143-BOB
Ko‘rishganda qo‘l berib so‘rashish, ochiq chehra bilan yo‘liqish,
solih kishilarning qo‘lini, o‘z bolasining yuzini o‘pish va
safardan qaytgan kishi bilan quchoqlashishning mahbubligi
hamda bularga bo‘yin egishning karohiyati
884/1. Abulxattob Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Men Anasga (r.a.): «Rasululloh
(s.a.v.) sahobalarida qo‘l berib so‘rashish odati bormidi?» desam, u zot: «Ha», deb
javob berdilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.
885/2. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga Yaman ahli
kelsa: «Sizlarning huzuringizga Yaman ahli kelishdi. Ular qo‘l berib so‘rashishni avval
joriy qilgan qavmdir», derdilar. Abu Dovud rivoyatlari.
886/3. Barodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ikki musulmon yo‘liqib, qo‘l
berib so‘rashishsa, ular ikkovi ajralmaslaridan oldin gunohlari kechiriladi», dedilar. Abu
Dovud rivoyatlari.
887/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi: «Ey Rasululloh! Kishi birodari yoki
do‘stiga yo‘liqsa, bosh egadimi?» deganida, «Yo‘q», dedilar. «O’ziga yaqinlashtirib
o‘padimi?» deganida, «Yo‘q», dedilar. «Qo‘lidan ushlab so‘rashadimi?» deganida, «Ha»,
deb javob qildilar. Imom Termiziy rivoyatlari.
888/5. Safvon ibn Assoldan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir yahudiy do‘stiga «Anavi nabiy
huzuriga bizni olib bor», dedi. Bas, ular Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga borib,
to‘qqizta ochiq-oydin oyat haqida so‘rashdi. (Hadisning davomida) ular Rasulullohning
(s.a.v.) qo‘llari va oyoqlarini o‘pib, «Biz guvohlik beramizki, albatta, sen nabiydirsan»,
deyishdi. Imom Termiziy, va boshqalar sahih isnod ila rivoyat qilishgan.
889/6. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot bir qissada: «Rasululloh (s.a.v.)ga
yaqin bo‘lib, qo‘llarini o‘pdik», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.
890/7. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Zayd ibn Horisa Madinaga kelganlarida,
Rasululloh (s.a.v.) uyimda edilar. Zayd kelib eshikni taqillatdilar. Rasululloh (s.a.v.)
turib, kiyimlarini sudrab borib, quchoqlashib o‘pdilar». Imom Termiziy rivoyatlari.
891/8. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) menga:
«Yaxshiliklardan birortasini past sanama! Agar birodaringga yo‘liqsang, ochiq yuz ila
ko‘rishishing ham yaxshilikdir», dedilar». Imom Muslim rivoyatlari.
892/9. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Hasan ibn Alini (r.a.)
o‘pganlarida, huzurlarida Aqra’ ibn Hobis at-Tamiymiy bor edi. Shunda u: «Mening o‘nta
bolam bor-u, ularning birortasini o‘pmaganman», dedi. Rasululloh (s.a.v.) unga
qaradilar-da, «Kim rahm qilmasa, rahm qilinmaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |