Agar (qarzdor) nochor bo‘lsa, boyiguncha kuting! Agar bilsangizlar (bergan qarzingizni) sadaqa qilib yuborishingiz o‘zingiz uchun yaxshiroqdir.
Va (barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan qo‘rqingiz! So‘ngra har bir jonga qilgan amali uchun to‘la jazo beriladi va hech kimga zulm qilinmaydi.
Ey mo‘minlar, bir-birlaringiz bilan qarz muomalasini qilsangiz, yozib qo‘yinglar! Oralaringizda bir kotib adolat bilan yozsin! Hech bir kotib Alloh bildirgan yozishdan bosh tortmasin, albatta yozsin! Zimmasida qarzi bo‘lgan kishi yozdirsin — Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqsin va u qarzdan biron narsa kamaytirib yozmasin! Agar zimmasida qarzi bo‘lgan kishi aqlsiz yo ojiz (yosh bola yo juda keksa) bo‘lsa, yoki (kar, soqovligi yo til bilmasligi sababli aytib turib) yozdirishga qodir bo‘lmasa, uning homiy vakili adolat bilan yozdirsin! Va sizlar rozi bo‘ladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini, agar ikki erkak topilmasa, bir erkak va ikki ayolni — biri unutib adashsa, yana biri unga eslatadi— guvoh qilinglar! Guvohlar (guvohlik uchun) chaqirilganda bosh tortmasinlar! Xoh katta, xoh kichik qarz bo‘lsin, muddati kelgunicha yozib qo‘yishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida adolatliroq, guvohlik uchun to‘g‘riroq va shak-shubha qilmaslikka yaqinroq bo‘lgan (hukmdir). Lekin agar (o‘rtadagi muomalangiz) oralaringizda yurgizib turgan naqd savdo bo‘lsa, uni yozmasangiz-da, sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Va bir-biringiz bilan savdo qilganda guvoh keltiring! Va na kotib, na guvohga zarar yetmasin. Agar
shunday qilsangiz (ya'ni ulardan birontasiga zarar yetkazsangiz), bu Allohga itoatsizligingizdir. Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga (haq-hidoyat yo‘lini) bildiradi. Alloh hamma narsani bilguvchidir.
Agar safarda bo‘lsangiz va kotib topa olmasangiz (berilgan narsa evaziga) qo‘l bilan tutgudek garov oling! Agar bir-birlaringizga omonat qo‘ysangiz, omonat qo‘yilgan kishi omonatini ado qilsin va Parvardigori — Allohdan qo‘rqsin! Guvohlikni yashirmangiz! Kim (guvohlikdan bosh tortish bilan) uni yashirsa, bas, albatta uning qalbi osiy -gunohkordir. Alloh qilayotgan amalingizni bilguvchidir.
Samovot va yerdagi bor narsa Allohnikidir. Ichingizdagi narsani xoh oshkor qiling, xoh yashiring, Alloh sizlarni o‘sha narsa bilan hisob-kitob qiladi va O'zi istagan kishini mag‘firat qilib, O'zi istagan kishini azoblaydi. Alloh hamma narsaga qodirdir.
Payg‘ambar o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga iymon keltirdi va mo‘minlar (ham iymon keltirdilar). Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga iymon keltirgan har bir kishi (aytdi): «Uning payg‘ambarlaridan biron kishini ajratib qo‘ymaymiz». Va «Eshitdik va itoat etdik. Parvardigoro, gunohlarimizni mag‘firat qilishingni so‘raymiz. Va faqat O'zingga kaytajakmiz», dedilar.
Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali o‘zi uchundir va (yomon) amali ham o‘zining buynigadir. Parvardigoro, agar unutgan yoki xato qilgan bo‘lsak, bizni azobingga giriftor aylama! Parvardigoro, bizlarning zimmamizga bizdan ilgari o‘tganlarning bo‘yinlariga qo‘ygan yukingni yuklama! Parvardigoro, bizlarni toqatimiz yetmaydigan narsaga zo‘rlama! Bizlarni afv et, (gunohlarimizni) mag‘firat qil, (holimizga) rahm ayla! O'zing xojamizsan! Bas, bu kofir qavm ustiga O'zing bizni g‘olib qil!
Do'stlaringiz bilan baham: |