www.ziyouz.com kutubxonasi
167
— So‘rov tarqatganman. Javobi balki Sibir tomonlardan kelar.
— Boshqacha javob bo‘lishi mumkin emasmi? Sen bu odam Lena deganni o‘ldirib,
zanjirini tortib olgan deb o‘ylayapsanmi? Uni arzon-garovga sotib olgan bo‘lsa-chi? Balki
izni yashirish, bizni chalg‘itish uchun qotillar bo‘yniga ilib ketishgandir?
— Ikkinchi gumoningizga o‘rin yo‘q. Ekspertiza zanjir bo‘ynida, uzuk barmog‘ida uzoq
vaqt turganini tasdiqladi. Birinchi gumoningiz ham haqiqatdan uzoqroq. Agar Komilov
to‘dalarga aloqador odam bo‘lsa, bunaqa arzon-garov narsa sotib olib bo‘yniga osib
yurmas.
Soliev Zohidga qarab, kulimsirab qo‘ydi. Yigitning fikridagi mantiq unga ma’qul keldi.
Shilimshiqning cho‘ntagidan puldan tashqari har xil qog‘oz parchalari chiqqan edi.
Cho‘ntakda yurib bir oz uringan, ammo teshilmagan tramvay pattalari Solievning
diqqatini tortdi.
— Komilov tramvayda yurgan ekanmi? — dedi u, pattadan bittasini olib, sinchiklab
qarab. — Tagida mashina bo‘lsa...
— Mashina o‘limidan o‘n kun oldin o‘g‘irlangan.
— Yoki olgan, — deb izoh berdi Soliev.
— Olganligi haqiqatga yaqin, lekin isbotlanmagan haqiqat. Pattani esa do‘konlarda
qaytim o‘rniga ham berishadi.
— Agar bu to‘daga aloqador shaxs bo‘lsa, qaytimga patta olmaydi, bu bir. Bular
tiyinlarning farqiga borishmaydi. Tramvayda yurmaydi, bu ikki. Tramvayga chiqib
qolguday bo‘lsa ham haqini to‘lamaydi, bu uch.
— Nimaga to‘lamaydi?
— Sababi oddiy. Ba’zan yodlaridan ko‘tariladi. Chunki patta to‘lash odat tusiga
kirmagan. Ba’zan to‘lagilari kelmaydi. Puldor odam minglab so‘mlarni behuda sovurishi
mumkin. Lekin tiyin ishlatishda xasisligi tutadi. Xo‘sh, bu odamga tramvay pattasi nima
uchun kerak?
Zohid buni o‘ylab ko‘rmagan edi. Tilla buyum, pul turgan paytda arzimagan tiyinlarni
tashkil etuvchi tramvay pattasi haqida bosh qotirish lozimligi xayoliga kelmabdi. Hozir
ko‘pni ko‘rgan mayor bunga e’tibor bergach, o‘ylab qoldi.
— Agar u Sibir tomonlarga gastrolga borgan bo‘lsa, quruq qaytmagan. Qolaversa,
gastrolga bir o‘zi borganmi? Balki sheriklaridan biron narsani yashirib, nomardlik qilgani
uchun jazosini olgandir? Buyumlarini qaerga yashirgan? Eng qulay joy temir yo‘l bekati
yoki aeroportdagi yukxona emasmi? Pattadagi raqamlar yukxona tilsimi emasmikin?
Zohid pattani qo‘liga olib, Solievga ajablanib qaradi.
— Qanaqasiga?
— Aytaylik — 391829. «3» yoki «39» yukxona belgisi, «1829» esa tilsim raqami.
Yukxonalarni taftish qilish kerak. Taftish uchun shahar prokurorining ruxsatini ol. Bu
tilsim ko‘p narsaning sirini ochadi. Men ungacha mashinani bir ko‘ray.
Yongan mashinadan nima qolardi? Qorayib yotgan moshinasifat tunuka ichi Solievga
qadar ham titib chiqilgan edi. Shunga qaramay mayorga atalgan narsa ham bor ekan.
Chaqaloqning kaftiday keladigan uchburchak tunukacha olovda qog‘ozday bujmayib
qolgan edi. Soliev uni avaylab olib, ro‘molchasiga o‘radi.
4
Taksoparkning boshqoni chiqib ketgach, Asadbek Kesakpolvonga qaradi:
— Ishni xom qilgan ekansan, — dedi u, norozi ohangda. — Mashina o‘g‘irlangani haqida
xabar berib qo‘yish kerak edi.
— Murdani ham yoqib yuborish kerak edi, — dedi Chuvrindi, Asadbekning gapini
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |