www.ziyouz.com
kutubxonasi
92
416/5. Abu Hurayra (r.a.) yoki Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. (Roviy
shak qildilar. Lekin sahobalar haqida shakning zarari yo‘q. Chunki ularning barchalari
odildir.) Tabuk g‘azoti kuni odamlarga ocharchilik yetdi. Sahobalar: «Ey Allohning rasuli,
agar izn bersangiz, tuyalarimizni so‘yib go‘shtini yeb, yog‘ini surtamiz», deyishdi.
Rasululloh (s.a.v.) «Qilaveringlar», deb ruxsat berdilar. Keyin Umar (r.a.) kelib: «Ey
Allohning rasuli, agar bunday qilishga izn bersangiz, miniladigan narsa kamayib ketadi.
(Yaxshisi) kishilarga zaxira uchun olib qo‘ygan taomlarini olib kelishni buyuring va u
narsalarga baraka tilab duo qiling. Shoyad, Alloh baraka bersa», deganlarida, Rasululloh
(s.a.v.) «Xo‘p», deb bir charm to‘shama keltirishni buyurdilar. U to‘shaldi. Kimdir kaftida
makkajo‘xori, kimdir bir kaft xurmo va yana kimdir burda non olib keldi. Haligi charm
to‘shamaga biroz narsa to‘plandi. Rasululloh (s.a.v.) o‘sha to‘plangan narsaga baraka
tilab duo qildilar. Va: «Idishlaringizga solinglar», deb buyurdilar. Ular idishlariga solishdi,
hatto qo‘shin orasida idishini to‘ldirmagan kishi qolmadi. Va to‘ygunlaricha yedilar,
undan ortib ham qoldi. Rasululloh: «Allohdan boshqa iloh yo‘q. Men Uning rasuliman,
deb guvohlik beraman. Biror banda mana shu ikki kalima bilan Allohga yo‘liqsa, shak-
shubhasiz, jannatdan to‘silmaydi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
417/6. Itbon ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. (Bu zot Badr g‘azotida ishtirok etgan
sahobalardan edi.) «Men qavmim Bani Solimga imomlik qilib namoz o‘qib berar edim.
Men bilan ular orasida vodiy bo‘lib, agar u yerga yomg‘ir yog‘sa, masjid tomonga o‘tish
mashaqqat tug‘dirardi. Shuning uchun Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib u zotga:
«Ko‘zimning nuri ketib qoldi. Agar yomg‘ir yog‘sa, men bilan qavmim o‘rtasidagi vodiyda
sel oqadi. Tabiiyki, uni kechib o‘tish mashaqqat tug‘diradi. Xohlardimki, siz uyimning bir
chekkasida namoz o‘qib bersangiz, men o‘sha joyni masjid qilib olsam», desam, u zot:
«Boraman», dedilar va quyosh ko‘tarilganida Abu Bakr (r.a.) bilan kelib (kirishga) izn
so‘radilar. Men izn berdim. U zot hali o‘tirmasdan turib: «Uyingning qaerida namoz o‘qib
beray?» dedilar. Men namoz o‘qishni yaxshi ko‘radigan joyga ishora qildim. U zot
o‘rinlaridan turib takbir aytdilar va orqalarida saf tortdik. Ikki rakat namoz o‘qib berdilar.
Keyin salom berdilar. O’sha payt biz ham salom berdik. U zotga atala pishirgan edik,
shunga to‘xtatdik. Rasululloh (s.a.v.) uyimda ekanliklarini bilib mahalladagi odamlar
to‘p-to‘p bo‘lib kela boshlashdi. Hatto, uyda kishilar ko‘payib ketishdi. Shunda bir kishi:
«Molikka nima bo‘ldiki, uni ko‘rmayapman?» deganida, boshqa bir kishi: «U munofiq-ku!
Alloh va Uning rasuli uni yaxshi ko‘rmaydi», dedi. Buni eshitgan Rasululloh (s.a.v.)
«Bunday dema! La ilaha illalloh, deb Allohning roziligini talab qilganini ko‘rmadingmi?»
deganlarida, u kishi: «Alloh va Uning rasuli biluvchi! Ammo biz, Allohga qasamki, uning
munofiqlar bilan gaplashib, do‘stlashganini ko‘ramiz», dedi. Rasululloh (s.a.v.)
«Allohning roziligini tilab «La ilaha illalloh»ni aytgan kishiga Alloh do‘zaxni harom
qilgan», deb aytdilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
418/7. Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) bir necha asirlar
huzuriga bordilar. Ular orasida bir xotin bor edi. U aylanib yurib biror yosh bolani topsa,
uni quchoqlab emizar edi. Rasululloh (s.a.v.) «Bu xotinning mehribonligini ko‘rdinglarmi?
Shu xotin bolasini o‘tga tashlaydimi?» degandilar, biz: «Allohga qasamki, yo‘q», dedik.
Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Allohning bandalariga mehribonligi bu xotinning bolasiga
qilgan mehribonligidan ham ziyodadir», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
419/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh taolo
xaloyiqni yaratganda bir kitobni bitdi. U kitob O’z huzurida, ya’ni Arshning ustidadir.
Unda «Albatta rahmatim g‘azabimga g‘olib keladi», deb aytgan», dedilar. Imom Buxoriy
va Muslim rivoyatlari.
Boshqa rivoyatda: «G’azabimga g‘olib keldi», deyilgan.
Yana boshqa rivoyatda: «G’azabimdan oldinlab ketdi», deyilgan.
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |