Jinoyatchilar (mushriklar) yoqtirmasalar ham (Alloh) haqni haq, nohaqni nohaq (ekanini isbot) etish uchun (shu ishlarni qiladi).
Rabbingizga (yordam so'rab) faryod qilganingizda: "Men sizlarga ketma-ket (keluvchi) ming nafar farishta bilan madad beruvchidirman", - deb (duoingizni) ijobat etganini eslang!
Alloh (bu yordamni) faqat (sizlarga) xushxabar bo'lishi va dillaringiz taskin topishi uchun qildi. G'alaba faqat Alloh huzuridangina (bo'lur). Alloh, albatta, qudrat va hikmat sohibidir.
Uning tarafidan xotirjamlik uchun sizlarni mudroq bostirgani, ustilaringizga osmondan suv (yomg'ir) tushirib, u bilan sizlarni poklash, shaytonning vasvasasini sizlardan daf etish, dillaringizga (o'zaro) aloqa paydo qilish va u bilan qadamlaringizni sobit (mustahkam) qilishni iroda etganini eslang!
Rabbingiz farishtalarga vahiy qilib: "Men sizlar bilan birgadirman. Bas, imon keltirganlarni sabotga undangiz! Kufrga ketganlarning dillariga qo'rquv solib qo'yajakman. Bo'yinlar uzra uringiz (qatl etingiz) va ularning har bir barmog'iga (har taraflama) zarba beringiz", - deganimni eslang!
Bu shuning uchunki, ular Alloh va Rasuliga muxolif bo'ldilar. Kimki Alloh va Rasuliga muxoliflik qilsa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir.
Ana shu sizlarga! Uni totib ko'ringiz! Kofirlar uchun (esa) do'zax azobi muqarrardir.
Ey, imon keltirganlar! Kofir bo'lganlar to'dasi bilan to'qnashganingizda, ulardan ortga qarab chekinmangiz!
Kimki o'sha kuni ulardan ortga chekinsa - jang ishi bilan chetlagan va biror bo'linmaga qo'shilishga borganlar bundan mustasno - Allohning g'azabi bilan (birga) qaytgan bo'lib, joyi jahannam bo'lur. Qanday ham yomon oqibat bu?!
Ularni sizlar o'ldirmadingiz, balki ularni Alloh o'ldirdi. Otganingizda Siz otmadingiz (ey, Muhammad,) balki Alloh otdi. Mo'minlarni O'zining yaxshi sinovi bilan (bir) sinash uchun (shunday qildi). Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.
Izoh: Muhammad (a. s.) yov lashkari bilan to'qnash kelganlarida, qo'llariga bir hovuch tuproq olib: "Shohatil - vujuh!" -ya'ni, yuzlaring qursin! - deb ular tomon sochib yuborganlar. Allohning amri bilan lashkarlar ko'zi chang bilan to'lgan. Oyatda shu ilohiy madadlar eslatilmoqda.
Sizlarga - shu! Alloh esa kofirlar makrini susaytiruvchidir.
Izoh: Bu yerda Makka ahliga qarata xitob qilinmoqda.
Agar yordam so'rasangiz, mana sizlarga yordam keldi. Agar tiyilsangiz, unda u sizlar uchun yaxshidir. Bordi-yu (yana) qaytsangiz, (Biz ham) qaytamiz. Sizlarga to'dangiz biror foyda bermaydi, garchi ko'pchilik bo'lsa ham. Alloh esa, mo'minlar bilan birgadir.
Ey, imon keltirganlar, Allohga va (Uning) Rasuliga itoat etingiz! O'zlaringiz eshitib turib, Undan yuz o'girib ketmangiz!
O'zlari eshitmasalarda, "Eshitdik" deydiganlardan bo'lmangiz!
Allohning nazdida hayvonlarning eng yomoni bu aqlni ishlatmaydigan "kar" va "soqov"lardir.
Agar Alloh ularda yaxshilik (bo'lishi)ni bilsa edi, ularni eshitadigan qilib qo'yar edi. Eshitadigan qilganda ham (ular) bosh tortib, yuz o'girgan bo'lar edilar.
Ey, imon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingizlar! Yana bilib qo'yingizki, Alloh inson bilan uning dili (o'rtasi)da "parda"ni bo'lib turadi va Uning (huzuriga) jam bo'lursizlar.
Izoh: Ya'ni Alloh shu qadar insonga yaqin.
Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir.
Izoh: Arab tilida fitna oyatdagi sinov ma'nosida ham keladi. Demak, boylik va farzandlarni Alloh taolo bandalarini sinab ko'rish uchun berar ekan. Ya'ni boylikni xayrli ishlarga sarf etish, farzandlarga to'g'ri tarbiya berish orqali barkamol avlodni voyaga yetkazish lozimligi ma'lum bo'ladi.
Yana, sizlar Yerda (Makkada) ozchilik va zaiflashgan holingizda, odamlar (mushriklar) sizlarni talon-taroj qilib ketishlaridan qo'rqib turganingizda, sizlarga (Madinadan) joy berib, yordami bilan sizlarni quvvatlagani va shukr qilarsizlar, deb pokiza (ne'mat)lar bilan rizqlantirganini eslangizlar!
Ey, imon keltirganlar! Allohga va Rasulga (buyruqlariga) xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qo'ygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!
Bilib qo'yingizki, albatta, mol-mulklaringiz va farzandlaringiz fitna (gunoh, azob va mashaqqat manbai)dir. Allohning huzurida (esa) ulkan mukofot (bordir).
Ey, imon keltirganlar! Agar Allohdan qo'rqsangiz, Sizlar uchun (haq bilan nohaqlikni) ajrim etuvchi (yordam)ni berur va gunohlaringdan o'tib, sizlarni mag'firat qilur. Alloh ulkan fazl sohibidir.
Kofir bo'lganlarning Sizni asir olish yo o'ldirish yoki (yurtdan) chiqarib yuborish uchun makr qilganlarini eslang! (Ular) makr qiladilar, Alloh (ham) "makr" qiladi*. Alloh makr qiluvchilarning yaxshisidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |