Bas, (ey Muhammad), qachon siz (kishilarni Haq yo‘liga da'vat qilishdan) forig‘ bo‘lsangiz (o‘rningizdan) turing.
Va yolg‘iz Parvardigoringizga yuzingizni buring!
TIYN SURASI Bu sura sakkiz oyatdan tashkil topgan bo‘lib, Makkada nozil qilingan. Unda Alloh taolo yaratgan eng go‘zal va mukammal xilqat inson ekanligi, lekin ayrim kimsalar kufru-isyon botqog‘iga botib, pastlarning pastiga aylanib qolishlari, bu hayoti- dunyodan iymon va ezgu amallar bilan yashab o‘tgan insonlar esa beadoq ajr- mukofotlarga ega bo‘lishlari haqida so‘z boradi. Sura o‘zining ilk oyati bilan «Va-t-Tiyn — Anjir mevasiga qasam», deb nomlangandir. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Anjirga qasam, zaytunga qasam.
(Alloh taolo Muso payg‘ambar bilan bevosita so‘zlashgan) Sino tog‘iga qasam.
Mana shu tinch-osoyishta shahar (Makkai mukarrama)ga qasamki.
Darhaqiqat Biz insonni eng go‘zal shaklu shamoyilda yaratdik.
So‘ngra (u Biz ato etgan shunday go‘zal surat va mukammal xilqatning shukrini qilmasdan, kufru tug‘yon yo‘liga ketgach), uni asfala-sofilinga (ya'ni eng tuban do‘zaxga) qaytardik.
Faqat (qay) bir zotlar iymon keltirsalar va yaxshi amallar qilsalar, ana o‘shalar uchun bitmas-tuganmas ajr-mukofot bordir.
Bas, (ey inson), endi (ya'ni Alloh taoloning barcha narsaga qodir zot
ekanligini bilganingdan so‘ng) nima seni (Qiyomat kunida bandalarning qilib o‘tgan amallariga beriladigan) jazoni yolg‘on deyishga majbur qilur?! Axir Alloh hukm qilguvchilarning eng adolatlisi emasmi?! (Darhaqiqat Alloh taolo Qiyomat kunida eng odil hukm qilguvchidir).
ALAQ SURASI Makkada nozil bo‘lgan bu sura o‘n to‘qqiz oyatdan iboratdir. Suraning o‘qib-o‘rganishga va Yaratganning qanday zot ekanini, insonning nimadan yaratilganini anglashga da'vat etuvchi avvalgi besh oyati zaminni osmon bilan bog‘lab turguvchi Kalomullohning, barcha insonlar uchun ilohiy dasturul-amal bo‘lmish Qur'oni Karimning ilk oyatlaridir, Alloh taoloning so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhis- salomga qilgan ilk ilohiy xitobidir. Suraning keyin nozil bo‘lgan oyatlarida inson tabiatidagi bir qusur — o‘zini boy-behojat ko‘rishi bilan tug‘yonga tushishi to‘g‘risida so‘z yuritilib, ana shunday hadlaridan oshgan kimsalar hali Parvardigor dargohiga qaytib, hisob-kitob berishi borligi haqida ogohlantiriladilar. So‘ngra o‘shalardan biri, o‘zining mol-dunyosi va hamtovoqlarining ko‘pligiga ishonib haddidan oshgan va Payg‘ambarimizga tinimsiz ozor-aziyatlar yetkazgan Abu Jahl (Jaholat otasi) laqabli bir mal'un kofirning kirdikorlari keltirilib, agar u o‘zining kufru tug‘yonidan qaytmasa, oxir-oqibat duchor bo‘ladigan halokati haqida xabar beriladi. Bu surada inson quyuq - laxta qondan yaratilgani to'g'risida ilk bora aytilgani sababli, uni «Alaq — Laxta qon» deb nomlangandir. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).