www.ziyouz.com kutubxonasi
156
bosh-lang. Bu o‘q ildiz bo‘ladi. Qo‘shimcha ildizlar — Qurbon dodho, Po‘latxon, Yetimxon,
Darveshxon, Sobirxon qo‘zg‘olonlari. Toshkentdagi «Vabo isyoni», «Oqbo‘ri»dagi isyon,
Qo‘qon xonining isyoni... Bularsiz Mingtepa qo‘zg‘oloni haqida to‘g‘ri xulosaga kelish
qiyin. Shular bilan tanishib chiqqaningizdan so‘ng yana gaplashamiz.
Juvon Anvarning gaplarini tez-tez yozib oldi-da, «bo‘ldimi?» degan savol nazari bilan
qaradi.
— Zarur gap chiqib qolsa, uyimga kelishingiz mumkin.
— Shu yerga kela qolaman. — Juvon shunday deb o‘rnidan turdi.
Anvarga uning bu qarori ham yoqdi. Ko‘ngli ravshan tortdi.
Juvonni kuzatgach, xonasiga qaytmoqchi bo‘lib burilgan chog‘ida dahlizda kelayotgan
Xolidiyga ko‘zi tushib, to‘xtadi. Odatdagiday bashang kiyingan Xolidiyning yonida suygan
shogirdlaridan biri O‘lmas Akrom kelardi. Anvar o‘zidan bir yil keyin kelgan bu do‘mboq
yigitni «go‘sala» der edi. Laqab O‘lmasga juda mos tushgan, u to‘yib sut emgan
buzoqday beg‘am, birov so‘ksa ham, maqtasa ham bir holda iljayib turaverardi. Go‘sala
kolxozlashtirishda matbuotning ro‘li degan mavzuda avval nomzodlikni, ikki yil o‘tmay
do‘kturlik dissertatsiyasini yoqlab oldi.
Anvar ro‘parasidan kelayotgan ustoz-shogirdni ko‘rgisi yo‘q edi. Ular bilan
so‘rashmaslikning birdan-bir yo‘li — shart burilib ketish. Lekin Anvar bunday qilgisi
kelmadi. Ular tomon yurmadi ham. Indamay turaverdi. Xolidiy O‘lmasning yelkasiga
qo‘lini tashlab, Anvarga yaqinlashdi.
— Ie, mulla Anvarjon, bormisiz, sog‘-salomatmisiz? — u shunday deb labini tili bilan
yalaganday bo‘ldi-da, Anvarga qo‘lini uzatdi.
Anvar uning basharasiga qaramay qo‘l uzatdi. Chunki Xolidiy jilmayganida uning
basharasiga qaragan odam baraka topmas edi. Xudo Odam Atoni yasayotganida ishni
oyoqdan boshlaganmi yo boshdanmi, Anvarga noma’lum. Lekin, uning nazarida,
Xolidiyning oyoq-qo‘li, badani avval yasalgan, keyin nima yasayotgani esdan chiqib,
yelka ustiga odamning emas, maymunning boshi o‘rnatilgan.
— Anvar Sattorovich, tuzalib ketdingizmi? — dedi O‘lmas ham unga qo‘l uzatib.
— Kasal edimmi? — dedi Anvar unga qattiq tikilib. O‘lmas javobga so‘z topolmay,
ustoziga qaradi.
— O‘lmasjonni tabrikladingizmi? — dedi Xolidiy yayrab jilmayib. — Hozir akademiya
tasdig‘idan o‘tib kelyaptilar. Institutga direktor bo‘ldilar. Men o‘ttiz besh yil direktorlik
qilibman. Yetar, a? Endi ishni siz — yoshlarga topshiramiz. Ilmiy kotiblikka men sizning
nomzodingizni ko‘rsatgan edim. Yo‘qligingiz pand berdi.
— Kim saylandi?
— Naima Sultonovna.
— Eski hammom, eski tos.
— Tushunmadim? — dedi Xolidiy, yuzidagi soxta jilmayishni asragan tarzda.
— Siz o‘ttiz besh yil qanday ishlagan bo‘lsangiz bularingiz uch yuz ellik yil shunday
ishlashadi.
— Yaxshi emas, mulla Anvarjon, bular tengdoshlaringiz. Endi zamon boshqa. Bir-
biringizni avaylab ishlang. Mana, biz bir-birimizni ayamovdik, nima bo‘ldi? Meni yigirma
besh yilga qamashdi. Stalin o‘lmaganda o‘tirardim. Baxtimga tezroq o‘ldi.
«Birovning o‘limidan bular baxt topishadi, qiziq», deb o‘yladi Anvar.
Xolidiyga Xudo berdi. O‘zini maqtashga bahona topildi. Bunday paytda u majlisdami,
dahlizdami, hojatxonadami, farqi yo‘q — gapiraveradi. Anvar jinnixonada derazadan
tushgan nur bilan qilgan suhbatini eslab, shumligi tutdiyu uning so‘zini shart uzdi:
— Ustoz, — dedi muloyim ohangda. — Hamma onasining qornida to‘qqiz oy yotsa, siz
yetti oydayoq tug‘ilib olgan ekansiz, shu to‘g‘rimi?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |