Va har bir jonga qilgan amali(ning mukofot yoki jazosi) komil qilib berildi, (Alloh) ularning qilar ishlarini juda yaxshi bilur;
Va kofir bulgan kimsa to‘da-to‘da qilinib jahannamga haydaldi. To qachon ular (jahannamga) kelib yetganlarida, uning darvozalari ochildi va uning qo‘riqchilari (kofirlariga): «Sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar - Parvardigorlaringizning oyatlarini sizlarga tilovat qilgan hollarida va sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar», deganlarida ular: «Ha, (kelganlar), lekin azob So‘zi kofirlar ustiga haq bo‘lgandir, (bas, bizlar ham ularni yolg‘onchi qilganimiz sababli mana shu azobga giriftor bo‘ldik)», dedilar.
(Shunda ularga) aytildi: «Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o‘sha joyda mangu qolursizlar!» Bas kibr-havo qilguvchi kimsalarning joylari naqadar yomondir!
Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga «haydaladilar». To qachon ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari; «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz», deganlarida (ular behad shodlanurlar).
Va «Bizlarga va'dasini rost qilgan va bizlarni bu (jannat) yeriga voris qilgan hamda jannatdan o‘zimiz xohlagan tarafda o‘rin olishimizga (muvaffaq qilgan) Allohga hamdu sano bo‘lsin», derlar. Bas (chiroyli) amal qilguvchi zotlarning ajr-mukofoti naqadar yaxshidir!
(Ey Muhammad), siz (o‘sha Kunda) farishtalar arsh atrofini o‘rab olgan
hollarida Parvardigorlariga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklab-tasbeh aytayotganlarini ko‘rursiz. (Zero) ularning (ya'ni barcha bandalarning) o‘rtalaridan haq (hukm) bilan hukm qilindi. Va «Hamdu sano barcha olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir», deyildi.
G'OFIR SURASI
Qur'oni Karimdagi suralar tartibida paydar-pay joylashib, «Ho, Mim» harflari bilan boshlanadigan yetti suraning avvalgisi bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan. U sakson besh oyatdir.
Suraning avvalida ushbu Qur'onni nozil qilgan zot — Alloh taoloning ulug‘ sifatlaridan bir nechasi sanab o‘tiladi. Ulardan biri «G'ofir — Mag‘firat qilguvchi» sifati bo‘lib, sura mana shu ulug‘ sifat bilan nomlangandir.
Bu surada ham so‘z boshqa Makka suralarida bo‘lgani kabi Islomiy aqida atrofida borib, haq bilan botil, iymon bilan tug‘yon o‘rtasidagi Odam Ato davridan buyon davom etib kelayotgan kurash ilohiy qalam bilan chizib beriladi.
Bu surada farishtalar tunu kun duoyu tasbehlarida Yaratgandan mo‘minlarning gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rab duo-iltijo qilishlari haqida xabar beriladi, Shuningdek bu surada ham Muso payg‘ambar bilan Fir'avn o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojarolar bayon qilinib, boshqa suralarda zikr qilinmagan bir lavha ancha batafsil tasvirlanadiki, u ham bo‘lsa Fir'avn xonadonidan bo‘lgan va o‘zining Alloh taologa iymon keltirganini sir tutib yurgan bir mo‘min kishining qissasidir. Shuning uchun bu surani «Mo‘min» surasi deb ham ataydilar.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Do'stlaringiz bilan baham: |