www.ziyouz.com kutubxonasi
231
HAJ KITOBI
233-BOB
Hajning fazilati haqida
Alloh taolo:
«Va yo‘lga qodir bo‘lgan insonlar zimmasida Alloh uchun mana shu Uyni haj-
ziyorat qilish burchi bordir. Kimda-kim kofir bo‘lsa (ya’ni, Ka’bani ziyorat qilish
farz ekanini inkor qilsa), bas, albatta Alloh butun olamlardan bexojat bo‘lgan
Zotdir» (Oli Imron surasi, 97-oyat), deb aytgan.
1270/1. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Islom
besh narsa ustiga qurilgan: «La ilaha illalloh va anna Muhammadan Rasululloh»
shahodatini aytish, namozni ado qilish, zakot berish, Baytullohni haj qilish va ro‘za
tutish», dedilar. Imom Buxoriy, Muslim, Ahmad va Termiziy rivoyatlari.
1271/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh bizga xutbada: «Ey
insonlar, albatta Alloh taolo sizlarga haj qilishni farz etdi. Shunday ekan, haj amalini ado
qilinglar», deganlarida, buni eshitayotganlardan biri: «Har yilimi, ey Rasululloh?» degan
edi, u zot uch marta so‘ralganida ham sukut qildilar. Keyin: «Agar ha, deb aytsam, shart
bo‘lib qoladi. Qodir bo‘lganingizcha ado etavering», dedilar. So‘ng yana u zot: «Sukut
qilib so‘zlamagan narsani savol berib so‘ramanglar. Chunki sizlardan avvalgilar ko‘p
savol bergani va Payg‘ambarlariga ixtilof qilgani sababli halok bo‘lishdi. Agar sizlarga
biror narsa buyursam, qodir bo‘lganingizcha amal qiling. Agar biror narsadan qaytarsam,
uni tark qilinglar», deb aytdilar». Imom Muslim rivoyati.
1272/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohdan (s.a.v.) «Qaysi amal
afzal?» deb so‘ralganida, u zot: «Alloh va rasuliga iymon keltirish», dedilar. «Keyin
qaysi?» deyilganida, u zot: «Alloh yo‘lida jihod», dedilar. «Keyin qaysi?» deyilganida, u
zot: «Hajji mabrur, ya’ni gunoh sodir etilmagan haj», deb aytdilar. Imom Buxoriy va
Muslim rivoyatlari.
1273/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim haj amalini
ado etsayu, unda behayo narsalarni va gunoh ishlarni sodir qilmasa, xuddi onasidan
yangi tug‘ilgan boladek (uyiga) qaytadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1274/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir umra ikkinchi
umraga qadar orsidagi gunohlar uchun kafforatdir. Mabrur haj, ya’ni gunoh sodir
etilmagan haj uchun jannatdan boshqa mukofot yo‘qdir», dedilar. Imom Buxoriy va
Muslim rivoyatlari.
1275/6. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu onamiz: «Ey Allohning rasuli! Biz jihodni
amallarning eng afzali, deb bilamiz, jihod qilaylikmi?» deganlarida, Rasululloh (s.a.v.)
«Lekin jihodlarning eng afzali gunoh sodir etilmagan hajdir», dedilar. Imom Buxoriy
rivoyati.
1276/7. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh taolo arafa
kunidagichalik boshqa biror kunda ko‘p bandalarini do‘zaxdan ozod qilmaydi», dedilar.
Imom Muslim rivoyati.
1277/8. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ramazonda ado
etilgan umra haj barobarida yoki men bilan haj
qilgan barobarida bo‘ladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1278/9. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir ayol: «Ey Allohning rasuli! Alloh
bandalariga haj qilishni farz etganida otamning yoshi ulg‘ayib qolgan edi. Ulovda
mustahkam tura olmasdi. (U hajni ado etmay vafot etdi.) Men otam nomidan haj qilsam
bo‘ladimi?» deganida, Rasululloh (s.a.v.) «Ha, bo‘laveradi», dedilar. Imom Buxoriy va
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |