342-bob
Qabrlarga yuzlanib namoz o‘qishdan qaytarilgani haqida
1756/1. Abu Marsad Kannoz ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)
qabrlarga yuzlanib namoz o‘qishdan va uning ustiga o‘tirishdan man etdilar. Imom
Muslim rivoyati.
343-bob
Namoz o‘qiyotgan kishining oldidan o‘tishning haromligi to‘g‘risida
1757/1. Abu Juhaym Abdulloh ibn Horis ibn Simmadan (r.a.) rivoyat qilinadi.
Rasululloh (s.a.v.) «Namoz o‘qib turganning oldidan o‘tuvchi kishi agar bu ishning
yomonligini bilganida edi, qirq (kun yo oy yoki yil) namoz o‘quvchining oldidan
o‘tmasdan to‘xtab turishi yaxshi bo‘lar edi», dedilar. Ushbu hadis roviyi qirq kunmi yo
qirq oymi yoki qirq yilmi, aniq bilmadim, deb aytdi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
344-bob
Muazzin farzga iqomat (takbir) aytgandan keyin xoh nafl, xoh
o‘sha namozning sunnati bo‘lsin, boshlab yuborishning
karohiyati haqida
1758/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar namozga
iqomat aytilsa, farzdan boshqa namoz yo‘qdir», dedilar. Imom Muslim rivoyati.
345-bob
Juma kunining kunduzini ro‘zaga va kechasini namozga xoslab
olishning karohiyati to‘g‘risida
1759/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kechalardan juma
kechasini tahajjud namoziga, kunduzlardan juma kunini ro‘zaga xoslab olmanglar. Lekin
odatdagi ro‘zaga to‘g‘ri kelib qolsa, zarari yo‘q», dedilar. Imom Muslim rivoyati.
1760/2. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Hech bir kishi juma
kunining yolg‘iz o‘zida ro‘za tutmasin. Lekin jumaga payshanbani yoki shanbani qo‘shib
tutsa, zarari yo‘q», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1761/3. Muhammad ibn Abboddan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Jobirdan (r.a.) «Rasululloh
(s.a.v.) juma kunining o‘zida ro‘za tutishdan man qilganlarmi?» deb so‘rasam, u zot:
«Ha», deb javob qildilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1762/4. Ummul mo‘minin Juvayriya binti Horisdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh
(s.a.v.) juma kuni bu onamiz huzurlariga kirsalar, ro‘zador ekanlar. Rasululloh (s.a.v.) u
kishidan: «Kecha ro‘za tutgan edingmi?» deb so‘radilar. Juvayriya (r.a.): «Yo‘q», deb
javob berdilar. Rasululloh (s.a.v.) «Ertaga ro‘za tutishni xohlaysanmi?» dedilar.
Juvayriya (r.a.): «Yo‘q», dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Unday bo‘lsa, ochib yubor,
ya’ni ro‘za tutmagin», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |