www.ziyouz.com
кутубхонаси
23
Saltikov-Shchedrin nomli xalq kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida chamasi o‘ntacha
jildda (papkada) yirtiq-sirtiq qog‘ozlar saqlanadi. Ular turli kitoblardan tushib qolgan alohida varaqlar,
bir qismi yirtilgan turli hujjatlardir. Ular shu tufayli ilmiy inventar hisobiga kiritilgan.
Sharqshunoslarning ba’zilari bu papkalarga hazil tariqasida “turfa qog‘ozlar papkalari” deb nom qo‘yib
olganlar, shunisi qiziqki, asosiy jamg‘arma materiallarida topilmagan ayrim faktlar va ma’lumotlar
ayni ushbu papkalardan chiqib qoladi. Shu tufayli sharqshunoslar o‘z ishlari jarayonida, albatta, ularni
ham ko‘zdan kechirib qo‘yadilar. Men ham shu papkalarni titib o‘tirib, Qo‘qon xonlaridan bo‘lmish
Norbo‘tabekning bosh vaziri Xonxo‘ja tomonidan Marg‘ilon viloyati Toshloq deparasidagi G’orbuvo
qishlog‘i yaqinida joylashgan Xoja Pirmuhammad Qalandar mozoriga berilgan vaqf mulki haqidagi
“Vaqfnoma” deb nomlanadigan hujjatning bir parchasini topib oldim. Hujjat chamamda to‘rt
buklangan holatda qaerlardadir uzoq saqlangan. Vaqt o‘tishi bilan buklov chizig‘idan yirtilib, mazkur
papkaga uning to‘rtdan bir qismigina tushib qolgan. Qalandarlik sohasi mening ilmiy ishimga yaqin
bo‘lganligi uchun bu qalandarning shaxsi haqida ma’lumot izladim. Aynalib-o‘rgilib, kichik, uzuk-
yuluq ma’lumotni yana shu papkalarning biridan topdim. Ma’lumki, Turkiston va Eronda avliyolar,
zohidlar, obidlar, shayxlar va qalandar-darveshlar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan umumiy nomi
“Tazkirat ul avliyo” bo‘lgan asarlar (avliyolar haqida yodnomalar) yaratilgan. Bu asarlarning ayrim
varaqlari ham mazkur parishon qog‘ozlar papkasiga tushgan ekan. Ushbu varaqlarning birida Xoja
Pirmuhammad Qalandar shaxsi haqida kichik bir ma’lumot bor ekan. Ma’lum bo‘lishicha, Xoja
Pirmuhammad XVIII asrning birinchi yarmida Farg‘onada yashab o‘tgan bo‘lib, “Qodiriya” sulukiga
mansub zot ekan. Garchi u yoshligiga qaramay, ilmda, tariqatda shayxlik darajasiga yetishib qolgan
bo‘lsada, qalandarlik jubbasini tashlamagan ekan. U XVIII asrning qirqinchi yillarida qalmoq
bosqinchilari bilan bo‘lgan janglarda asir olinib, qatl qilingan ekan. Bu qalandar shaxsi haqida boshqa
hech narsa topa olmadim.
Bu borada so‘z ochishimdan maqsad shu ediki, siz rahbar odamsiz. Xizmat yuzasidan vodiyda ko‘p
yursangiz kerak. Shu ulug‘ odam (agar shunchalik ulug‘ bo‘lmaganda, xonning vaziri uning qabriga
g‘amxo‘rlik qilarmidi?) haqida xoh yozma, xoh og‘zaki ma’lumot qo‘lingizga tushib qolsa, menga bir
nusxa jo‘natishingizni iltimos qilgan bo‘lar edim. Xayolimdan ko‘tarilmasligi uchun qalandarning
nomini bir parcha qog‘ozga yozib berdi.
Leningraddan qaytgach, taqdir meni Qo‘qonning katta qabristonidagi xonaqohlardan birida
istiqomat qilib turgan Haydarquli Qalandar bilan uchrashtirmaguncha Lyudmila Borisovnaning
iltimosini qoniqtiradigan biror bir ma’lumot topishni nasib etmadi. U kishi xaqida menga do‘stlarim
darak berib – “qalandarlar tarixini hech kim Haydarquli buvodan ko‘p bilmasa kerak” – dedilar.
Darhaqiqat, Haydarquli Qalandar tasavvuf tarixini, qalandarlar hayotining katta bilimdoni ekan. Bir
umr qalandarlik qilib, 1960 yillarda faoliyatning bu turi taqiqlangach, qabristondan nonini topib yeb
yurgan. Shu kishini uyga olib borib, mehmon qilgach, Xoja Pirmuhammad Qalandar shaxsi, u kishi
dafn etilgan G’orbuvo mozori haqida so‘radim. U kishi menga butun bir afsona so‘zlab berdiki,
kitobimiz mavzusi G’orbuvo emas, milliy-ozodlik harakati bo‘lganligi tufayli, uning qisqa
bayoninigina keltirib o‘tishga to‘g‘ri keldi.
Xalq og‘zaki ijodi antiqa bir ro‘yo: unda afsona, ilohiy kuch, sehr aralashmagan birorta syujet
topish qiyin. Shu tariqa, G’orbuvo rivoyati ham afsonaviy unsurlardan holi emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |