www.ziyouz.com
kutubxonasi
37
Kuyovini o‘limga hukm qilganida diydasi qattiq edi. Uning qat’iy fikricha, Elchinga
bundan bo‘lak mukofot bo‘lishi mumkin emas edi. U «Elchinning yuragi ko‘pdan beri bir-
ikki o‘qni sog‘inib qolgan», deb o‘ylardi. Aslida Elchinning yuragi Zaynab o‘g‘irlangan
kunlariyoq qo‘rg‘oshin o‘qlarni yutib, tepishdan to‘xtashi lozim edi. Zaynabning keyingi
taqdiri, sharmandalik chodiriga o‘ralishining sababchisi ham Asadbek nazarida Elchin edi.
Asadbekning qo‘lqop kiyib olganiga Elchin ajablangandi. Holbuki, qo‘l sovqotadigan
darajada ayoz tushmagan edi. Elchin to‘pponchada barmoq izlari qolmasligi uchun
qo‘lqop kiyilganini, to‘pponchada Hosilboyvachchaning qotili emas, balki o‘zining barmoq
izlari qolajagini qaerdan bilsin? Hosilboyvachchaga o‘q uzgan to‘pponcha Elchinda,
Shomilniki esa Hosilboyvachcha qo‘lida bo‘lgach, milisa chaqirilishi mo‘ljallangan edi.
Ana o‘shanda milisa bir-birini «o‘ldirgan» ikki nodon «Ish»i bilan shug‘ullana boshlardi.
Rejadagi ish nihoyasiga yetay deganida Elchin ingrab yotibdi, joni qattiq ekan, o‘lmabdi.
Bu xatoni tuzatish oson — bir imo qilsa bas, Chuvrindi o‘q uzadi. Lekin... imo qilishga
jur’at eta olmadi. Ko‘z oldida parishon Zaynab ko‘rindi. Qulog‘i ostida uning «otmang!»
degan hayqirig‘i eshitilganday bo‘ldi. Bir soniyaning o‘zida, Elchining hayoti qilga osilib
turgan nafasda Asadbek o‘zi kutmagan holga tushdi. Uning ro‘parasida, parishon
Zaynabning yonida Elchinni otilajak o‘qdan himoya qilganday onasi, so‘ng... xastalikdan
ozib ketgan kichkina Samandar ko‘rindi. Asadbek bu holatini keyinchalik ham ko‘p
o‘yladi. Onasining ko‘ziga ko‘ringanini tushunish mumkin. Onasining ruhi nabirasi
Zaynabning taqdirini o‘ylab nabira kuyovning hayotini saqlab qolmoq uchun bezovta
bo‘lgandir? Samandar-chi? Go‘dak ukasining ruhi nechun bezovtalandi? Bu savolga
Asadbek keyinroq javob topishga harakat qiladi.
Ayni damda Chuvrindi izn kutib, hojasiga tikiladi. Asadbek esa ko‘ziga ko‘rinayotgan
yaqinlari oldida ojiz.
Payg‘ambar afandimiz (sallallohu alayhi vasallam) namoz so‘ngida o‘ng tomonga salom
berib, chap tomonga salom berishga ulguramanmi, yo‘qmi, Xudo biladi, degan ekanlar.
Kishi olgan nafasini chiqara oladimi yo u nafas bilan joni qo‘shilib chiqadimi — bilmaydi.
Bilmagani holda xuddi dunyoda mangu qoladiganday mag‘rur yuradi. Qorni bir kosa
ovqatga to‘ygani holda doshqozonda to‘la osh bo‘lmog‘ini istaydi. Shu uchun kurashadi,
yon-atrofidagilarni bosib-yanchadi. Suyagini qizg‘anib irillagan itdan kuladi, o‘zi esa
faqatgina irillab qo‘ya qolmaydi, g‘anim deb bilgani birodariga tashlanadi, kekirdagidan
oladi. Umri davomida bu dunyoning hoyu-havaslari deb necha odamning ruhini
majaqlaydi. G‘ofil banda... o‘zicha oltmishmi yo to‘qson yilmi umr ko‘radiganday kerilib
yuradi. Holbuki uning umri birgina im qoqish bilan uzilishi mumkin. Mana, hozir Asadbek
birgina imlasa tepki bosiladi, o‘q ko‘z ilg‘amas tezlikda olovli iz qoldiradi-yu, Elchinning
issiq qalbidan makon topadi. Tamom-vassalom.
Chuvrindi hojasidan izn kutadi. U nodon banda «otarchining hayoti begimning qo‘lida»,
deb o‘ylaydi. U bilmaydiki, olam tig‘i joyidan qo‘zg‘olgan taqdirda ham Xudo xohlamasa,
biron tomirni ham qirqolmas. Bu onda Yaratgan taqdir yozug‘iga xiyonat qilmadi — im
qoqilmadi, tepki bosilmadi, o‘q o‘zining sovuq makonida qoldi.
Asadbek bir zumgina ko‘zlarini yumdi-yu, temir tirnoqlar hukmidagi qalb azobidan
ingrab yubordi. So‘ng Elchin qo‘lidan to‘pponchani oldi-da qasos o‘tining zabtidanmi yo
kuyovini o‘limga hukm etishga jur’ati yetishmagani alamidanmi, ko‘zlarni mo‘ljalga
olishni ham unutib, barcha o‘qlarni jonsiz jasadga qadadi. Chuvrindi hojasini shu
paytgacha bu ahvolda ko‘rmagan edi. Shu sababli uning vajohatidan bir oz cho‘chidi.
Asadbek bir necha nafas harakatsiz turgach, burilib, uy tomon yura boshladi. U endi
yaqindagina mag‘rur qadamlar bilan uydan chiqqan Asadbek emas, o‘lim to‘shagi sari
borayotgan xasta odam ko‘rinishida edi. Uch-to‘rt qadam bosgach, u to‘xtab, o‘girildi:
— Do‘xtirga olib bor.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |