www.ziyouz.com
kutubxonasi
199
— Qaysi masala menga tegishli, tushuntirib qo‘y, bo‘lmasa?
— Jirillama! Hamma narsaga burningni tiqaverma!
Kesakpolvonning alam dengizi to‘lib toshdi. Orani ochiq qilib olish fursati yetganini his
qilib, Chuvrindiga qaradi-da:
— Sen chiqib tur, akang bilan gaplashib olay, — dedi.
Chuvrindi «Chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Hojasi indamagach, o‘rnidan turib,
chiqdi.
— Og‘ayni, juda bunchalik emas-da! Keyingi paytda itning keyingi oyog‘iday xor qilib
tashlading-ku?
Asadbek «qani, gapiraver-chi», deb indamadi.
— Nuqul Mahmud bilan maslahatlashasan, pichirlashasan. Nima, men shunchalik
ahmoqmanmi?
— Sen hovliqasan, kalta o‘ylaysan...
— Shunaqa deb yurib, uni taltaytirding. Hozir sening o‘rningni mo‘ljallayotgan bo‘lsa
nima deysan? Ayniqsa kasaling boshlanganidan beri o‘zini hokimday tutadi. Sen o‘zing
bilan o‘zing bo‘lib, sezmaysan.
— Axlat titadigan odat chiqaribsanmi? Gap ekan, deb vaqillayverasanmi?
— Asad, shu paytgacha emaklasak ham birga emakladik, yugursak ham birga yugurdik,
yiqilsak ham birga yiqildik, tursak — birga turdik. Endi nima uchun meni chetlatasan?
— Chetlatayotganim yo‘q. Ishdagi suyanchig‘im sensan. Faqat hovliqmaroqsan. Hozirgi
zamon hovliqmalikni ko‘tarmaydi.
— Suyanganing uchun rahmat. Sen Mahmudni aqlli, deyapsan. To‘g‘ri aqlli. Mening unga
xusumatim yo‘q. Esingda bo‘lsa, uni o‘zim topganman. O‘zim tarbiya qilganman. Lekin
hamma masalalarda unga to‘liq ishonishing yaxshimas. Senga misol aytaymi? Hosilning
Krasnoyardagi yigitlarini kim kutib olishi, kim ular bilan gaplashish kerak edi?
— Ular kelishdimi?
— «Kelishdimi?» deysan-a? Zaynabdan so‘ra-chi, qanaqa kelishganini aytib beradi.
Bu gapni eshitgan Asadbek xavotirlanib, o‘rnida bir qo‘zg‘olib oldi.
— Nima bo‘ldi?
— Zaynabning uyini poylashayotgan ekan.
— Nimaga?
— Kozlov shu yerga ham kelishi mumkinmish. Ha, men bunaqa gaplarga ishonadigan
ahmoqmasman. Hammasini qo‘lga oldim. Bola-chaqasi garovda. Bu yog‘iga sen nima
desang, shu.
— Kozlovni topishmabdimi?
— Shunaqaga o‘xshaydi. Eng muhimi — Jamshid ham ular bilan Krasnoyarda birga
bo‘lgan. Mahmud nima uchundir buni aytmadi. Unutdimi? Yo‘-o‘q, unutgani yo‘q. Sen
gapirayotganda ko‘zlariga qaramading, a? Qarashing kerak edi. Gapirayotganda bizga
qarashga botinmadi. Bir ish qilmaysanmi? Xongireyga telepon qil. Mahmud nimanidir
yashirdi. Agar men adashsam, mayli, basharamga tupur.
Asadbek so‘nggi gapni eshitib unga yalt etib qaradi. «Basharamga tupur»... Bu gap eski
yarani bir tirnab o‘tdi. Asadbek «xalq dushmani»ning o‘g‘liga nafrat izhor qilinishini hali
unutgani yo‘q. Tunovinda Jalil og‘aynilar bilan bordi-keldi qilmaysan, deganida ham bu
holat esiga tushgan, basharamga tupurgan bolalar bilan qanday qilib yaxshi munosabat
o‘rnata olaman, deyishga og‘iz juftlagan ham edi. Jalilga bularni gapirish befoyda ekanini
bilib, indamay qo‘ya qoluvdi. Hozir o‘sha tupurganlardan faqat Kesakpolvon bilan birga.
Lekin bu Kesakpolvonni o‘sha ishi uchun kechirdi, degan gap emas. Kesakpolvonning
tupurish holati o‘qtin-o‘qtin yodiga tushib, dilini ezadi. G‘oyibona bir ovoz «qachondir
bundan o‘ch olasan», deb da’vat etardi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |