Bas, ana shu Alloh haqqoniy Rabbingizdir. Haqiqatdan o'zgasi esa gumrohlikdir. Bas, qayoqqa og'ib ketayapsizlar?!
Shunday qilib imon keltirmaganlari sababli fosiqlik qilganlar ustidan Rabbingizning (azoblayman degan) so'zi haq bo'lib chiqdi.
Ayting: "Sherik (but, sanam)laringiz ichida oldin yaratib, (o'lgandan keyin) yana (hayotga) qaytara oladigani bormi?!" Ayting: "Alloh oldin yaratib, so'ngra qaytara oladi. Bas, qayoqqa og'ib ketmoqdasizlar?!"
Ayting: "Sherik (but, sanam)laringiz ichida haq yo'lga soladigani bormi?!" Ayting: "Alloh haq yo'lga soladi. Haq yo'lga sola oladigan Zot ergashilishga haqliroqmi yoki yo'lga sola olmaydigan, balki o'zi yo'lga solinishga muhtoj narsami?! Bas, sizlarga ne bo'ldi?! Qanday hukm qilmoqdasiz (o'zi)?!"
Aksariyati faqat gumon ortidan ergashadilar. Gumon esa, biror narsada haqiqat o'rniga o'tmaydi. Albatta, Alloh ularning ishlaridan ogohdir.
Ushbu Qur'on Allohdan boshqa kimningdir tomonidan to'qilgan bo'lishi mumkin emas. Balki, u (butun) olamlar Parvardigori tomonidan (kelgan), shubhasiz, o'zidan oldingi narsa (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi va batafsil (bayon etilgan) kitobdir.
Yoki: "Uni (Muhammad) to'qigan", - deydilarmi?! Ayting: "U holda, agar rostgo'y bo'lsangizlar, unga teng birgina sura keltirib, Allohdan boshqa imkoningiz boricha kishilarni (yordamga) chorlangiz!"
Balki, (ular Qur'on) ilmini egallamay turib va uning ta'vili (tafsiri) kelmay turib, yolg'onga yo'ydilar. Ulardan oldingilar ham (payg'ambarlarini) xuddi shunday yolg'onchiga chiqargan edilar. Zolimlarning taqdiri qanday bo'lganiga boqing!
Ular ichida (unga) imon keltirganlari bor va ular ichida unga imon keltirmaydiganlari ham bor. Rabbingiz esa buzg'unchilarni biluvchiroqdir.
Agar Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, ayting: "Mening ishim - menga. Sizlarning ishlaringiz - sizlarga! Cizlar mening qilayotgan ishimga daxlsizdirsizlar, men sizlarning ishlaringizga daxlsizdirman".
Ular ichida Sizga (beparvolik bilan) quloq soladiganlari ham bor. O'zlari aql yurgizmaganlaridan keyin Siz "karlar"ga (gap) eshittira olarmidingiz?!
Ular ichida Sizga (shunchaki) nazar tashlab turadiganlari ham bor. O'zlari ko'rmasalar, ko'rlarni yo'lga sola olarmidingiz?!
Albatta, Alloh odamlarga biror narsada zulm qilmaydi. Lekin odamlar o'zlariga zulm qiladilar.
Ularni (qiyomatda) to'playdigan kunda (o'zlarini bu dunyoda) go'yo kunduz kunning bir soaticha turgandek sezishib, bir-birlarini taniy boshlaydilar. Alloh bilan muloqotda bo'lishni inkor etganlar ziyon ko'rdilar va hidoyat topganlardan bo'lmadilar.
Agar Biz ularga va'da qilayotgan (azob)ning bir qismini Sizga ko'rsatsak yoki (oldinroq) Sizni vafot ettirsak ham, baribir ularning qaytib boradigan joyi Bizning huzurimizdir. So'ngra (qolganiga) Alloh ularning kirdikorlariga guvohdir.
Har bir ummat uchun payg'ambar (bordir). Bas, payg'ambarlari kelganda, ularga zulm qilinmagan holda o'rtalarida odilona hukm qilinur.
Izoh: Isro' surasining 14-oyatida ham shu mazmun talqin etiladi.
"Agar rostgo'y bo'lsangizlar, bu va'da (azob) qachon (bo'ladi)?" - deydilar.
Ayting: "Alloh xohlamas ekan, men (hatto) o'zimga (ham) na zarar va na foyda yetkazishga aslo ega bo'lmasman. Har bir ummat uchun (muayyan) ajal (muddat) bordir. Ajallari yetganda, biror soat kechiktira olmaydilar ham, oldinga ham sura olmaydilar".
Ayting: "Ko'rdingizmi, agar Uning azobi sizlarga kechasi yoki kunduzi kelsa, jinoyatchilar u (azob)ning nimasini shoshiltiradilar?!"
Qachon (o'sha azob) ro'y bergandan so'ng unga imon keltirasizlarmi?! Endimi?! Uni (qachon bo'ladi deb) qistagan edingiz-ku!
So'ngra zulm qilganlarga: "Mangu azobni totingizlar! Qilgan qilmishlaringiz sababligina jazolanursizlar", - deyiladi.
Sizdan: "U (azob) haqmi?" - deb so'raydilar. Ayting: "Rabbimga qasamki, ha, u albatta haqdir. Sizlar esa ojiz qoldiruvchi (undan qutuluvchi) emassizlar".
Zulm qilgan har bir jon (egasi)da Yerdagi bor narsa bo'lgan taqdirda (azobdan qutulish uchun), albatta, uni to'lagan bo'lur edi. Azobni ko'rishgach, armonlarini ichlarida saqlaydilar. O'rtalarida ularga zulm qilinmasdan odilona hukm qilinur.
Ogoh bo'lingizki, osmonlar va Yerdagi narsalar, albatta, Allohnikidir. Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning va'dasi haqdir, lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar.
U tiriltirur va o'ldirur hamda Uning huzurigagina qaytarilursizlar.
Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va'z (nasihat), dillardagi narsa (shirk illati)ga shifo va mo'minlarga hidoyat va rahmat keldi.
Ayting: "Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo'minlar) shodlansinlar! U to'plagan (boyliklari)dan yaxshiroqdir.
Izoh: Bu oyatda Allohning ikki ulug' ne'mati zikr qilinayotir. Biri fazli. Ya'ni, Islom dini. Ikkinchisi rahmati. Ya'ni, Qur'oni karim. Hadisi sharifda aytiladiki, "kimgakim Alloh taolo Islom dini va Qur'on ilmini nasib etgan bo'lsayu, u kambag'alman deb koyinsa, Alloh to qiyomat kunigacha uning ikki ko'zi o'rtasiga (peshonasiga) faqirlik tamg'asini bosib qo'yar".
Ayting: "Ko'rdingizmi, Alloh sizlar uchun nozil qilgan rizqdan (birini) harom, boshqasini halol qilib oldingiz". Ayting: "Ko'rdingizmi, sizlarga Alloh ruxsat berdimi yoki Allohga tuhmat qilyapsizlarmi?!"
Alloh sha'niga yolg'on to'qiydiganlarning qiyomat kuni haqidagi gumonlari nimadan iborat ekan?! Albatta, Alloh odamlarga (nisbatan) fazl sohibidir, lekin ularning aksariyati shukr qilmaydilar.
Qaysi bir mashg'ulotda bo'lmang, undan (Qur'ondan) biror (oyat) tilovat qilmang, (umuman) qanday ish qilmang, illo o'shanga kirishganingizdayoq sizlarga shohid bo'lurmiz. Yerda, xoh osmonda biror zarra miqdorida yoxud unda kichikroq narsa ham Rabbingizdan chetda qolmaydi, balki (u) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da bordir.
Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning valiy (do'st)lariga (oxiratda) xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaslar.
Ular imon keltirgan va taqvoli bo'lganlardir.
Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir. Allohning so'zlarida o'zgartirish yo'qdir. Ana shu buyuk yutuqdir.
Ularning (kofirlarning) gapi Sizni xafa qilmasin! Kuch-qudratning hammasi Allohdadir. U eshituvchi va biluvchidir.
Ogoh bo'lingizki, albatta, osmonlar va Yerdagi barcha jonzotlar Allohnikidir. Allohni qo'yib, sherik (but-sanam)larga ergashib, iltijo qiladiganlar faqat gumon (narsa)ga ergashadilar va ular faqat taxmin qiladilar.
U sizlarga orom olishlaringiz uchun kechani va (yashash uchun) yorug'lik beradigan qilib kunduzni yaratgan zotdir. Albatta, bunda eshituvchi qavm uchun alomatlar bordir.
"Alloh farzand tutdi", - dedilar. U (bu tuhmatdan) mutlaqo pokdir. U boydir. Osmonlar va Yerdagi narsalar Unikidir. Sizlarning huzuringizda bu to'g'rida (Allohning farzandli ekanini isbotlaydigan) hech
qanday hujjat yo'qdir. Alloh sha'niga bilmaydigan narsalaringizni gapirasizlarmi?!
Ayting: "Albatta, Alloh nomidan yolg'on to'qiyotganlar najot topmaslar".
(Ular uchun) bu dunyoda ozgina bahramandlik bor. So'ngra, qaytishlari Biz saridir. (Shundan) so'ng kofir bo'lganlari uchun ularga qattiq azobni tottirurmiz. .
(Ey, Muhammad!) Ularga Nuh haqidagi xabarni o'qib bering! U (o'z) qavmiga aytgandi: "Ey, qavmim! Agar sizlarga (mening orangizda) turishim va Allohning oyatlarini (sizlarga) eslatishim og'irlik qilgan bo'lsa, bas, Allohga tavakkul qildim. Sherik (but va sanam)laringiz bilan bir bo'lib ishlaringizni qilaveringizlar! Keyin ishlaringiz sizlarga g'am-tashvish bo'lmasin, tag'in! So'ngra hukmingizni menga ijro etaveringizlar, meni kutib o'tirmangizlar!
Izoh: "Ishlaringiz sizlarga g'amtashvish bo'lmasin" – jumlasidagi "g'am-tashvish" boshqa ma'noda ham tafsir qilingan. Masalan, "maxfiy bo'lmasin", - degan ma'noda. Bunga qaraganda, jumlaning ma'nosi Nuh (a. s.) o'z qavmiga: "Meni halok qilish niyatlaring maxfiy emas, oshkora bo'lsin", -degan bo'ladilar.
Bas, agar yuz o'girsangizlar, sizlardan (men xizmatim uchun) haq so'raganim yo'q. Mening (tegishli) haqqim (savobim) Allohning zimmasidadir. (Men Allohga) taslim etuvchilardan bo'lishga buyurilganman".
Bas, uni (Nuhni) yolg'onchiga chiqarishgach, Biz uni va u bilan kemada birga bo'lganlarni xalos etdik va ularni (Yerda) o'rinbosarlar qildik. Oyatlarimizni yolg'onga yo'yganlarni esa (to'fon suviga) g'arq qildik. Ogohlantirilganlarning oqibatiga (taqdiriga) boqing!
Do'stlaringiz bilan baham: |