www.ziyouz.com
kutubxonasi
259
tushishdi. Osim va uning birodarlariga Bani Lihyonning izdan tushgani xabari yetib
kelganida, ular bir makonga qochib chiqishdi. Bani Lihyon esa ularni o‘rab oldi va:
«Pastga tushinglar, qo‘llaringizni beringlar. Biz sizlardan birortangizni o‘ldirmaslikka ahd
beramiz», deyishdi. Osim ibn Sobit (r.a.): «Ey qavm, men kofirning ahdiga (ishonib)
pastga tushmayman. Allohim, biz haqqimizda nabiyyingga xabar ber», dedilar.
Dushmanlar kamondan o‘q uza boshlashdi va Osimni o‘ldirishdi. Ulardan uch nafari
dushmanning ahdiga ishonib (pastga) tushishdi. Ular Hubayb, Zayd ibn Dasina va
boshqa bir kishi (uning ismi Abdulloh ibn Toriq) edi. Qachonki, dushman qo‘lga
tushirganidan keyin kamonlari ipini yechib ularni bog‘lay boshladi. Bu holatni ko‘rgan
uchinchi kishi: «Mana shu birinchi xiyonatdir. Alloh nomiga qasamki, men sizlar bilan
birga ketmayman. Balki o‘lganlarga ergashaman, (ya’ni) men ham shahidlar kabi o‘lishni
xohlayman», dedi. Dushmanlar uni tortib sudrashdi. Bu zot (ya’ni, Abdulloh ibn Toriq)
birga yurishdan bosh tortgan edi, dushmanlar o‘ldirib yuborishdi. Lekin Hubayb va Zayd
ibn Dasinalarni olib borib Makkada sotib yuborishdi. Hubaybni Horis ibn Omir ibn
Navfalning bolalari sotib olishdi. Chunki Hubayb Badr kuni Horisni qatl etgan edi. Hubayb
ularning huzurida asir bo‘lib qoldi. Horisning bolalari uni o‘ldirishga kelishib olishdi.
Kunlarning birida Hubayb poklanish uchun Horis qizlarining biridan ustara so‘radi. U
xotin ustara keltirdi. O’sha xotinning bir yosh bolasi o‘ynab-o‘ynab, onasi bexabar holda
Hubaybning oldiga kelib qoldi. Onasi qarasa, bolasi Hubaybning tizzasida turibdi. Qo‘lida
esa haligi ustara. Onasi qattiq qo‘rqib ketdi. Hubayb onasi qo‘rqib ketganini ko‘rib:
«Bolamni o‘ldiradi, deb qo‘rqyapsanmi? Hargiz bunday qilmayman», dedi. Shunda u
xotin: «Alloh nomiga qasamki, Hubaybdan ko‘ra yaxshiroq asir ko‘rmaganman. Va yana
Alloh nomiga qasamki, men uning qo‘lida bir shingil uzum ko‘rdim. Qo‘llari bog‘liq bo‘lib,
undan tanovul qilayotgan edi. O’sha kunlarda Makkada uzum yo‘q edi. Bu Allohning
Hubaybga ato qilgan rizqi edi», deb aytdi.
Qachonki, Hubaybni Haramning chegarasidan tashqariga o‘ldirish uchun olib
chiqishganida, ikki rakat namoz o‘qiguncha holi qo‘yishlarini so‘radi. Holi qo‘yishganida
ikki rakat namoz o‘qib: «Alloh nomiga qasamki, sizlar meni qo‘rqqanidan namozimni
uzun qildi, deb gumon qilmaganinglarda edi, bundan ham ziyoda qilgan bo‘lar edim.
Allohim, ularning adadlarini hisoblab, birorta qoldirmasdan barchalarini halok qilgin»,
deb quyidagi baytni ham aytdi:
«Qanday o‘lishimning ne qizig‘i bor,
Musulmon holimda shahid bo‘lsam, bas!
O’limim Allohning yo‘lida bo‘lgach,
Uning izmida-ku har qanday nafas».
Hubayb har bir shahid etilgan musulmon uchun qatldan oldin ikki rakat namoz o‘qishni
sunnat qilib ketgan zot edi.
Rasululloh (s.a.v.) bularga yetgan musibat xabarini sahobalariga ma’lum qildilar.
Qurayshliklar Osim ibn Sobitning o‘lganini eshitib, biror a’zosini bo‘lsa ham, olib kelish
uchun bir necha odam yuborishdi. Chunki Osim Qurayshning kattalaridan birini qatl
etgan edi. Alloh taolo Osim murdasiga g‘uj-g‘uj asalarilarni yubordi. Ular Osimning
murdasini (dushmanlar yetkazishi mumkin bo‘lgan zarardan) himoya qilishdi.
Dushmanlar biror a’zosini kesishga qodir bo‘lishmadi. Imom Buxoriy rivoyati.
Bu bobga tegishli sahih hadislar yuqorida ham o‘tdi. Masalan, Rohib bilan sehrgar
o‘rtasida qatnovchi bola voqeasi, Jurayj voqeasi, g‘orning og‘zi xarsang tosh bilan yopilib
qolgani haqidagi hikoya va bir kishining bulutdan chiqqan «Falon kishining bog‘ini
sug‘orgin», degan ovozni eshitgani haqidagi voqea kabi va bunga o‘xshash hadislar.
1509/8. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Qachonki, Umar (r.a.) biror
narsa haqida gumonimcha, bunday bo‘lsa kerak, desalar, albatta o‘ylaganlaridek bo‘lar
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |