www.ziyouz.com kutubxonasi
164
— Men o‘tgan yili aeroportda tirikchilik qildim. Bilet olib-sotdim. Kassir qiz bilan chiqishib
qolgan edim. Menga uydan pul kelmaydi, aravamni o‘zim tortishim kerak. Besh-o‘n so‘m
ishlab turuvdim. Bir yigit «bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat» dedi. Aeroport kimga
qarashini bilasiz, a? Men ham o‘shanda bildim. Agar o‘zbek kelib «bu joyga burningni
suqma» desa, Xudo ursin, boshqa qadam bosmasdim. Unga bo‘sh kelishni istamadim.
Yana ogohlantirdi. Uchinchi marta to‘rt kishi bo‘lib kelib urmoqchi bo‘ldi. To‘rttalasining
jag‘ini yorib, keyin oyog‘imni uzdim. Bu qanaqasi, Bek aka, o‘zbek o‘z yurtida o‘z rizqini
terib yura olmasa? Sizlar bilib turib nimaga indamaysiz? Siz uning yurtiga borib shunday
xo‘jayinlik qila olasizmi? Bir kun... yo‘q, bir soat ham qo‘yishmaydi.
— Bo‘ldi, tushundim maqsadingga. Har ishning vaqti-soati bor. Hozir ular bilan
olishishning vaqti emas. To‘g‘ri, urinsak, ularga bemalol kuchimiz yetadi, lekin ularni
suyab turgan tog‘ bor. Buni o‘zing keyinroq tushunib olasan.
Asadbek gap tamom, degan ishora qilgach, Halimjon chiqdi.
2
Asadbek Krasnoyarga nima maqsadda ketayotganini aytgach, Jalil «men ham boraman»
deb qoldi. Aslida Asadbek uni mazkur safarga taklif etmoq uchun uyiga borgan,
«to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytsam, bobillab bermasin», deb gapni uzoqdan boshlagan edi.
Tayyora yerdan ko‘tarilgach, uning birga ketayotganidan quvondi. Harholda, bu safar
bolalik xotiralari bilan bog‘liq. Bolalik xotiralari Jalilsiz to‘kis bo‘larkanmi? Jalil ham,
Asadbekning o‘zi ham otasini yaxshi eslashmaydi. Urushga ketayotganida go‘dak edilar.
Qaytgach esa, uzoq vaqt birga bo‘la olmadi. Diydoriga to‘ymay yana ayirdilar.
Otasi o‘lmagan kim bor... deganlaridek, hamma ham qachondir yetim qoladi. Ammo ota
diydoriga to‘ymay yetim qolishning armoni bo‘lakcha. Ota qabrining bo‘lmasligi yana
yomon... Nihoyat bir yomonlik chekinganday bo‘ldi. Uzoq yerlarda bo‘lsa ham qabr
mavjud ekan. Asadbek shunga shukr qilib boradi.
Tayyora bekasi yo‘lovchilarni shirin suv bilan siylagach, Jalil cho‘ntagidan qog‘oz
chiqardi-da, pichirlab o‘qiy boshladi. Asadbek uning qayta-qayta o‘qishidan nimanidir
yod olayotganini fahmladi. Hozir u suhbatlashib ketishni istayotgan edi. Shu bois
Jalilning bu tarzda o‘tirishiga uzoq toqat qilolmadi:
— Nima o‘qiyapsan?
— Janoza duosini yodlayapman, — dedi Jalil, qog‘ozdan ko‘z uzmay.
— Shu paytda yodlaging kelib qoldimi?
— Yetgunimizcha yodlab olishim kerak. Adangga janoza o‘qiymiz. Domladan so‘radim,
keyin o‘qisa ham bo‘larkan. Hoynahoy sen qabrga gul qo‘yarsan, musulmonchilikka
sening aqling yetmaydi.
Chindan ham aqli yetmadi. Buni o‘ylab ham ko‘rmabdi. Murdani ko‘chirishni istabdi-yu,
bu xayoliga kelmabdi. Murdani ko‘chirish ham orzuligicha qoldi. Chuvrindi Sobitxon
qoriga uchrab, maslahat solganida u qat’iy ravishda «bezovta qilmanglar» dedi. Agar
Sobitxon qori «ko‘chirib ko‘minglar» deb fatvo berganida Chuvrindi ham otasining
jasadini qabristonga ko‘chirmoqchi edi. Qoridan qat’iy rad javobini olgach, o‘z dardini
dasturxon qilib o‘tirmadi. Hozir ikki do‘stning qisqa suhbatini eshitib, yana o‘z otasini
esladi. U «men ham janoza o‘qitib qo‘ysam bo‘larkan», deb o‘yladi-yu, buvisining:«Kuta-
kuta to‘rtinchi yili bolamga aza ochdik, bobong masjidga chiqib yo‘q o‘likka janoza
o‘qittirdi», degan gaplari yodiga tushdi.
«Janozani-ku, kech bo‘lsa ham o‘qitishgan-a, ko‘mish-chi? Kafanlab ko‘mishganmikin?
Yo qo‘rquvda, shoshilinchda ikki buklab ko‘mib qo‘ya qolishganmikin?» Shu fikr xayoliga
keldi-yu, onasidan, tog‘asidan, uning otasidan yanada battar nafratlandi. «Bek akam bir
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |