Hujjatlar kelgandan keyin ham bo'linib, o'zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o'xshamangiz! Ana o'shalarga ulkan azob bordir.
Ba'zi yuzlar oqaradigan va ba'zi yuzlar qorayadigan Kun (qiyomat)ni eslang: yuzi qorayganlarga: "Imon keltirgandan keyin yana kufrga qaytgan edingizlarmi? Kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib ko'ring, endi", - deyilur.
Yuzlari oqargan zotlar esa Allohning rahmati (jannati)dadirlar. Ular u yerda abadiy qoluvchilardir.
Bu Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga haqqoniy ravishda o'qib bermoqdamiz. Alloh olamlarga
zulmni ravo ko'rmas.
Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir va (barcha) ishlar Allohga qaytarilur (Alloh hukmiga oshirilur).
Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz (ey, musulmonlar! Zero, siz) amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz. Agar ahli kitoblar (ham) imon keltirganlarida edi, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi. Ular orasida mo'minlari ham bor, ko'pchiligi esa fosiqlardir.
Ular sizlarga (biroz) ozor berishdan boshqa zarar yetkaza olmaydilar. Agar sizlar bilan urushsalar, chekinib qochurlar. So'ng, ularga yordam berilmas.
Alloh va (musulmon) odamlar himoyasiga olinmagan taqdirda, (ular) qayerda bo'lishlaridan qat'iy nazar, xorlikka mahkumdirlar. Ular Allohning g'azabiga uchradilar va miskinlikka mahkum bo'ldilar. Bunga sabab - Alloh oyatlarini inkor etishlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirishlari, itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir.
Izoh:Musulmon mamlakatlari himoyasida yashaydigan g'ayridinlar zimmiylar deb ataladi. Ularning huquqlari belgilangan qoidalar bilan himoya etiladi.
Ularning hammasi barobar emas. Ahli kitoblar orasida tuni bilan sajda qilgan holda Allohning oyatlarini tilovat qilib chiqadigan to'g'ri jamoa ham bor.
(Ular) Allohga va oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi ishlarga buyurib, yomon ishlardan qaytaradilar va xayrli ishlar sari shoshiladilar. Aynan ular solih kishilardandir.
Nimaiki yaxshilik qilgan bo'lsalar, (uning savobidan) mahrum bo'lmaydilar. Alloh taqvodorlarni (yaxshi) biluvchidir.
Kofir bo'lganlarni (hech qachon) moldunyolari va farzandlari Alloh (azobi)dan qutqara olmaydi. Ana o'shalar do'zax ahlidir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.
Ularning bu dunyoda (riyokorlik bilan) qilgan ehsonlari izg'iringa o'xshaydi: o'zlariga zulm qilgan qavmning ekiniga tegib, uni halok qilur. Ularga Alloh zulm qilmadi, balki (ular) o'zlariga zulm qilmoqdalar.
Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizdan o'zgalar (munofiqlar)ni yaqin do'st (sirdosh) tutmangiz! Ular sizlarga nisbatan buzg'unchilik qilishda kuchlarini ayamaydilar va hollaringiz zabun bo'lishini istaydilar. Sizlarni yomon ko'rishlari og'izlari (so'zlari)dan ayon bo'ldi, dillarida yashirgan (adovat)lari esa yanada kattaroqdir. Agar aqlingizni ishlatsangizlar, sizlarga oyatlarni bayon qilib berdik.
Ey, sizlar! Ularni yaxshi ko'rasiz, lekin ular sizlarni yaxshi ko'rmaydilar. Sizlar hamma (ilohiy) kitoblarga imon keltirasiz va (ular) sizlarga yo'liqqanlarida: "Imon keltirdik", - deyishadi. O'zlari xoli qolishganda esa, achchiqlaridan barmoqlarini tishlaydilar. "Shu achchiqlaringiz bilan o'lib keting!" - deb ayting. Albatta, Alloh dillardagi gaplarni (ham) biluvchidir.
Sizlarga yetgan yaxshilik ularni xafa qiladi. Sizlarga yetgan yomonlikdan esa xursand bo'ladilar. Agar sabr bilan taqvoda bo'lsangiz, ularning makrlari sizlarga hech qanday zarar yetkazmaydi. Albatta, Alloh ularning qilmishlarini ihota qiluvchidir.
Oila ahlingizni saharlab tark etib, mo'minlarni jang jabhalariga joylab yurgan (kezlar)ingizni
eslang! Alloh eshituvchi va biluvchidir.
Izoh: Shu oyatdan boshlab jang oyatlari bayon etiladi.
Sizlardan ikki toifa (musulmonlar) umidsizlikka tusha boshladi, vaholanki, Alloh ularga homiy edi. Mo'minlar (har doim) Allohga tavakkul qilsinlar!
Izoh: Ikki toifaning biri Madina shahrining Xazraj qabilasidan bo'lmish Banu Salama mahallasiga mansub musulmonlar, ikkinchisi - Avs qabilasidan bo'lmish Banu Horisa mahallasiga mansub musulmonlar edi.
(Mana), Badrda (harbiy) kuchingiz oz bo'lsa-da, Alloh sizlarni g'olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo'rqingiz, zora shukr qilsangiz.
Mo'minlarga "Rabbingiz (osmondan) nozil etilgan uch mingta farishta bilan sizlarga madad bergani kifoya emasmi?!" - degan paytingizni eslang!
Darhaqiqat, (kifoya qilur)! Agar sabrli bo'lib, Allohdan qo'rqsangiz va ular (dushmanlar) bexos hujum qilib qolsalar - Rabbingiz sizlarga besh mingta belgili farishta bilan madad berur.
Izoh:Farishtalarning boshqa jangchilardan ajralib turishlari uchun ular mingan otlarning yollari va dumlari oq rangda bo'lganligi rivoyat qilinadi. Boshqa rivoyatda farishtalarning sallalari sariq rangda bo'lgan, deyiladi.
Bu (madad)ni Alloh sizlarga xushxabar bo'lishi va dillaringiz taskin topishi uchun berdi. ўalaba esa faqat qudratli va hikmatli Alloh huzuridangina (kelur).
Kofirlarning bir qismini halok qilish yoki zarba berib, noumid holda qaytishlariga majbur qilish uchun (madad berildi).
Siz uchun (ey, Muhammad,) bu ishda biror ixtiyor yo'qdir. Allohning O'zi ularning tavbalarini (balkim) qabul qilar yoxud jazolar. Zero, ular zolimlardir.
Osmonlaru Yerdagi borliq Allohnikidir. O'zi xohlagan kishini mag'firat qiladi, xohlagan kishini jazolaydi. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.
Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko'paytirib, ustama ila yeb yubormangiz! Allohdan qo'rqingiz! Zora (shunda) tole topsangizlar.
Kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningizlar!
Allohga va Payg'ambarga itoat qiling, shoyad, shunda rahm qilinsangizlar.
Rabbingizdan (keluvchi) mag'firat va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo'yilgan jannat sari shoshilingiz!
(U taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham ehson qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.
Ular biror fahsh ish qilib qo'ysalar yoki o'zlariga zulm qilib qo'ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig'for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag'firat etar. Yana, bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir.
Aynan ularning mukofotlari - Parvardigorlaridan mag'firat va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog'lari bo'lib, o'sha joyda abadiy bo'lurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!
Sizlardan ilgari ko'p (ibratli) voqealar bo'lib o'tgan. Yer yuzi bo'ylab sayr qilinglar va (haqni) yolg'onga chiqarganlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ringlar!
Bu (Qur'on yoki mazkur gaplar) odamlar uchun bayonot hamda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai)dir.
Agar (chin) mo'min bo'lsangiz, o'zingiz a'lo (darajada) bo'la turib, (ba'zi mag'lubiyatlaringiz uchun) sustlashmangiz ham, g'amgin ham bo'lmangizlar.
Agar sizlarga (Uhud jangida) jarohat (mag'lubiyat) yetgan bo'lsa, u qavmga ham (Badr jangida) xuddi shunday jarohat (mag'lubiyat) yetgan. Imonli kishilarni bilish va sizlardan shahidlarni saralab olish uchun (Biz) shu (g'alaba) kunlarni (ketma-ket) almashtirib turamiz. Alloh zolimlarni sevmagay.
Alloh mo'minlarni (gunohlaridan) poklash va kofirlarni halok qilish uchun (mazkur ishlarni qildi).
Yoki Alloh sizlarning ichingizdan kim (chindan) jihod qiluvchi va kim sabrli ekanini imtihon qilib ko'rmasdan jannatga kiraveramiz, deb o'yladingizmi?
Ajalingiz yetmay, o'limni (shahidlikni) orzu qilar edingiz. Mana, endi (Uhudda) uni ko'z o'ngizda ko'rib turibsiz.
Izoh: Ya'ni shahidlikka sizlar emas, balki Uhud jangida sheriklaringiz yetishganini guvohi bo'ldingiz.
Muhammad payg'ambardir, xolos. Undan oldin ham payg'ambarlar o'tgan. Mabodo, u o'lsa yoki o'ldirilsa, ortlaringiz (kufr)ga qaytib ketasizmi?! Kimki ortiga qaytsa, Allohga sira zarar yetkaza olmaydi. Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlar.
Har bir jon (egasi) Allohning izni bilangina muhlati belgilab qo'yilgan bitik (ajal) yetganda o'ladi. Kim dunyo savobi (o'lja)ni iroda qilsa, unga o'shandan berurmiz. Kim oxirat savobini iroda qilsa, unga (ham) o'shandan berurmiz. Shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |