Agar ular sizlarning ichingizda (jangga) chiqqanlarida ham, sizlarga faqat buzg'unchilikni ziyoda qilib, oralaringizga (rahna) solib, sizlarni fitnaga duchor qilgan bo'lur edilar. Sizlarning ichingizda esa, ularga quloq soladigan (ishonuvchi)lar bor. Alloh zolimlarni biluvchidir.
(Ular) oldin ham fitna qo'zg'atmoqchi bo'lgan va ular yoqtirmagan hollarida to haq (g'alaba) kelib, Allohning amri (dini) g'olib bo'lguncha ham ishlaringizni (makr-hiyla, ig'vo bilan) ostin-ustun qilgan edilar.
Ular ichida: "Menga izn bering, meni fitnaga qo'ymang!" - deydiganlar ham bor. (Ular jangdan qolish bilan) fitnaga tushdilar-ku! Albatta, jahannam kofirlarni (o'ziga) qamrab oluvchidir.
Agar Sizga biror yaxshilik (g'alaba yoki o'lja) yetishsa, (bu) ularga yoqmaydi. Agar Sizga biror musibat yetishsa: "Ishning oldini olibmiz", - deb xursand hollarida yuz o'girib ketadilar.
Ayting: "Bizga Allohning yozib qo'yganidan o'zga narsa yetmaydi. U xojamizdir. Allohga esa, faqat mo'minlar tavakkul etsinlar!"
Ayting: "Sizlar biz uchun ikki xayrli ishdan biri (bo'lishi)ni kutmoqdasiz. Biz ham sizlar uchun Allohning O'z huzuridan yoki bizning qo'limiz bilan sizlarga (yetadigan) biror azobni kutmoqdamiz. Bas, kutaveringiz! Biz ham sizlar bilan birga kutuvchilardirmiz".
Ayting: "Xoh ixtiyoriy, xoh majburiy holda nafaqa (sadaqa) qilingiz, (baribir) sizlardan sira qabul qilinmagay. Zero, sizlar fosiqlar qavmi bo'lgansizlar".
Nafaqa (sadaqa)larining qabul qilinishidan to'sgan narsa bu - ularning Allohga, Rasuliga kufr keltirganlari, namozga faqat sust holda kelishlari va nafaqa (sadaqa)ni faqat yoqtirmagan hollarida berishlaridir.
Bas, Sizni ularning mol-mulklari ham, farzandlari ham taajjublantirmasin! Zero, Alloh o'shalar sababli dunyo hayotida ularni azoblashni* va kofirlik hollarida jonlari chiqishini iroda qilur.
Izoh: Boylik va serfarzandlik tashvishlari eslatilmoqda. Zero, boylik va farzandlar doim ham jonga rohat bo'lavermaydi, ba'zida rohatidan ko'ra zahmati oshib ketish hollari ham kuzatiladi.
Ular: "Sizlardanmiz", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Vaholanki, ular sizlardan emaslar. Balki, ular qo'rqadigan qavmdirlar.
Izoh: Yuzaki bo'lsa ham imon keltirib, musulmonlar qatorida yurmasak, molu jonlarimizdan ajralib qolishimiz mumkin, deb qo'rqishlari nazarda tutiladi.
Agar ular boshpana yo g'orlar yoki kiradigan joy topsalar, o'sha yerga shitob ketgan bo'lur edilar.
Ular ichida sadaqalar xususida Sizga ta'na qiladiganlar ham bor. Ularga u (sadaqa)lardan berilsa, rozi bo'ladilar. Bordiyu ularga ulardan berilmasa, unda ular birdan achchiqlanadilar.
Agar ular Alloh va Rasuli ularga ato etgan narsaga rozi bo'lib: "Bizga Alloh kifoya. Bizga, albatta, Alloh o'z fazlidan ato etur va Rasuli ham. Biz Alloh (roziligi)gagina rag'bat qiluvchilarmiz", - desalar edi (o'zlariga yaxshi bo'lur edi).
Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchilar, (haq to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli (zot)dir.
Izoh: Bu ko'rsatilgan kishilarga zakot, xiroj, fitr va ushr kabi sadaqotlar berilishi kerak. Ulardan "dillari oshno qilinuvchilar" mansux etilgan. Ya'ni, Islom avvalida zakot va vojib sadaqalarni kofirlarga ham berilar edi, bu bilan ularning dillarini Islomga moyil qilish maqsad qilinar edi. Keyinroq Islom rivoj topgandan keyin Abu Bakr (r. a. ) xalifaligi davrida sahobalar ijmosi bilan uning hukmi bekor qilingan.
Ular ichida Payg'ambarga aziyat yetkazadigan va "U quloq" (eshitganiga ishonaveradigan)dir deydiganlar ham bor. Ayting: "(U) yaxshilik qulog'i, Allohga imon keltiruvchi, mo'minlarga ishonuvchi va sizlardan imon keltirganlaringiz uchun rahmat (manbai)dir. Allohning Rasuliga aziyat yetkazadiganlar - ular uchun alamli azob (bor)dir".
Do'stlaringiz bilan baham: |