www.ziyouz.com kutubxonasi
181
— Tojimullaevning sal toblari yo‘q shekilli. Kecha telefon qilib, uzrlarini aytuvdilar.
Bugun ham ko‘rinmadilar. Uylaridan so‘rab ko‘raymi?
— Ha. Iloji bo‘lsa, bir kelib ketsinlar, — Zohid shunday deb go‘shakni joyiga qo‘ydi.
— Uyiga borish kerak, — dedi Soliev.
— Hozir, bilaylik-chi? Rostdan tobi qochganmi yo ayyor kasalmikin?
— Kasal bo‘lsa mayli-ya, u ham «chet elga» jo‘nab qolmaganmikin?
Shu payt telefon jiringlab, ularning tusmolli suhbatlarini uzdi. Telefon go‘shagidan
Boshliqning xavotirli ovozi eshitildi:
— Uyda yo‘q, kecha «safarga ketdim», deb chiqqan ekan.
— Hozir yetib boramiz. — Zohid go‘shakni joyiga qo‘ydiyu Solievga savol nazari bilan
qaradi.
Sarosimaga tushgan Boshliq xonasiga sig‘may, ularni ko‘chada betoqat bo‘lib kutardi. U
salom-alikni ham unutib, yangi xabar bilan qarshiladi:
— Kecha ertalab ishga kelganini farrosh ko‘rgan ekan. Unga ham safarga ketyapman,
debdi.
O‘rinbosarning qabulxonasida yoshi yetmishlarga borib qolgan ozg‘in kampir o‘tirgan edi.
Soliev uning yonidagi bo‘sh stulga o‘tirdi. Zohid deraza tomonga o‘tdi.
— Tojimullaevni soat nechalarda ko‘rdingiz?
— Sekkiz bulmag‘on edi. Min ubirat etib yurg‘on edim. Kelib, Ani, chiqib turing‘iz,
dedilar. Chiqib turdim.
— Menga soat yetti yarimda qo‘ng‘iroq qilib, tobim yo‘q, devdi...
Soliev Boshliqning luqmasiga e’tibor bermay farrosh bilan suhbatini davom ettirdi:
— Ko‘rinishi qanday edi?
— Normalniy edi.
— Bir narsadan jahli chiqqani sezilmadimi yo shoshib turganmidi?
Kampir biroz o‘ylandi.
— Nemnojko nervnichat etti. Minga «Salom, Ani», dedi, i vsyo. A to, yaxshi surashar
edi. Zdrovyamni, semyamni surar edi.
— Ichkarida nima qildi? Masalan, temir javonni ochib-yopgani sizga eshitilmadimi?
— Yo‘q, hich narsa ishitmadim. No‘, chig‘ib ketg‘onlaridan sungra qarasam, seyfda
kluchlari turibdi. Min udivlyatsya ettim. Kluchni olib, ustollariga spryatat ettim.
— Qaerga, ko‘rsating.
Kampir turib, yozuv ustoliga aylanib o‘tib, pastdagi tortmaga qo‘l yubormoqchi
bo‘lganida, mayor uni to‘xtatdi:
— Ani, bo‘ldi, qo‘l urmang. Tojimullaev qaysi shaharga ketayotganini aytmadimi?
— Vrode Buxara dedi.
Mayor Soliev Zohidga savol nazari bilan qaradi. Zohid uning nima demoqchi bo‘lganini
anglab, Boshliqqa imlab qo‘yib, qabulxonaga chiqdi-da:
— Telefoningizdan foydalansam maylimi? — deb so‘radi.
Sarosimasi bosilmagan Boshliqqa bu iltimos ulug‘ bir lutf bo‘lib tuyulib, xona eshigini
ochib, biroz ta’zim qilgan holda «marhamat», dedi. Zohid, eshik ohistagina yopilgach,
telefon go‘shagini ko‘tardi. Avval ekspertiza xizmatini chaqirdi. Keyin Hamdam Tolipovni
topdi-da, aeroportga borib, Tojimullaevning qay tomonga uchganini aniqlashni topshirdi.
O‘rinbosarning xonasiga qaytganida Soliev farroshni hamon savolga tutardi:
— Tojimullaev qanaqa mashinada keldi, ko‘rmadingizmi?
— Vrode taksida keldi, — farrosh shunday deb, «adashmadimmi?» deganday boshlig‘iga
qarab qo‘ydi.
— Xizmat mashinasini qisqartirganmiz. Taksida kelgan bo‘lishi mumkin, — dedi boshliq,
aniqlik kiritib.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |