Biror kichik yoki katta sadaqa qilsalar yoki (Alloh yo'lida) biror vodiyni bosib o'tsalar, albatta, qilgan yaxshi ishlari sababli Alloh ularni mukofatlashi uchun ularga (savob) bitilur.
Mo'minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari) dinni o'rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!
Ey, imon keltirganlar! Yaqinlaringizdagi kofirlarga qarshi jang qilingiz! Ular sizlardan dag'allikni topsinlar! Yana bilib qo'yingizki, albatta, Alloh taqvolilar bilan birgadir.
Biror sura nozil qilinsa, ular ichida: "Bu (sura) qaysilaringning imonlaringizni ziyoda etdi?" - deydigan (munofiq)lar ham bo'ladi. Ammo imon keltirganlarning imonlarini esa (bu sura) ziyoda qilur va ular shod bo'lurlar.
Ammo dillarida illat (shak va nifoq) bo'lganlarning esa, iflosliklari (kufrlari)ga yana ifloslik (kufr) qo'shiladi va ular kofirlik hollarida o'lurlar.
Ko'rmaydilarmi, (ular) har yili bir yoki ikki marta sinovga uchramoqdalar. (Shundan) so'ng (ham) na tavba qiladilar va na eslatma oladilar.
Biror sura nozil qilinsa: "Sizlarni biror kishi ko'rmayaptimi?" - deb bir-birlariga qarab olib,
so'ngra (uylariga) qaytadilar. Anglamaydigan qavm bo'lganlari sababli Alloh ularning dillarini (aksiga) burib qo'ygandir.
Haqiqatan, sizlarga o'zlaringizdan (chiqqan), sizlarning qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan qiziquvchi va mo'minlarga mushfiq va rahmdil Rasul kelgandir.
Bas, (shunda ham) yuz o'girsalar, ayting: "Menga Alloh kifoyadir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Unga tavakkul qildim. U buyuk Arshning rabbidir!".
YUNUS SURASI
Yunus - payg'ambar nomi.
Surada payg'ambarlar qissasi, imon, e'tiqod, ilohiy kitoblar, qiyomat, qayta tirilish, mukofot, jazo, jannat, do'zax kabi muhim masalalar bayon etiladi. Unda asosan tavhidga da'vat, shirk va kufrdan nafrat g'oyalari olg'a suriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Alif, Lom, Ro. Ushbular hikmatli Kitob oyatlaridir.
O'zlaridan (bo'lmish) bir kishiga (Muhammadga), odamlarni ogohlantiring, imon keltirganlarga Parvardigorlari huzurida sodiq qadamlik (to'g'ri yo'ldan yurishlik darajasi) borligi haqida xushxabar bering, deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli bo'ldimi?! Kofirlar esa: "Albatta, bu (Muhammad) aniq sehrgardir", - dedilar.
Albatta, Rabbingiz osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan Allohdir. Ish tadbirini (puxta) ko'rar. Uning iznisiz biror shafoat qiluvchi bo'lmas. Ana o'sha Alloh Rabbingizdir, Unga ibodat qilingiz! (Bundan) eslatma olmaysizlarmi?!
Barchangizning qaytish joyingiz Uning huzuridir. Allohning va'dasi haqdir. U yaratishni boshlaydi, so'ngra imon keltirib, ezgu ish qilganlarni adolat bilan mukofatlash uchun uni (barcha yaratganlarini) yana (hayotga) qaytaradi. Kofir bo'lganlarga esa, qaynoq suvdan iborat ichimlik va kofir bo'lganlari sababli alamli azob bordir.
U quyoshni ziyo (taratuvchi) va oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt o'lchovlaridagi) hisobni bilishlaringiz uchun uni (oyni) manzil (burj)larga (bo'lib) o'lchab qo'ygan zotdir. Buni Alloh faqat haq (hikmat) bilangina yaratdi. Biluvchi qavm uchun oyatlarni (U) batafsil bayon qilur.
Albatta, tun va kunning almashib turishida hamda osmonlar va Yerdagi Alloh yaratib qo'ygan narsalarda Allohdan qo'rqadigan qavm uchun alomatlar bor.
Albatta, Biz bilan muloqotda bo'lishni kutmay, dunyo hayoti bilan qanoatlangan va u bilan (dili) taskin topganlar hamda oyatlarimizdan g'ofil bo'lganlar,
ana o'shalarning joylari - qilmishlari tufayli - do'zaxdir.
Imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlarni esa imonlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur, ne'mati mo'l jannat (bog'lari)da ostilaridan anhorlar oqib turur.
U yerdagi duolari: "Ey, Alloh! Senga tasbeh aytamiz" deyishlik va u yerdagi so'rashishlari "Salom- alik"dir. Duolarining oxiri esa: "Olamlar Parvardigori – Allohga hamd!" deyishlikdir.
Mabodo Alloh odamlarga yomonlikni (ular) yaxshilikka shoshilganlari kabi tezlashtirganda edi, albatta, ularning ajallari bitgan bo'lur edi. Bas, Bizning muloqotimizni kutmaganlarni o'z tug'yon (tajovuzkorlik)larida gangib yurishlariga tashlab qo'yamiz.
Insonga zarar yetganda, yotgan holda yo o'tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi. Undan zararini ketkazganimizda esa, go'yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor)larga o'z qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo'yildi.
Sizlardan oldingi avlodlarni (ham) zulm qilganlarida va payg'ambarlari (ilohiy) hujjatlarni keltirgach, inonmaganlarida, halok qilganmiz. Shu tarzda jinoyatchilar qavmini jazolagaymiz.
So'ngra qanday ish qilishingizni ko'rishimiz uchun sizlarni ulardan keyin Yerga xalifa (o'rinbosar) qildik.
Ularga Bizning aniq oyatlarimiz o'qilsa, muloqotimizni kutmaganlar: "Bundan boshqa qur'on keltir yoki uni (oyatlarini) o'zgartir!"- deydilar. Ayting: "Uni o'z tomonimdan o'zgartirish menga mumkin emas. Men faqat, menga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman. Men, agar Rabbimga itoatsizlik qilsam, ulug' Kun (qiyomat) azobidan qo'rqaman".
Ayting: "Agar Alloh xohlaganda edi, men uni (Qur'onni) o'qimas edim va sizlarga ham (Alloh) uni bildirmagan bo'lur edi. (Axir) undan oldin ham umr bo'yi sizlarning orangizda (yashab) turdim-ku! Bas, aql yurgizmaysizlarmi?!".
Alloh nomidan yolg'on to'qigan yoki oyatlarini yolg'onga yo'ygan kimsadan ham zolimroq kishi bormi?! Zotan, jinoyatchilarga tole yor bo'lmas.
Allohni qo'yib, ularga zarar ham, foyda ham keltira olmaydigan narsalarga ibodat qiladilar va "Ana shular Alloh huzurida bizni shafoat qiluvchilarimizdir", - deydilar. Ayting: "Allohga osmonlar va Yerdagi U bilmaydigan narsalarni bildirib qo'ymoqchimisizlar?! Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir!"
Odamlar yagona ummat (bir dinda) edilar*. So'ngra turli xil bo'lib ketdilar. Agar Rabbingizdan (qiyomatgacha qo'yib berish haqida) so'z kechmaganida, tortishayotgan narsalari haqida hukm qilingan bo'lur edi.
Izoh: Ya'ni Odam Ato yoki Nuh (a. s.) davridagi to'fon voqeasidan keyingi vaqt.
"Unga (Muhammadga) Parvardigoridan biror mo''jiza tushirilsa edi!" - deyishadi. Bas, ayting: "Albatta, g'aybiy ishlar Allohga xosdir. Kutinglar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman".
Odamlarga yetishgan zarar (qahatchilik) ketidan rahmat (mo'lchilik)ni tottirsak, nogoh ularda oyatlarimizga nisbatan makr (inkor) namoyon bo'ladi. Ayting: "Alloh tezroq "makr" qiluvchidir. " Rasul (farishta)larimiz qilayotgan makringizni yozib qo'yurlar.
U sizlarni quruqlik va dengizda sayr qildirur. Sizlar kemada bo'lgan paytingizda va u mayin shamol bilan ularni (sizlarni) olib ketayotganida va ular bundan shodlanib turganlarida, qattiq shamol kelib hamda har tomondan to'lqin kelganda, ular qurshovda qolganlarini bilib: "Agar shundan bizni xalos qilsang, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lurmiz!" - deb ixlos bilan Allohga iltijo qilurlar.
Izoh: "sizlarni" so'zi o'rniga "ularni" deb ikkinchi shaxsdan uchinchi shaxsga o'tish, balog'at ilmida "iltifot" deb ataladi. O'zbek tilida ham "men" o'rniga "biz", "siz" o'rniga "ular". so'zi qo'llaniladi. Haj safaridan kelgan kishiga: "haj qilibsizda" o'rniga "Haj qilibdilar-da!" - deyilishi kabi.
Alloh ularni xalos etganda esa, bexos (yana) Yer yuzida nohaqdan tajovuzkorlik qilurlar. Ey, odamlar! Bu tajovuzingiz faqat o'zingizga zarardir. (Bu) dunyo hayotining matohi (ovunchog'i)dir. So'ngra qaytish joyingiz Bizning huzurimizdir. Bas, (o'shanda) qilgan ishlaringiz xabarini sizlarga berurmiz.
Haqiqatan, dunyo hayotining misoli xuddi Biz osmondan tushirgan (yog'dirgan) suv bo'lib, odamzot va hayvonot yeydigan narsalardan iborat yer giyohlari u bilan aralashib, to yer yasanib va
ziynatlangach, yer egalari o'zlarini unga qodir deb bilgan bir paytda yerga tunda yoki kunduzi Bizning amrimiz kelib, uni kechagi kuni obod bo'lmagandek (yig'ib olingan) hosilga aylantirib qo'yganimizga o'xshaydi. Tafakkur qiluvchi qavm uchun (Biz) oyatlarni shu tarzda batafsil bayon qilurmiz.
Alloh (odamlarni) salom diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to'g'ri yo'lga hidoyat etadi.
Ezgu ish qilganlarga chiroyli (savob-jannat) va ziyodalik (Allohning diydorini ko'rishlik) bordir. Ularning yuzlarini qoralik ham, xorlik ham qoplamas. Aynan o'shalar jannat ahlidirlar, ular u yerda mangudirlar.
Izoh: Ezgu ish - Allohni yakka bilib, solih amal qilishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |