Ular uchun (biror) yordam ko'rsatishga yaramaydilar va o'zlariga ham yordam qilmaydilar.
Agar ularni hidoyat sari chorlasangiz, sizlarga ergashmaydilar. Ularni chorlaysizlarmi yoki sizlar jim turuvchimisizlar - sizlar uchun barobardir.
Izoh: Gap but-sanamlar haqida ketmoqda.
Allohni qo'yib sig'inayotgan (but)laringiz o'zlaringga o'xshash bandalardir. Agar rostgo'y bo'lsangiz, ularga iltijo qilib ko'ringiz - ular sizlarga ijobat qilsin!
Ularning oyoqlari bormiki, ular bilan yursalar yo qo'llari bormiki, ular bilan kuch ko'rsatsalar, yoki ko'zlari bormiki, ular bilan ko'rsalar, yoxud quloqlari bormiki, ular bilan eshitsalar?! Ayting: "Shirk (but va sanam)laringizni chaqiringiz va menga muhlat bermasdanoq menga makr qilingiz!
Mening egam Kitob nozil qilgan Allohdir. U solih kishilarni do'st tutar.
Uni qo'yib sig'inayotgan narsalaringiz sizlarga ham yordam ko'rsatishga yaramaydi, o'zlariga ham yordam bermaydi".
Ularni (sanamlarni) hidoyat sari chorlasangiz, eshitmaydilar. Sizga qarab tursalarda, lekin ko'rmasliklarini kuzatasiz.
Afvni ixtiyor eting, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!
Agar sizni shaytonning sharri tutsa, Allohdan panoh tilang! Albatta, U eshituvchi va biluvchidir.
Taqvo qilganlarga shaytondan (biror) musibat yetsa, (darhol Allohni) eslaydilar. Bas, o'shanda ular (haqni) ko'ruvchidirlar.
Ularning do'stlari yo'ldan urishda ularga yordam beradilar. (Bu ishda) sustlik qilmaydilar.
Ularga oyat keltirmasangiz, "Uni o'zing tanlab (to'qib) qo'yaqolmaysanmi?!" - deyishadi. Ayting: "Men faqat Rabbimdan menga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman. Bu (Qur'on) imon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko'rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir".
Qur'on o'g'ilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysizlar!
Rabbingizni ichingizda tazarru va qo'rqinch bilan hamda gapirganda ovozni ko'tarmasdan ertayu kech zikr (yod) eting! G'ofillardan bo'lmang!
Haqiqatan, Rabbingiz huzuridagi (farishta)lar Uning ibodatidan kibr (ibo) qilmaydilar. Unga tasbeh aytadilar va Unga sajda qiladilar.
(Sajda oyati. )
ANFOL SURASI
Anfol - o'ljalar.
Surada urush-jang, o'lja taqsimoti, imon, e'tiqod, taqvo, amali solih va boshqa muhim masalalar haqida ilohiy ko'rsatmalar berilgan. Unda asosan Badr jangi voqealari batafsil bayon etilgan. Ma'lumki, Badr jangi hijratning ikkinchi yili ramazon oyida Madinaga yaqin Badr qishlog'ida kechgan. Bu jangda musulmonlar ozchilik, kam qurollangan bo'lishiga qaramasdan, ko'psonli va puxta qurollangan mushriklar to'dasi ustidan g'alaba qozonganlar. Yov qo'shinlaridan yetmish kishi halok etilib, yana yetmish kishi asir olingan va katta o'lja qo'lga kiritilgan. Jangdan keyingi o'lja taqsimida ayrim musulmonlar o'rtasida nizo chiqqani bois, surada ularga pand- nasihatlar qilinadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Do'stlaringiz bilan baham: |