o‘rtadan ko‘tarilmay
turib, Qurayshga urush ochmoq mumkin emas edi. U ahdnoma bo‘yicha qaysi tomonga
qo‘shilishga har kim ixtiyorlik bo‘lgani uchun, Xuzo’a Rasulullohga, Bani Bakr qabilasi
Qurayshga qo‘shilmish edilar. Bu ikki qabila u qo‘shilgan ikki qabila bilan urush-yarashda
bir ittifoq bo‘lishga qattiq ahd-paymon qilishgan edi. Qaysi birlariga boshqalardan hujum
bo‘lur ersa, har ikkoviga bo‘ldi demak edi.
Islom dini kelmasdan ilgariroq Xuzo’a qabilasi bilan Bani Bakr qabilasi oralarida xun
da’vosi bor edi. Bu orada Islom dini da’vosi ko‘tarilib, qabilachilik kabi chakana ishlarni
unutmish edilar.
Hijratning oltinchi yili Hudaybiya sulhi tuzilgandan keyin el ichi tinchlanib, yo‘llar ochilib
erdi, yana arab eski odatlarini qo‘zg‘agali turdilar.
Bani Bakr qabilasi Xuzo’a qabilasidagi eskidan qolgan qon qasosimizni olg‘aymiz deb,
qo‘zg‘olon qildilar. Alarning ittifoqdoshlari Quraysh qabilasi ham bularga yashirin
ravishda askar qo‘shmoqchi bo‘ldi. Hech bir ishdan xabari yo‘q bemalol yotgan Xuzo’a
qabilasini kechalab bosib, alardan yigirmaga yaqin kishini o‘ldirdilar.
Bu voqea sodir bo‘lgach, Rasulullohning ittifoqchilari Xuzo’a qabilasi o‘z raislaridan Amr
ibn Solim qo‘l ostida bir hay’at tashkil qilib, Rasulullohga bu ishdan xabar berdilar.
Hay’at kelmasdan ilgariyoq bu hodisa Xudo tarafidan bildirilgan edi. Onamiz Oyshani bu
sirdan voqif qilib, safar asbobini tayyorlab turmoqqa buyurgan edilar. Oradan uch-to‘rt
kun o‘tar o‘tmas Xuzo’a elchisi Amr ibn Solim yo‘ldoshlari bilan masjid eshigiga kelib
to‘xtadi. Arab odaticha achinarlik, ta’sirlik she’rlar o‘qib, dushmanlaridan ko‘rgan
musibatlarni bayon qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansor va muhojir sahobalar bilan masjidda o‘ltirgan
edilar. Uning o‘qigan she’ridan ta’sirlanib, muborak ko‘zlariga yosh keldi, so‘ngra
aytdilar:
— Ey Xuzo’a xalqi, sizlarga yordam yetkizmakni albatta o‘z ustimga olurman. O‘zimni
dushmandan qandoq saqlar ersam, sizlarni ham shundoq saqlagayman. Alloh oti bilan
qasam qilurmanki, o‘z oilamni himoya qilgandek, sizlarni ham himoya qilurman.
Bu voqea bo‘lgandan keyin Quraysh xalqi bildilarkim, bu qilgan ishlari ochiq xiyonat
bo‘lib, o‘rtada tuzilgan ahdnoma shartlarini buzish demakdir. Ish bo‘lib o‘tgandan keyin
foydasiz o‘kinishlar qilishib, oxirida shunday qarorga to‘xtashdilarkim, bu ishni tuzatmoq
uchun Abu Sufyon Madinaga borib, o‘rtadagi ahdni yangilab, vaqtini yana uzunroq
qilgay. Shu maqsad bilan Abu Sufyon Madinaga kelib o‘z qizi Ummu Habiba uyiga tushdi,
bu ersa Rasululloh nikohiga kirmish edi. Qizi bilan ko‘rishgandan so‘ngra, Rasulullohning
to‘shaklari ustiga o‘ltirmoqchi bo‘ldi. «Bu joyga mushriklar o‘ltirishi loyiq kelmagay», deb
onamiz Ummu Habiba to‘shakni yig‘ib qo‘ydi. So‘ngra onamiz Ummu Habiba Abu Sufyon
u yerdan chiqib, masjidda o‘ltirgan Rasululloh oldilariga kelib o‘z maqsadini gapirdi.
Anda Rasululloh:
— Ahdimiz buzilg‘udek hodisa bo‘ldimi? — deb undan so‘radilar.
Abu Sufyon:
— Andoq ish yo‘qdur, — deb javob berdi.
— Yo‘q ersa, ahdnomani boshqadan tuzmoqning nima hojati bor? — deb so‘zini kesdilar.
Lekin Abu Sufyon shu bo‘lib o‘tgan Xuzo’a voqeasidan xabari yo‘q kishidek bo‘lib, undan
og‘iz ochmadi va Rasulullohga boshqa so‘zlashga ham jur’at qila olmadi. U yerdan turib,
sahobalarning ulug‘lari Hazrati Abu Bakr, Hazrati Umar, Hazrati Usmon, Hazrati Ali va
boshqalar bilan ko‘rishib, o‘z maqsadi uchun ulardan yordam so‘ragan edi, barchalari
Rasululloh bilur, degan javob qaytardilar.
Bir necha kun Madinada turib, hech ish bitira olmay, nochor Makkaga qaytib ketdi. U
borgach, Quraysh xalqi: «Sen Madinaga borib yashirin ravishda musulmon bo‘lib,
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |