www.ziyouz.com
кутубхонаси
2
donishlargina oladilar» (Baqara surasi, 269-oyat mazmuni).
Muhammad alayhissalomning chiroyli axloqlaridan, va’z-nasihatlaridan ibratlanib kamolotga
erishgan sodiq sahobalarning, tobe’inlarning, solih salaflarning, qolaversa insoniyatning ilm-hikmat,
taqvo va zakovat xazinasiga ulkan ulush qo‘shgan avliyolar, donishmandlar, mutafakkirlar, adiblar,
olimu fuzalolarning pandu nasihatlari, va’z-xitoblari ham insonni oxirat safariga tayyorlashda qo‘l
keladi. Yer yuzi Islom ne’mati ila sharaflangan kundan boshlab uni istiqomat tutgan barcha mo‘min-
musulmonlar hayot tarzlarini ana shu axloqiy ma’naviyat asosiga qurib kelyaptilar.
Movarounnahrlik qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy shunday debdilar: «Donishmandlar va
olimlarning xulqlaridan o‘rnak olish yaxshi xulqni tiriltiradi va yomonini yo‘q qiladi». Yana bir
allomamiz Husayn Voiz Koshifiyning mana bu so‘zlariga e’tibor bering: «Boylik, shamshir va
lashkardan tayanch izlama. Dono kishilarning pand-nasihatlariga quloq sol. Shamshir va o‘qni yo‘q
qiladigan nasihatlarga amal qil!»
Ammo, ming taassufki, yaqin-yaqingacha ham ulkan ma’naviy merosga ega bo‘lgan, ming yillik
axloqiy-ruhiy zaminda hayot kechirgan xalqimizni moddiyat asosiga qurilgan, zararli mafkuraga
xizmat qiladigan, bizga yot bo‘lgan G’arb madaniyati va axloqi ruhida tarbiyalashga zo‘r berishdi.
Sho‘ro zamonida nashr etilib, yaqin-yaqingacha ham bu sohada birdan-bir qo‘llanma bo‘lgan V.
Voronsovning «Tafakkur gulshani» to‘plamida Navoiy, Sa’diy, Abay kabi atigi uch-to‘rt Sharq
donishmandiga joy ajratilganining o‘ziyoq hamma gapni aytib turibdi.
Ma’naviyatimizdagi ana shu bo‘shliqni biroz to‘ldirish maqsadida tasnif etilgan ushbu kitobga
sahobiylar, tobe’iylar va salafi solihlar, Sharqning atoqli donishmandlari va din arboblari,
mutafakkirlari va tariqat shayxlari, allomlari va adib-shoirlaridan ikki yuz ellikka yaqin kishining ikki
mingdan ziyod qaymoq fikrlari, pandu nasihatlari jam qilindi. Ular ilm, iymon, taqvo, adolat, yaxshi
xulqlarning fazilati va yomonliklar mazammati kabi o‘nlab mavzularga bo‘lingan. Ammo kitob
musannifining maqsadi bitta: kishilarni yaxshi axloqqa targ‘ib qilish, ularning ruhiy olamini boyitishga
hissa qo‘shish, Haq va Haqiqatni G’arbdan ancha oldinroq tanigan Sharq donishmandligi hikmatlari ila
siylab, duolarini olish. Zotan, Sharqning ulug‘ allomasi Jaloliddin Rumiy aytganiday:
Sharq Haqni topdi, dunyodan kechib,
G’arb dunyo topdi, Allohdan kechib.
Alloh taolo bizlarni hikmatiga musharraf etib, qalblarimizni iymon nuri ila siylasin, ruhoniy
olamimizni boyitib, go‘zal axloqli bandalaridan aylasin! Valhamdu lillahi Robbil-olamiyn!
Musannif
Sharq Haqni topdi…
Do'stlaringiz bilan baham: |