www.ziyouz.com
kutubxonasi
18
Endi ruhning shu ko‘rishini tush, deb aytilur. Ruh har qancha yorug‘, musaffo bo‘lsa,
ko‘rgan tushlari shuncha yorug‘, to‘g‘ri chiqar. Misoli bir ko‘zgudirkim, aksni to‘g‘ri
ko‘rsatish uchun uning sayqali safolik, dog‘siz, yuzi silliq, tekis bo‘lishi shartdir. Ko‘rilgan
tushlar rahmoniy va shaytoniy bo‘lib, ikkiga ajraydi. Rahmoniy tushlarning haqiqatligida
hech shak yo‘qdur. Chunki Payg‘ambarimiz aytdilar: «Mendin keyin vahiy kelishi
to‘xtatilib, ilmi g‘oyib eshigi yopilur. Lekin taqvolik, pok kishilarning ko‘rgan tushlari
vahiy namunasi bo‘lib, to‘g‘ri kelur». Ya’ni, rahmoniy tushlar esa g‘oyibiy hodisalarga
ishorat bo‘lur, dedilar. Shuning uchun payg‘ambarlar, avliyolar, taqvolik olimlar, solih,
mo‘min bandalarning ko‘rgan tushlari albatta haqdur. Qur’oni karimda hazrati Yusuf
alayhissalomning yoshligida ko‘rgan tushlarining to‘g‘ri chiqishi bunga ochiq dalildur. Har
odam o‘z umri ichida bir necha to‘g‘ri tushlar ko‘rishi ma’lumdir. Bu haqiqatga hech kim
inkor qilolmas. Demak, Payg‘ambarimiz deganlaridek, vahiy uzilgandin so‘ng, g‘oyibni
bilishga solih kishilar ko‘rgan tushlardin boshqa yo‘l yo‘qdur.
Mana shu g‘oyibdin xabar beruvchi ruh, Almiysoq kunida «Alastu birobbikum» savoliga
«Qoluv balo» javobini bergan shu ruhdur. Alloh taolo almiysoqdagi ahdini shu ruhlardin
olmishdur. Oxirat kunida hisob-kitob berguvchi, jannat-do‘zaxga tushguvchi ana shu
ruhlik insondur. Hammaga ma’lumki, kishi tushida har xil narsalarni, o‘lik-tiriklarni
ko‘rgay. O‘ylab ko‘raylik, ko‘rguvchi, ko‘rinuvchi kimdur? Albatta, shular arvohlardur.
Buni ham bilmak kerakkim, din ishlarida, tabiat usti masalalarida yolg‘izgina aqlga
suyanmay, bu haqda payg‘ambarlar so‘zlarini asos qilib tutishlik har bir musulmon
odamga farzdur. Bu olamning sirlariga hech kim payg‘ambarlardek voqif emasdur. Inson
olamining bilgan narsalari bilmaganlari oldida ulug‘ dengizdin bir tomchi suv misolidadur.
Mo‘minlarga qandog‘ ulug‘ ne’matdurkim, din ishlarida, g‘oyibiy imonlarida alarning
yo‘lboshchilari bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambarlardur. Bu so‘zlarni yozguvchi faqir,
boshdin o‘tgan mehnat kunlarimda bir necha ko‘rgan tushlarim bordurkim, ul tushlarim
esa eng og‘ir ahvolda yotgan kunlarimda Alloh taolo tarafidin bu osiy quliga qilgan
iltifotlaridin ulug‘ bir ishorat edi. Yana asli so‘zimizga kelaylik. Payg‘ambarimizga bu tush
ko‘rish davri olti oy miqdori davom etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |