www.ziyouz.com kutubxonasi
72
qiz odamlar uchun nomussiz bo‘lib qolaberadi-ku?..
— Endi nima qilmoqchisan?
Manzura endi nima qilishi mumkin? Uning yig‘lashdan, fig‘on chekishdan bo‘lak narsaga
qudrati yetadimi? Asadbek buni yaxshi biladi. Shuning uchun savol berishga berib
qo‘yib, javob kutmadi. Shuncha yil birga umr kechirib xotini bilan maslahatlashmagan
odam shu nozik pallada fikrlasharmidi? Nima haqda so‘zlashishni bilmagani uchun ham
shu so‘roq tilidan uchdi. U hozir yonida xotini bo‘lishini istardi. Manzura chiqib ketsa
vujudi kimsasiz uydek huvillab qolishini his qilardi. Ammo xotini ro‘parasida o‘tirar ekan,
xuddi urishib qolganday og‘ziga talqon solvolmaydiku. Xotinning kamgap, baodob
bo‘lgani yaxshi-ya, ammo mana bunaqa paytda erni ezib tashlaydi-da... Manzura gapga
chechanroq bo‘lganida Asadbekni g‘uborli o‘ramdan olib chiqarmidi...
Tashqaridan erkak kishining ovozi kelib, Manzura chaqqon o‘rnidan turdi-da, deraza
osha hovliga qaradi.
— Mutavallingiz, — dedi ajablanib.
— Chaqir, — dedi Asadbek.
Manzura tez-tez yurib chiqdi. Dam o‘tmay eshik og‘zida bo‘yni uzunligidan egilibroq
yuruvchi, egniga urinibroq qolgan palto, boshiga yangi suvsar telpak kiygan mutavalli
kirdi. Soqol-mo‘ylov ulashilganda kechroq qolgan, ammo yaratgan «shu ham erkak-ku»,
degan rahm bilan topib bergan besh-o‘nta tukni savlat qilib o‘stirib, jamiki tirik jonning
ensasini qotirguvchi Karimullaga Asadbekning ham toqati yo‘q edi. Yetimxona boshqoni
bo‘lib ishlab, o‘z ta’biri bilan aytganda, shaytonning bittagina gapiga kirdi-yu, olti yil
umrini simto‘siqlar ortida o‘tkazib qaytdi. Yana firqaga tiklash masalasida ko‘p urindi.
Firqa a’zoligiga qayta olganida turqi tarovati o‘zgacha bo‘lardi. Hatto o‘ziga ham
yoqmaydigan, soqol-mo‘ylov degan nomga isnod keltiruvchi bu tuklar o‘stirilmasdi.
Xitoyning ohori to‘kilmagan oq ko‘ylagini kiyib, Olmoniyaning no‘xot gulli qizil
bo‘yinbog‘ini taqib, finlarning ko‘zni oluvchi kostyumini egniga ilib, gerdayib yurardi. Ayb
o‘zida — rayqo‘mga uzatishi lozim edi. O‘zini xokisor ko‘rsatib bir yanglishdi.
Rayqo‘mdagilar xokisorlarga rahm qilar deb o‘ylab edi. Rahmdillar rayqo‘mda emas, bu
tomonda ekan. Baxtiga mahallada masjid qurilishi boshlandi. Avvaliga haybarakallachi
bo‘lib yurdi. «Uni u yoqqa ol, buni bu yoqqa qo‘y», deb turish, choyni shopirib qaytarib
o‘zidan ulug‘roq odamlarga ta’zim bilan uzatish hadisini olgan edi. Qurilishda har kuni
o‘ralashib yuruvchi bitta bekorchi kerak ekan. Shundan foydalanib, poydevor
bitmasidanoq o‘zini «mutavalli» deb e’lon qildi. Abdukarim degan ism, garchi mullalikka
daxldor bo‘lmasa-da, Karimulla deb o‘zgartirildi. Bu «mulla» xotirasi zaifligi tufayli to‘rt
oy badalida «Oyatal kursi»ni yod ololmay, ikkita kichik sura bilan tirikchilik qiladi.
O‘shanda o‘stira boshlagan «soqol-mo‘ylab» imorat tomi yopilibdiki, hali bir enlikdan
nariga o‘tgani yo‘q. Bu hol Kesakpolvon uchun bir ermak. Uni har ko‘rganida
«Karimullaning soqoli ichkariga qarab o‘sadi», deb mazax qiladi. Asadbek mutavallining
tezroq ketishini istaydi, Kesakpolvon esa uni masxaralab o‘tirishni yoqtiradi. Karimulla
bu masxarani malol olsa-da, sirtiga chiqarmaydi. Kesakpolvonning gaplaridan
miriqqanday xixilaydi. U Asadbekdan cho‘chiydi, kamgap, mulohazali Chuvrindidan esa
qo‘rqadi. Shu holda a’yonlardan biri uni «o‘ziga yaqin olib» «hazil» qilar ekan, nimasi
yomon?
Karimulla Asadbek yolg‘iz emasdir, degan xavotirda edi. Ichkariga kirgach, yayrab ketdi.
Ildam yurib kelib Asadbek bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Asadbek o‘rnidan qo‘zg‘olmay,
qo‘l uchini berdi.
— O‘rusning yangi yili muborak bo‘lg‘ay, — dedi Karimulla ishshayib.
Asadbek unga javob bermadi. «Xo‘sh, nimaga kelding?» degandek norozi qiyofada
boqdi. Karimullaning maqsadi yangi yil bilan tabrik etish emas, balki ko‘ngil so‘rash, shu
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |