Agar (dushman hujumidan) xavfda bo'lsangiz, bas, piyoda yoki ulovda (namoz o'qiyveringiz). Bexavotir bo'lganingizda, bilmaganlaringizni sizlarga qanday o'rgatgan bo'lsa, xuddi shundek Allohni zikr etingiz (namozda).
Sizlardan vafot etib xotinlarni qoldirganlar xotinlariga bir yilgacha (erining uyidan) chiqarilmay ta'minlanadigan miqdordagi narsani vasiyat qilsinlar. Agar ular (xotinlar) o'zlari (ixtiyoriy ravishda) chiqib ketib, o'zlariga tegishli (ziynat, pardoz va sovchilarga ko'rinish kabi) yaxshi ishlarni qilishsa, sizlarga gunoh yo'qdir. Alloh qudrat va hikmat egasidir.
Taloq qilingan ayollarni me'yorida ta'minlash taqvodor (er)larning zimmalariga vojibdir.
Izoh: Nafaqa ayolning iddasi chiqqunga qadar to'lanadi.
Shu tariqa Alloh sizlarga o'z oyatlarini bayon etadi, shoyad aqlni ishlatsangizlar.
Ko'rmadingizmi (ey, Muhammad), o'lishdan qo'rqib, o'z yurtlaridan chiqib ketgan minglab kishilarga Alloh: "O'linglar!" - dedi. So'ng (yana) ularni tiriltirdi. Albatta, Alloh odamlarga fazlu karamlidir. Lekin, ko'p odamlar (bunga) shukr qilmaydilar.
Izoh: O'limdan qo'rqib, deganda jangdagi yoki vabo kasalligidan o'lish xavfidan qochish deb tafsir qilinadi. Bu Allohning ibratomuz ishlaridandir. Ya'ni, qochish bilan o'limdan qutulishning iloji yo'qdir. Bu qadimgi ummatlar qilmishidan ibratlanish uchun aytilgan qissadir.
Alloh yo'lida jang qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.
Allohga chiroyli qarz beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, (rizqni) tang va keng qiladigan Allohning o'zidir va Unga qaytarilajaksizlar.
Musodan keyin Isroil avlodining zodagonlarini ko'rmadingizmi?! Ular o'zlarining payg'ambariga: "Bizga bir podshoh yuborgin, (biz u bilan) birga Alloh yo'lida jang qilaylik",- deyishdi. "Balkim sizlarga urush farz qilinsa, urushmassiz", - dedi (payg'ambar). Ular: "Yurtimizdan va farzandlarimizdan judo qilinib turibmiz-ku, nega Alloh yo'lida urushmas ekanmiz?" - dedilar. Urush farz qilinganda esa, ozgina kishidan tashqarilari bosh tortdilar. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir.
Izoh: Payg'ambarlarining kimligi to'g'risida turlicha tafsir qilinadi. Ba'zi mufassirlar Sham'un desalar, boshqalari Ashmavil deydilar.
Ularga payg'ambarlari: "Alloh sizlarga Tolutni podshoh etib yubordi", - desa, ular: "Unga ustimizdan qanday ham podshohlik bo'lsin, axir hukmronlikka biz undan haqliroqmiz-ku, (bundan tashqari) unga mol-mulk ham mo'l-ko'l berilmagan", - deyishdi. Payg'ambar aytdi: "Alloh uni sizlarga O'zi tanlab, uni ilmda va jismonan ziyoda etdi. Alloh mulkini O'zi xohlagan kishiga beradi. Alloh
(karami) keng va bilimdondir".
Do'stlaringiz bilan baham: |