SHOIRNING O’G‘LI
Deysan, molu mulk yo‘q sizda ziyoda,
Holbuki, shoirsiz, Vatanda nomdor.
Oh, o‘g‘lim, bu ko‘hna, bir kam dunyoda,
Kimdir kamtarroq ham yashashi darkor.
Nomimiz eshitsa kimdir uchungay,
Arziydi badavlat, tug‘liman desang.
Balki, do‘stlaring ham to‘g‘ri tushungay,
Abdulla Orifning o‘g‘liman desang.
1995
BARAKAGA TO’LSIN UYINGIZ
Onalar, opalar, singillar,
Muborak bo‘lsin bu to‘yingiz.
O’zbekcha aytganda, har doim
Barakaga to‘lsin uyingiz.
Onalar, opalar, singillar,
Shodlikka jo‘r bo‘lsin kuyingiz.
Faqat bolalarning baxtini o‘ylab,
Kechar bo‘lsin ezgu o‘yingiz.
Onalar, opalar, singillar,
Hayotning shavqini tuyingiz.
Vatanni jondan ham ortiqroq,
Allohim qadarli suyingiz.
Saylanma. Abdulla Oripov
Do'stlaringiz bilan baham: |