Foyda: Mol va mato insonning mukarramligi hamda mavqeini belgilovchi narsa
emasligi ma’lum bo‘ladi.
526/6. Hakim ibn Hizomdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Baland qo‘l
past qo‘ldan yaxshidir (ya’ni sadaqa qiluvchi qo‘l tilanchi qo‘ldan yaxshidir). Sadaqani
qo‘l ostingdagilardan boshla. Sadaqaning eng yaxshisi — kishining o‘zidan keyin boylik
qilib qoldirgan narsasidir. Kim kamsuqum bo‘lsa, Alloh uni kamsuqum qilib qo‘yadi. Kim
o‘zini behojat qilsa, Alloh uni behojat qilib qo‘yadi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.
Imom Muslim rivoyatlari bundan qisqaroq bo‘lib kelgan.
527/7. Abu Sufyon Saxr ibn Harbdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir
narsa so‘rashda beruvchini o‘z holiga qo‘ymay tilanmanglar. Allohga qasamki, sizlardan
biringiz mendan biror narsa so‘rab, bunda haddan oshsa, men undan norozi bo‘lib
qolsam, bergan narsamda baraka bo‘lmaydi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
528/8. Abu Abdurahmon Avf ibn Molik Ashja’iydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz to‘qqiz
yoki sakkiz yoki yetti nafar kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida edik. Rasululloh (s.a.v.)
«Allohning Rasuliga bay’at qilmaysizlarmi?» dedilar. Biz o‘sha kunlarda yangi bay’at
qilgan edik. Va: «Ey Rasululloh! Biz sizga bay’at qilganmiz-ku?» dedik. Rasululloh
(s.a.v.) yana: «Allohning Rasuliga bay’at qilmaysizlarmi?» degandilar, biz qo‘llarimizni
uzatib: «Ey Rasululloh, bay’at qilganmizku? Qaysi narsaga bay’at qilamiz?», dedik.
Shunda u zot: «Allohga biror narsani sherik qilmasdan ibodat hamda itoat qilish, besh
vaqt namoz o‘qish», deb ovozlarini biroz pasaytirdilar va: «Odamlardan biror narsa
so‘ramanglar», dedilar. Avf ibn Molik (r.a.): «Men bay’at qilgan kishilarning ba’zilarini
ko‘rdim, ulardan birortalarining qamchilari yerga tushib ketsa, biror kishiga olib ber,
deyishmas edi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
529/9. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlardan biringiz
tilanchilikda bardavom bo‘lsa, hattoki u kishi Alloh taologa yuzida go‘sht yo‘q holatda
yo‘liqadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
530/10. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) minbarda turib,
sadaqa va tilanchilikdan saqlanish haqida gapirayotganlarida: «Yuqori qo‘l pastki qo‘ldan
yaxshidir. Yuqori qo‘l infoq qiluvchi va pastki qo‘l tilanchidir», dedilar. Imom Buxoriy va
Muslim rivoyatlari.
531/11. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimki odamlardan
moli ko‘payish uchun tilanchilik qilsa, u odam o‘zi uchun cho‘g‘ni so‘rabdi. Bas, shundoq
ekan xohlasa, cho‘g‘ning ko‘pini yoki ozini so‘rasin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |