www.ziyouz.com kutubxonasi
166
bo‘ladi, pinhoniy yurtchalarning bu ishlari ham pinhoniy kechadi. Katta mamlakat
rahbari boshqa mamlakatga borishdan avval o‘nlab, balki yuzlab mutaxassislar o‘zaro
uchrashib, ko‘riladigan masalani tayyorlaydilar. Xuddi shu kabi Chuvrindining yigitlari
ham bu yerga uch kun avval kelishgan, Bek akalarini lozim darajada kutib olish
tadorigini ko‘rishgan. Shubhasizki, Jalil bundan bexabar, shu bois ham taksiga tushish
istagini bildirgan edi.
Yo‘lovchilarning aksari jomadonlarini olmoq uchun yukxonaga qarab yurdilar. Ular esa
tayyoragohning keng zaliga burilib, yo‘lni tashqari maydon sari oldilar. Chuvrindi bu
yerga avval ham bir-ikki kelgani uchun qayoqqa yurishni yaxshi bilardi. Zalni kesib o‘tib,
ko‘chaga chiqay deyishganda ust-boshi uringan, ko‘zlari hadik bilan olazarak boquvchi
askar yigit Jalilga yaqinlashib, o‘zbekchalab salom berdi.
— Ha, ukam, xizmatlar qalay? — dedi Jalil, salomga alik olgach.
— Juda zarur gapim bor, — dedi yigit, atrofiga alanglab olib.
Jalil to‘xtadi-da, «nima gap?» deganday orqasiga o‘girilgan Chuvrindiga:
— Hozir orqalaringdan yetib olaman, — dedi.
— Ko‘chada turamiz, hayallamang, — dedi Chuvrindi.
— Ha, ukam, pul-muling tugab qoldimi? — deb so‘radi Jalil yigitdan.
— Juda zarur gap bor, yuring, yo‘q demang, iltimos. Do‘ppingizni ko‘rib, Hizir buvani
ko‘rganday quvonib keldim oldingizga, — yigit shunday deb yo‘l boshladi.
Jalil: «Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku, bola paqirning ishi chatoqqa o‘xshaydi», deb unga
ergashdi. Askar yigit yo‘l osti yo‘lagi orqali yurib yuk saqlanadigan xona ortiga o‘tdi.
Nimqorong‘i burchakda yana ikki askar yigit o‘tirardi. Ular o‘rinlaridan turib salom
berishdi. Ularning zaif, titroq ovozlari ahvollari nochor ekanidan dalolat berardi.
— Senlarga nima bo‘ldi, nimaga bu yerda biqinib o‘tiribsanlar? — dedi Jalil ajablanib.
— Ikki kundan beri shu yerdamiz. Ochmiz. Uyga ketolmayapmiz.
— Nima balo, qochdilaringmi?
— Qochdik... Boshqa iloj qolmadi. Qochmasak o‘lardik.
— Nega?
— Farg‘onada o‘zbeklar turklarni qirgan ekan. Shundan beri «uzbek basmach» deb bizga
kun berishmaydi. Turtkilashadi, urishadi, «vahshiy itsanlar» deb haqorat qilishadi.
— Komandirlaringga aytmaysanlarmi?
— Aytdik. «Qo‘limizdan hech nima kelmaydi» deyishdi. Qo‘shni qismda bir bolani urib
o‘ldirishdi. Uch kun oldin bizni yomon urishdi. Anavi og‘aynimning ko‘kragiga tepishibdi.
Qovurg‘asi singanga o‘xshaydi. Og‘rig‘iga chiday olmayapti.
Yigit shu so‘zlarni aytib, umidvor ko‘zlari bilan tikildi.
— Bizni tashlab ketmang, amaki, yordam bering, — dedi ko‘kragini ushlab o‘tirgan askar
zaif ovozda.
— Gapingni qara, ukam, senlarni tashlab qayoqqa ketaman. To‘xta, nima qilishni o‘ylab
olay.
O‘ylagani bilan tayinli fikrga kelolmadi.
— Patrulning qo‘liga tushsak, hammamiz ketamiz, — dedi boyagi zorli ovoz.
— Yig‘lama, ukam, har qanday sharoitda ham yig‘lama, sen erkaksan, erkakka o‘xshab
gapir. Endi gap shu: qimirlamay turlaring. Sheriklarim bilan maslahatlashib kelaman.
— Kechadan beri ikki kishi shunday deb ketdi, — dedi boshlab kelgan yigit.
— Menga qara, ukam, men unaqalardan emasman. Do‘ppimni ko‘rib ishonib keldingmi,
endi shu ishonchingda tur.
Jalil shunday deb tez-tez yurganicha iziga qaytdi.
Ko‘chada Asadbek bilan Chuvrindi kulrang kostyum kiygan, qizil galstuk taqqan,
ko‘rinishi kibor, qirq yoshlardagi bir odam bilan gaplashib turardilar. Jalil yaqinlashishi
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |