ETNA VULQONI
Hanuz yonib yotar Etna vulqoni,
Daf’atan o‘xshar u olovrang gulga.
Oqib tubanlarga lava to‘foni,
Sekin aylanadi qop-qora kulga.
Men uning qoshida saqladim sukut,
Ha, bir chog‘ olovli edi yo‘llarim.
Endi u otashlar bo‘ldilar unut,
Poyingda yotibdi endi... kullarim.
1984, Sitsiliya oroli, Italiya
SAVOL
Tanho sahrolarga bosh olib ketsam.
Yo yiroq g‘orlarni oshyon etsam,
Bedo‘stu beyoron tugasam, bitsam,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi?
Qolmasa dunyoda mendan xotirot,
Nainki xotirot, oddiy, jo‘n bir ot.
Bo‘lsa na bir qavmim, na xesh, na avlod,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi?
Saylanma. Abdulla Oripov
Do'stlaringiz bilan baham: |