www.ziyouz.com kutubxonasi
106
yov, deb xavotirlangan edi — sezgisi aldamadi.
Tipirchilayverganidan chizimcha qo‘l-oyog‘ini shilib yuborgan edi. Chizimcha yechilgach,
shilingan yerlari lovullay boshladi. Lekin Elchinni hozir bu emas, yuragidagi o‘t ko‘proq
qiynardi. U Jamshidning tashrifini qisqagina qilib aytib berdi. (Tepki yeganini, shubhasiz,
yashirdi.)
— O‘yin boshlanibdi, — dedi Zelixon stol ustida sochilib yotgan suratlardan birini olib.
Elchin xuddi xotinini sharmandali holda ko‘rsatayotganday uyalib, suratlarni qo‘lidan
tortib oldi.
— Yaxshilab qaradingmi, suratlarni yasashmaganmi? — dedi Zelixon. — Rostakam
suratligiga menda ishonch yo‘q. Chunki, xotiningning o‘limi — tasodif. Ig‘vo maqsadida
qilinmagan bu ish. Demak, har maqomda suratga olib o‘tirishmaydi. Xotining o‘z xohishi
bilan qo‘shilmagan. Zo‘rlashgan. Demak, ko‘zlarini bunday yumib, rohatlanib turmaydi...
Elchin dastlab jahl ustida suratlarga e’tibor bermagan edi. Zelixonning gapidan keyin
suratlarga tikildi.
— To‘g‘ri, — dedi u suratlarni taxlab. — Noilaning yelkasida tirtig‘i bor edi. Suratda esa
yo‘q.
— Ha... O‘qilon bir yanglishibdi. Ishonishingni juda ham xohlayapti. Shilimshiq
deganlarini taniysanmi, o‘zing?
— Taniyman. O‘yinda u ham bor edi. O‘shanga yutqizgan edim.
— Shilimshiq ularga yoqmay qolgan bo‘lsa, sening qo‘ling bilan yo‘qotishmoqchi? Yo‘-
o‘q... Bek g‘irrom qilmasa kerak. Faqat seni ishontirishning noto‘g‘ri yo‘lini topibdi.
Shunday aytsak, ishonmaydi, deb o‘ylashgan. Endi ishonishing kerak.
— Hammasini o‘ldiraman, — dedi Elchin, mushtumini qattiq qisib.
— Avval naqdini o‘ldirib tur. Xo‘sh, nima qilasan?
Nima qilishini Elchin bilmasdi. To‘g‘ri, o‘ldirishning bir necha turlarini xayolida pishitib
yurardi. Lekin amalga oshirishga kelganida qo‘llari qaltiramasmikin?
2
Taqdir yozug‘iga Asadbek to‘dasiga aloqador ishlarni yuritish bitilgan ekan, prokuror
yordamchisining chetlatishga urinishi bekor bo‘lib qolaverdi. Namozov ishining ustalik
bilan yopilishidan g‘azablanib yurgan Zohid Sharipovga kutilmagan ish topshirildi. Zohid
militsiyaning qidiruv guruhi bilan voqea yuz bergan yerga borib dahshatli manzaraning
guvohi bo‘ldi: yo‘l chetidagi daraxtga erkakligi kesib tashlangan, chap ko‘kragiga pichoq
sanchib qo‘yilgan qip-yalang‘och odam osilgan edi. O‘n qadamcha narida yondirib
yuborilgan yengil mashina temirlari qorayib turardi. Bu qotillik tunda amalga oshirilgan,
serqatnov katta yo‘ldan mashinalarda o‘tganlar bu manzarani, aqalli yonayotgan
mashinani, shubhasiz, ko‘rishgan, ammo to‘xtashga, jilla qursa xabar berishga
qo‘rqishgan.
Suratchi ishini tugatgach, murdani yerga olib, ustiga choyshab yopib qo‘yishdi. Zohid
atrofni sinchiklab kuzatdi. «Erkakligi kesib tashlanganiga qaraganda qotillik tasodifan
yuz bermagan, — deb o‘yladi u. — Orada qasos bo‘lganmi? Unda nima uchun yuragiga
pichoq sanchib, so‘ng daraxtga osib qo‘ygan?» Zohid shu paytgacha mayda o‘g‘rilaru
bezorilar bilan shug‘ullangan edi. Prokuror yordamchisi va’da etgan jiddiy ishning bu
darajada bo‘lishini kutmovdi. Zohid bu jinoyatning tagiga yeta oladimi yo bu ish ham
ochilmay yotgan qotilliklar safiga qo‘shiladimi, hozir bilmaydi. U qotilliklarning yarim
tunda emas, shomda sodir bo‘lganidan ham bexabar. Murda osilgan daraxt atrofidagi
izlarning biri — Elchinniki ekani ham unga noma’lum...
...Shilimshiq deb laqab olgan Jalolni avval daraxtga bo‘ynidan bog‘ladilar. Qo‘l-oyoqlari
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |