Alloh sizlar uchun chorva hayvonlarini (toki) sizlar o‘sha (hayvon)lardan (ayrimlarini) minishlaringiz uchun (paydo) qildi. O'sha (hayvon)lardan yeysizlar ham.
Sizlar uchun ulardan (ko‘p) foydalar bordir. (U hayvonlar) sizlar ularning ustida dillaringizdagi hojatlaringizga yetishlariigiz uchun ham (yaratilgandirlar). Sizlarni (quruqlikda) o‘sha (hayvonlar) ustida va daryo- dengizlarda esa (kemalarda) (ko‘zlagan manzillaringizga) eltib qo‘yilur.
(Alloh) sizlarga O'z oyat-alomatlarini ko‘rsatur. Bas sizlar Allohning qaysi oyatlarini inkor qilursizlar?!
Axir ular yer yuzida sayru-sayohat qilishib, o‘zlaridan avvalgi (o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilib iymonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini (ular qanday qismatga yo‘liqishganini ko‘rsalar bo‘lmaydimi?! Ular (Makka mushriklaridan) ko‘ra ko‘proq hamda quch-kuvvat va yerdagi osori atiqalari jihatidan zo‘rroq edilar. (Ammo) ularga topgan (molu-dunyolari ham, kuch-quvvatlari ham) asqotgani yo‘q.
Chunki ularga payg‘ambarlari (Allohga iymon keltirish va U zotga bo‘yinsunish zarur ekanligi haqida) aniq hujjatlar keltirgan vaqtlarida ular o‘zlarining oldilaridagi (faqat dunyoviy bo‘lgan) bilimlari bilan shodlanib- maqtandilar (va payg‘ambarlari ogohlantirgan azobni masxara qilib kuldilar). Va ularni o‘zlari masxara qilguvchi bo‘lgan (azob) o‘rab oldi.
Endi qachonki ular Bizning azobimizni ko‘rishgach «Yakka-yu yagona Allohga iymon keltirdik va (ilgari Allohga) sherik qilib olganimiz butlarga kofir bo‘ldik», dedilar.
(Lekin) Bizning azobimizni ko‘rgan vaqtdagi iymonlari ularga foyda berguvchi bo'lmadi - (Bu) Allohning (barcha) bandalari haqidagi o'tgan yo'li - qonunidir (ya'ni azob tushgan vaqtida keltirilgan iymonning foydasi bo‘lmas). Va o‘shanda kofirlar ziyonkor bo‘ldilar.
FUSSILAT SURASI Bu sura ellik to‘rt oyatdan tashkil topgan bo‘lib, Makkada nozil qilingan. Sura Qur'oni Karim ta'rifi bilan boshlanib, xushxabar eltguvchi va ogohlantirguvchi bo'lgan bu Kitobning oyatlari ongli - aqlli kishilar uchun mufassal bayon qilib berilganligini uqtiradi. Shuning uchun ham bu sura «Fussilat - Mufassal bayon qilingan sura» deb atalgandir. So‘ngra yeru osmonlarning Alloh taolo tomonidan yaratilib, intizomga solingani va O'sha zot tomonidan idora qilib turilishi batafsil bayon qilinadi. Bu surada Tangri taolo qiyomat Kunida har bir insonning ko‘z-qulog‘idan terisigacha til- zabon berib, dunyodan kufru-isyon bilan o‘tgan kimsalarning a'zoyi badanlari ham o‘zlariga qarshi guvohlik berishi haqida ogohlantiriladi va insonning «Qilayotgan amallarimni Alloh bilmaydi», degan gumonda bo‘lishi uning oxiratini kuydirishi aniq ekanligi ta'kidlanadi. Shuningdek, bu surada yolg‘iz Alloh taoloni Parvardigorim deb, so‘ngra U zot ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lda ustivor bo‘lgan zotlar uchun oxirat diyorida tayyorlab qo‘yilgan mukofot- ziyofatlar haqida ham xabar beriladi. Sura butun borliqda ham, bir insonning vujudida ham Yaratganning qudrati va hikmatiga dalolat qiladigan oyat-alomatlar mavjud ekanligi va Tangri taolo bor mavjudotni O'z ilmu qudrati bilan ixota qilib olgan Zot ekanligi haqidagi oyatlar bilan nihoyasiga yetadi. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).