Darvoqe, sizlarning do'stingiz faqat Alloh, Uning Rasuli va imon keltirganlar hamda namoz o'qiydigan va ruku' qilgan hollarida ham zakot beruvchilardir.
Izoh: Bu oyat Hazrat Ali ibn Abi Tolib (r. a. ) xususida nozil qilingan. Ul zoti sharif namoz ichida ruku'da engashib turganlarida, bir gado kelib tilamchilik qiladi. Hazrat Ali barmoqlaridan uzuklarini chiqarib, gado tomonga otib yuboradilar. U kishining bu muruvvatlari Allohga maqbul bo'ladi.
Kimki Allohni, Rasulni va imon keltirganlarni do'st tutsa, albatta, Allohning (bu) hizbi chinakam g'oliblardir.
Izoh: Hizb so'zining lug'aviy ma'nosi guruh, partiya, tobe kishilar demakdir. Allohning hizbi deganda Payg'ambari va imon keltirgan zotlarni, musulmonlarni tushunish lozim bo'ladi.
Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldin Kitob berilganlardan diningizni mazax va o'yin qilib olganlar hamda kofirlar bilan do'st tutinmangizlar. Mo'min bo'lsangizlar, Allohdan qo'rqingizlar!
(Ular) namozga azon aytsangizlar, uni (namozni) mazax va o'yin qilib oladilar. Bu ularning anglamaydigan qavm ekanidan (dalolat)dir.
Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Allohga, bizga nozil qilingan (Qur'on)ga va oldin nozil qilingan (Kitoblar)ga imon keltirganimiz, sizlarning aksariyatingiz esa fosiq (itoatsiz) bo'lganingiz tufayli bizdan o'ch olyapsizlarmi?"
Ayting: "Alloh nazdida bundan ham yomonroq "savob" (jazo) to'g'risida sizlarni xabardor qilaymi? Alloh la'natlagan, g'azab qilgan, ulardan (ba'zilarini) maymun va cho'chqalarga aylantirgan hamda shaytonga ibodat qilganlar (uchun beriladigan jazodir). Ana o'shalarning makoni yomon va to'g'ri yo'ldan ko'proq adashgan kimsalardir.
Izoh: Ushbu oyat dalolat qiladiki, odam maymundan emas, balki tarixda ba'zi osiy kishilardan maymun va cho'chqalar paydo bo'lgan. Tafsirlarda aytilishiga qaraganda, shanba kuni baliq ovidan qaytarilgan bir qabila yahudiylari Allohga hiyla ishlatib nofarmonlik qilganlari uchun Alloh ularni maymun shakliga kiritish bilan jazolagan. Iso (a. s.)ga nozil bo'lgan dasturxon ne'matlariga noshukurchilik qilgan kofirlarni esa Alloh taolo jazolab, cho'chqa shakliga kiritib qo'ygan degan rivoyat bor.
Sizlarga kelib: "Imon keltirdik", - deyishadi. Vaholanki, kufr bilan kirib, kufr bilan chiqib ketadilar. Alloh ular yashirib yurgan narsa (ikkiyuzlamachiliklari)ni yaxshi biluvchidir.
Ularning aksariyati gunoh, adovat va haromxo'rlik sari shosha-pisha intilayotganliklarini ko'rasiz. Qilayotgan ishlari o'ta yomon ishdir.
Ruhoniy va olimlari ularni gunoh gaplari va haromxo'rliklaridan qaytarsalar bo'lmaydimi? Qilayotgan sir-sinoatlari juda yomondir!
Do'stlaringiz bilan baham: |