www.ziyouz.com kutubxonasi
170
xalqimni vatangado qilganingga aqlim lol. Nahot barchamiz baravar gunohkor bo‘lsak...»
Shu gaplar xayoliga keladi-yu, Xudoga ta’na qilgani uchun darrov tavba ham etadi.
Umri poyoniga yetgani sayin xotira dengizi ham sayozlashib, mavjlari sustlashib borar
edi. Ba’zan tushida, ba’zan esa xayol bulutlariga bandi bo‘lib o‘tirgan chog‘ida dengiz
sohilida, qirg‘oqdagi mayda toshlarni ohista silayotgan ojiz to‘lqinlarni bezovta qilib
yugurayotgan ishtonchan bola ko‘z oldiga keladi. Hayotni faqat shodlikdan iborat, deb
o‘ylovchi bola qiyqirib, quvnab yuguradi. Sachragan suv tomchilari quyosh nurida
zumrad misol bir tovlanish beradi-yu, yana o‘z o‘rniga qaytadi. Bolaning quvnashidan
dengiz ham mast, quyosh ham yayrab nur sochadi. So‘ng... dengizning ufqqa tutash
yerini yondirib quyosh botadi. So‘ng oy ko‘tarilib, bu yong‘indan azob chekkan dengiz
yuzini silab ovutadi. Oy nuri dengiz uzra uzun poyandoz soladi. Shu poyandoz ustida
yurib ketging keladi... Bu bola — Ismoilbey. Sohil bo‘ylab chopayotgan bu bola unga
urushdan hamroh bo‘ldi. Urushdan qishlog‘iga qaytgach, uni yana ko‘rdi. Bu safar
uxlamasdan, hatto mudramasdan, ko‘zini yummasdan turib ko‘rdi.
Gospitaldan chiqqanidan so‘ng, manzili o‘zgargach, uy bilan aloqasi tamom uzilgan, u
urush olovida emas, xavotir olovida qovrilgan edi. Qishlog‘iga qaytib, uyida begona
gurjilarni ko‘rgach, hayratdan yoqa ushladi. Shop mo‘ylovli gurji uni uyiga boshladi.
Musallas bilan siyladi. «Biz aybdor emasmiz, birodar, bizdan xafa bo‘lma!» dedi. Yana
allaqancha gaplar aytdi. Ammo bu gaplar uning qulog‘iga kirmadi. Dengiz sohiliga bordi.
Etigini yechib, shimining pochalarini qayirib, sohil bo‘ylab yurdi... O‘g‘lini yelkasiga
mindirib olib, sohil bo‘ylab yugurishni orzu qilardi. O‘g‘li yo‘q. Yugurishga xohishi ham,
majoli ham yo‘q. U ikki narsaga hayron, biri — oilasini qanday topishni bilmaydi.
Ikkinchisi — qishloq yigitlari urushda jon olib, jon bersa-yu, bunda qolgan qariyalar,
xotinlar, bolalar qanday qilib xoin bo‘lishsin? Qishloqdan bitta, nari borsa ikkita sotqin
chiqar, lekin yalpi xoin bo‘lishi mumkinmi? U — Ismoilbey urushda bir narsani — Vatan
uchun jang qilishi lozimligini bilardi. Endi hayron: qani o‘sha Vatan?
Xayolida ko‘p jonlanadigan ikki manzara shu — sohil bo‘ylab quvnagan holda
yugurayotgan bola... shimining pochasini himarib, qayg‘u yukini orqalab borayotgan
askar... Ko‘kragida Vatan himoyasi uchun berilgan nishonlar. Ko‘krak sirtida nishonlar,
ko‘krak ichidagi yurakka esa tig‘ sanchilgan...
— Vatani yo‘qning imoni yo‘qtur, — Ismoilbey shunday deb, xayol bandiligidan ozod
bo‘lib, ko‘zlarini ochdi. — Xudo ota-bobolarimizga Vatan bergan edi, bizdan tortib oldi.
Bizning gunohlarimiz uchun sizlar ham vatangado bo‘ldinglar. Sizlar imonsiz
ketmanglar, Vatanga qaytinglar. Xudoga shukrki, bizni kofirlar yurtida xoru zor qilmadi.
Orqadoshlarimiz bizlarni ranjitishmaydi. Ularning ulug‘ligi shunda. Ammo Vatan ulug‘roq.
Uning o‘rnini hech nima bosmaydi.
Ismoilbeyning keyingi gaplarini teplovozning qichqirig‘i bosib ketdi. So‘ng poezd gurillab
o‘tib, uy tebranib, shiftlarigacha qisirladi. Uy egalari bunga ko‘nikib ketishgan, e’tibor
ham berishmadi. Zelixon esa har o‘n daqiqada bir poezd o‘tib, zaminni silkitganda
xavotir bilan shiftga qarab qo‘yadi.
— Vakillarimiz Maskovga ketishdi, — dedi Ahadbey, — Qrim tatarlari bilan birgalashib,
haqiqatga yetishar, inshoolloh.
— Chechenlar ko‘p ketishdi. Seni ham ketdi, deb yuruvdim? — dedi Ismoilbey.
— Onam shu yerda, buvam shu yerda. Men qayoqqa boraman? — Zelixon «men
qamoqda edim», demadi. Chol gap kavlamasin, deb boshini egib, sukut saqladi.
Ismoilbey «sizlar gurunglashib o‘tiringlar, men samovarga chiqay» deb fotiha o‘qidi-da,
o‘rnidan turdi.
Ahadbey otasi kirganida xontaxta ostiga yashirgan shishani olib, piyolalarga aroq quydi-
da, «Sog‘ bo‘l», deb ko‘tardi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |