Imon keltirgan zotlar: "(Jihodga buyurilgan) biror sura nozil qilinganida edi", - derlar. Bas, qachonki, qat'iy bir sura nozil qilinib, unda jang zikr etilsa, dillarida maraz bo'lgan kimsalarning Sizga xuddi o'limdan (qo'rqib) behush bo'lib qolgan kimsaning qarashidek qarashayotganini ko'rasiz. (Holbuki,) ularga loyiq narsa
itoat etish va yaxshi so'z (so'zlash) edi. Endi, qachonki, ish (jang) muqarar bo'lganda, agar ular Allohga sodiq (rostgo'y) bo'lganlarida, albatta, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi.
Agar (imondan) bosh tortsangizlar, yaqinki, sizlar yerda buzg'unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzarsizlar.
Unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) "kar", ko'zlarini "ko'r" qilib qo'ygandir.
Axir, ular Qur'on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda qulflari bordir?!
Haqiqatan, o'zlariga hidoyat (yo'li) ravshan bo'lganidan keyin yana ortlariga (kufrga) qaytib ketgan kimsalarga (bu ishlarni) shayton chiroyli qilib ko'rsatdi va ular uchun (puch orzularni) uzaytirib qo'ydi.
Bunga (kufrga qaytishlariga) sabab - ularning Alloh nozil qilgan narsani (Qur'onni) yomon ko'rgan kimsalarga: "Biz ayrim ishlarda sizlarga itoat etamiz", - deganlaridir. Holbuki, Alloh ularning yashirgan (sir)larini bilur.
Bas, farishtalar ularning yuzlari va ketlariga urib, jonlarini olar vaqtida, (hollari) ne kechur?!.
Bunga sabab ularning Allohni g'azablantirgan narsaga (munofiqlikka) ergashib, Uning rizoligini (kofirlarga qarshi jang qilishni) yomon ko'rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning (qilgan yaxshi) amallarini behuda ketkazdi.
Balki, dillarida maraz (nifoq) bo'lgan kimsalar Alloh ularning (dillaridagi) adovatlarni oshkor qilmas, deb o'ylagandirlar?!
(Ey, Muhammad,) agar xohlasak, albatta, Sizga ularni (munofiqlarni) ko'rsatib (tanitib) qo'ygan bo'lur edik, u holda Siz ularni belgilaridan tanib olgan bo'lur edingiz. (Qasamki, endi) albatta, Siz ularni so'z ohangi (uslubi)dan tanib olursiz. Alloh (barcha) amallaringizni bilib turur.
Izoh: 30-31-oyat. Musulmonlar ichida dilida imon keltirmagan munofiqlar ham bor edi. Ularni turli sinovlar orqali Rosul (a. s.)ga tanitib qo'yish uchun Alloh taolo mazkur oyatlarni nozil etgan.
Albatta, Biz, to sizlarning orangizdagi jihod qiluvchi va sabr qiluvchi zotlarni bilgunimizcha hamda sizlarning xabarlaringizni sinagunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz.
Albatta, kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Allohning yo'lidan to'sgan hamda o'zlariga hidoyat (yo'li) ravshan bo'lganidan keyin yana Payg'ambarga muxoliflik qilgan kimsalar, Allohga biror zarar yetkaza olmaslar va (Alloh) ularning ishlarini behuda ketkazur.
Ey, imon keltirganlar, Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga itoat etingiz! Amallaringizni zoye qilmangiz!
Albatta, kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan to'sgan, so'ngra kofirlik hollarida o'lgan kimsalarni Alloh sira mag'firat etmas.
Bas, (ey, mo’minlar, jangda) sustkashlik qilmangiz va o'zlaringiz ustun bo'la turib (ularni) sulhga chaqirmangiz! Alloh sizlar bilan birgadir va U qilgan amallaringiz (savobi)ni sira kamaytirmas.
Albatta, bu dunyo hayoti faqat o'yin va behudalikdir. Agar sizlar imon keltirsangizlar va taqvoli bo'lsangizlar, U sizlarga mukofotlaringizni berur va sizlardan mollaringizni so'ramas.
Agar (Alloh) sizlardan (mollaringizni) so'rab, sizlarni qiynaydigan bo'lsa, sizlar baxillik qilursizlar va U sizlarning (dillaringizdagi) gina (adovat)laringizni fosh qilur.
Ey, sizlar! Alloh yo'lida ehson qilish uchun da'vat qilinasizlar. Bas, (aniqki) sizlarning orangizda baxillik qiladigan kimsalar ham bordir. Kim baxillik qilsa, bas, faqat o'z zarariga baxillik qilur. Alloh boy, sizlar esa faqirdirsizlar. Agar sizlar (Allohga itoat etishdan) bosh tortsangizlar, U (o'rningizga) sizlardan boshqa bir qavmni almashtirib qo'yur, so'ngra ular sizlarga o'xshagan bo'lmaslar, (balki Allohga itoat qilurlar).
FATH SURASI
Fath so'zining ma'nosi g'alabadir. Albatta, bu so'z ham suraning birinchi oyatidan olinib nomlangan. Bu g'alaba musulmonlarning g'alabasi ekanligi ma'lum, lekin qaysi jangdagi g'alaba ekanligi xususida turli rivoyatlar mavjud. Masalan, Makka ahlining tinchlik yo'li bilan Islomga kirishlari, Hudaybiya jangi va Xaybar jangidagi g'alabalardan biri ekanligiga dalolat qiluvchi qator hadisi shariflar bor. Surada munofiqlik qiluvchi, ko'pchilik bilan birga yovga qarshi harbiy xizmatga chiqish o'rniga, undan turli bahonalar bilan bosh tortuvchilar tanqid qilinadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
(Ey, Muhammad,) Biz Sizga aniq fath (g'alaba) baxsh etdik.
(Bu fath) Siz uchun Allohning oldingi va keyingi gunohlaringizni kechishi, Sizga O'z ne'matini mukammal qilib berishi, Sizni To'g'ri yo'lga hidoyat qilishi,
shuningdek, Allohning Sizga kuchli yordam berishi uchundir.
Do'stlaringiz bilan baham: |