Rabbingizdan (haj mavsumida tijorat bilan) fazl tilashingizda sizlarga (hech qanday) gunoh yo'qdir. Arafotdan tushganingizda, Mash'ari Haromda (Muzdalifada) Allohni (talbiya, tahlil, takbir, sano bilan) zikr eting! U sizlarni - garchi ilgari adashganlardan bo'lsangiz-da - haq yo'lga hidoyat qilgani kabi, sizlar ham Uni yod etingiz!.
So'ngra odamlar tushgan yerdan (Arafotdan) tushingizlar va Allohdan mag'firat so'rangizlar. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
Izoh: Bu yerdagi buyruq Makka ahliga qaratilgan, zero, ular odatda, Arafotda to'xtab o'tmasdan Muzdalifa degan yaqinroq joydan qaytar edilar.
(Hajga oid) ibodatlaringizdan forig' bo'lganlaringizdan keyin Allohni go'yo ota-bobolaringizni (madhiyalar bilan) yod etganlaringizdek, balki undan ham ziyodroq yod etingiz! Odamlar orasida shunday kimsa ham bo'ladiki, u: "Ey, Rabbimiz, bizga shu dunyoda bergin", - deydi. Vaholanki, unga oxiratda nasiba yo'qdir.
Yana shundaylari ham borki, ular: "Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do'zax azobidan asragin", - deydilar.
Aynan o'shalarga qilgan ishlaridan nasiba (savob) bordir. Alloh tez hisob (kitob) qiluvchidir.
Sanoqli (ma'lum) kunlarda Allohni (ko'proq) zikr qilingiz!* Kimki ikki kunda shoshilsa (haj ishlarini tugatib ketsa), unga gunoh yo'q. Kim (uchinchi kungacha) kechiksa, unga ham gunoh yo'qdir, basharti taqvoli bo'lsa. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, sizlar, albatta, Uning huzuriga (qiyomatda) to'planursizlar.
Izoh: Sanoqli kunlar - tashriq kunlari. Ular hanafiy mazhabi bo'yicha Zul-hijja oyining 10,11,12 kunlari, shofe'iy mazhabida esa 11,12,13 kunlaridir.
Odamlar orasida shunday kimsalar borki, dunyo hayoti to'g'risidagi gapi Sizga qiziqarli bo'ladi. Dilidagi "imoni"ga Allohni guvoh qiladi, vaholanki, o'zi (Islomga) dushmanlarning ashaddiysidir.
(Oldingizdan) ketganida yerda fitna-fasod, ekin va naslni halok qilish ishlari bilan yuradi. Alloh esa fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi.
Unga "Allohdan qo'rqqin" deyilsa, g'ururi uni gunoh ishlarga undaydi. Unga faqat jahannam bas kelur. Naqadar mudhish joy u!
Izoh: Bu oyat munofiq Axnas ibn Shariq xususida nozil bo'lgan. U Payg'ambar (a. s.)ga o'zini sodiqdek ko'rsatib, dilidagi yovuz g'arazlarini yashirgan paytda, Alloh taolo O'z Rasulini bundan ogoh qilgani to'g'risida xabar bermoqda.
Odamlar orasida Allohning roziligini istab, jonini beradigani ham bor. Alloh bandalarga mehribondir.
Ey, mo’minlar, yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir.
Agar sizlarga hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin ham yanglishsangizlar, bilingizki, albatta, Alloh qudrat va hikmat sohibidir.
Ular (haqni inkor etuvchilar) balkim, soyabon bulutlar ostida Alloh va farishtalar kelganda ish tugashini (qiyomatni) kutayotgandirlar. Barcha ishlar Allohga oshirilajak, albatta.
Isroil avlodidan so'rang, ularga qanchalab aniq mo''jizalar beribmiz! Kim Allohning ne'mati kelgandan keyin uni o'zgartirar (noshukrlik qilar) ekan, albatta, Allohning jazosi qattiqdir.
Kufr yo'lidagilarga bu dunyo ziynatli qilib qo'yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo'lganlar ulardan balanddirlar. Alloh xohlagan kishilarga behisob rizq berur.
Odamlar bir millat (bir xil dinda, ya'ni, Islomda) edilar. So'ng (ular buzilib ketgach,) Alloh ham xushxabar beruvchi, ham ogohlantiruvchi payg'ambarlarni yubordi. Yana ular bilan birga odamlar orasida chiqqan kelishmovchiliklarni hal etadigan hukmlarni chiqarsin deb (ilohiy) Kitob ham nozil qildi. Hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin, shu kitob berilganlarning o'zi hadlaridan oshib (hasad qilib,) u to'g'rida ixtilof qildilar. Lekin, Alloh imon keltirganlarni ular ixtilof qilgan narsalar (ichi)dan O'z izni bilan haqqoniy yo'lga yo'lladi. Alloh O'zi xohlagan kishilarni hidoyatga yo'llaydi.
Izoh: Bu oyatdagi "bir millat" iborasiga turli xil tafsirlar aytilgan. Birinchisi - Idris va Nuh (a. s.)lar zamonida odamlar bir xil kofir millat edilar. Ikkinchisi – Ibrohim (a. s.) zamonlarida ko'pchilik odamlar bir millat, ya'ni Islom dinida edilar. Yana boshqa tafsirda Odam (a. s.) davrida hamma musulmon edi. O'g'li Qobil o'z birodari Hobilni o'ldirgandan keyin kofirlar safi ko'paya boshlagan.
Yoki (ey, mo’minlar,) sizlardan ilgari o'tganlarning kuni (boshlaringizga) kelmay turib, jannatga (osongina) kiramiz, deb o'yladingizmi? Ularga balo va musibatlar kelib, shunchalik larzaga tushgan edilarki, hatto payg'ambar va imonli kishilar: "Allohning yordami qachon (kelar ekan)?" deganlar (betoqat bo'lishgan). Aslida esa Allohning yordami yaqindir.
Sizdan (ey, Muhammad,) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: "Nimaniki xayr-ehson qilsangizlar, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingizlar! Har qanday qilgan ehsonlaringizni Alloh bilib turuvchidir".
Sizlarga (yov bilan) jang qilish farz qilindi, vaholanki, u sizlar uchun yoqimsizdir. Ehtimol, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o'zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsalaringiz esa (aslida) yomondir. Alloh bilur, sizlar esa bilmassizlar.
Sizdan "Shahri Harom"da jang qilish (hukmi) haqida so'raydilar. Ayting: "Unda jang qilish katta gunohdir. (Lekin, odamlarni) Alloh yo'lidan qaytarish, Unga kufr keltirish va (hojilarni) Masjidi Haromdan to'sish hamda aholisini quvib chiqarish Alloh nazdida yana ham kattaroq gunohdir. Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir. Ular imkon topsalar, to diningizdan qaytarmaguncha, sizlar bilan jang qilaveradilar. Sizlardan kimda-kim o'z (Islom) dinidan qaytib, kofir holida o'lsa, unday kimsalarning qilgan amallari (toat-ibodatlari) dunyoyu oxiratda behuda ketar. Ular do'zax ahlidirlar va unda mangu qolurlar.
Izoh: Shahri Harom – hurmatli oy. Ya'ni, Rajab oyi. Rasululloh bu oy kirmasdan turib, Quraysh mushriklaridan iborat karvon yo'lini poylab, o'ch olish uchun bir guruh askarni yuborgan edilar. Ular Rajab
oyi kirib qolganidan bexabar mushriklarga hujum qilib, mag'lubiyatga uchratganlar. Bu voqeadan keyin mushriklar ta'na qilishib: "Muhammad hurmatli oyda jang qildi. Alloh harom qilgan narsani halol deb bildi", - deganlarida, Alloh taolo mushriklarning qilmishlari musulmonlar yo'l qo'ygan bu kamchilikdan battar ekanligini bayon qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |