www.ziyouz.com kutubxonasi
216
— He, noshud. — Asadbek shunday deyishga dediyu ketidan o‘zicha «men aytmagan
bo‘lsam, qaerdan bilsin», deb uni oqlab ham qo‘ydi.
Jamshid Zaynabnikiga ketdi, deganda dastlab ko‘ngliga xavotir oralagan edi. Hozir
kuyovi yo‘qligini eslaganida birdaniga shubha uyg‘ondi. Xotiniga boshqa gap aytmay,
uyiga kirib, telefon go‘shagini ko‘tardi-da, raqam terdi. Narigi tomondan anchagacha
javob bo‘lmadi. Go‘shakda eshitilayotgan uzun du-dudlash uni dam xavotir, dam shubha
chohi sari tortardi. Nihoyat, javob bo‘ldi. Qizi yig‘lamsirab, ozgina zarda bilan «Ha» dedi.
Asadbek gapirmay turaverdi.
— Ha, gapiring! — dedi Zaynab zarda bilan. Keyin go‘shak qo‘yildi.
Asadbek yana raqam terdi. Yana shu hol takrorlandi. U qiziga nima deyishni, shu topda
nima qilishni bilmasdi. Miyasi qizib uni fikrlash quvvatidan mahrum etgan edi. U qayta-
qayta raqam teraverdi. Beshinchi yo oltinchi martasida go‘shakni Jamshid oldi! Shundan
keyingina Asadbek xayolini jamladi. Shoshilib hovliga chiqdi-da, sigaret chekib turgan
Chuvrindiga qisqagina buyruq berdi:
— Ketdik!
Chuvrindi qayoqqa, deb so‘ramadi.
Jamshidning mashinasini Elchinning uyi oldida emas, tor ko‘cha burilishida ko‘rgan
Asadbek ajablanib «To‘xta», dedi. Pastga tushib mashina atrofida bir aylanib chiqdi-da,
Chuvrindiga «Sen shu yerda tur», deb, o‘zi kuyovining uyi tomon yurdi.
Ko‘cha eshik qiya ochiq edi. Asadbek xuddi o‘g‘ridek ichkariga bosh suqib chiroq nuri
tushib turgan derazaga qaradi-da, o‘zidan o‘zi uyaldi. Yoshlik kezlari Kesakpolvon bilan
birga o‘g‘rilikka borgudek bo‘lsa ham bunaqa ishlarni Asadbek sira uddalay olmas edi.
Hozir uni tashqaridan kuzatgan kishi o‘g‘rilik olamida atak-chechak qilayotgan bola
bo‘lsa kerak, deb o‘ylashi mumkin edi.
Ko‘nglida dastlab uyg‘ongan xavotir endi yo‘qolgan, aksincha shubha kuchga kirib
sharmandalik sirtmog‘i bilan bo‘ynini bo‘g‘a boshlagan edi. Qizi yo‘qolganida, so‘ng
topilganida, so‘ng homiladorligi oshkor bo‘lganida sharmandalik olovi uni kuydirmagan
edi. U damda ko‘proq o‘zini ayblagan edi. Qizining yuzini shuvit qilmaslik uchun shu
otarchini kuyov qilib edi. Shu masalada yanglishdimi? Qizi shunchalik... Bu fikrning
o‘ziyoq yuragini muzlatib qo‘yganday bo‘ldi.
Shubhaga bandi bo‘lgan holda iziga qaytishni istamadi. U o‘zini majburlab, hovliga kirdi.
«Yomon niyati bo‘lsa eshikni ochiq qoldirarmidi?» degan fikr ko‘ngliga sal yorug‘lik olib
kirmoqchi bo‘lganida «esidan chiqqandir...» degan gumon yana qora chodirga o‘radi.
Asadbek asta yurib kelib derazaga yaqinlashdi. Bo‘y cho‘zib ichkariga qarashga yuragi
dov bermadi. Ichkaridan dam Zaynabning, dam Jamshidning ovozi kelib turar,
qo‘shqavat deraza oynaklari ichkaridagi gaplarni o‘g‘ri mushukday poylab turgan odam
qulog‘iga yetishiga yo‘l bermas edi. Deraza qiya ochiq bo‘lganida balki olam guliston edi.
Asadbek bo‘y cho‘zib mo‘ralamas, o‘zicha bir xulosaga kelib, mash’um hukmni
chiqarmas edi.
U derazadan mo‘ralagan onda Jamshid o‘rnidan turdi. Zaynab esa uning bo‘yniga
osildi... Asadbek bu manzaraga qarab tura olmadi. U avvaliga bostirib kirmoqchi ham
bo‘ldi. Ammo o‘z qizining sharmandaligini fosh etish uning uchun og‘ir edi. U
sharmandalik yukini yelkasiga ortib, hovliga qanday sharpasiz kirgan bo‘lsa, shunday
chiqdi. Eshik og‘zidan darrov uzoqlasha olmadi. Besh-o‘n qadamni yurak to‘lg‘og‘ida
bosdi. So‘ng bir qarorga kelib, tez-tez yurib ketdi.
Chuvrindi tor ko‘chadan ko‘z uzmay turgan edi. Asadbekning asta ichkari kirgani, bir
necha daqiqadan so‘ng chiqib, og‘ir qadamlar bilan yurganini ham ko‘rdi. Bek akasi
qadamini tezlatgach, mashina motorini o‘t oldirib, yurishga tayyor bo‘lib turdi. Asadbek
mashinaga o‘tirishi bilan «uyga» deb buyruq berdi. Chuvrindi noxush voqea yuz
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |