Kutubxonachi.uz
125
Miyamda ana shu fikr borgan sari qat’iylashar, menda uni himoya qilish, jazodan qutqarib qolish
istagi tobora kuchliroq avj ola bordi va o‘zimni boshqacha his eta boshladim, o‘zimni o‘zim kashf qilar
ekanman, o‘zimni tanimay qoldim. Menga nima bo‘ldi o‘zi? Juvonni tushunish va himoya qilishga intilar
ekanman, asta-sekin shunday fikrga keldimki, Runa Lopatina menga da’vo qilib o‘zini qiynoqqa solar
ekan, bu xudoning xohishi emasmikin? ...Ilgarilari men Rahmoni Rahim degani nima, bu nimalarda va
qanday namoyon bo‘ladi – bu haqda o‘ylamagan ham edim va endigina birdan seza boshladim: men
o‘z kuchiga mahliyo bo‘lib, odam urug‘ini ming ko‘yga solib hunar ko‘rsatgan bo‘lsam, bu asnoda
Xudoning ko‘kragidan itarib qo‘ygan bo‘lsam, mahkuma Runa Akram ulakraminning elchisi, ifodachisi
emasmikin? Bu mendagi Ezgulikni sinab ko‘rish yo‘li emasmikin?
Ana shunday achchiq va shirin xayollar og‘ushiga g‘arq bo‘lardim. Menda o‘sha juvonga, o‘sha
mahkumaga nisbatan ko‘zimni ochishga, o‘zimga shubha bilan qarashga, o‘zimning takabburligimni va
dimog‘dorligimni tushunib yetishimga majbur qilgani uchun minnatdorchilik hissi paydo bo‘ldi. Men
uning oldida endi o‘zimni boshqacharoq tutishim kerak ekan. Afsus, Runaga, uni vaqtincha saqlab
turgan xos izolyatorga o‘sha zahoti telefon qilib bo‘lmas edi. Unga ko‘p narsani gapirib bergan, javobiga
undan ko‘p narsa eshitgan bo‘lardim. Qani endi iloji bo‘lsa-yu, mashinamga o‘tirib tun qorong‘usida
o‘sha izolyator tomon yo‘l olsam-da, uni topib gaplashsam! Lekin bu ham amalga oshmaydigan orzu
edi, xolos. Qo‘limdan keladigani ertangi uchrashuvni kutish edi. Runani kabinetimga olib kelib, suhbat
qilish uchun tashlab ketganlaridan so‘ng unga yaqin kelib, qo‘l olib ko‘rishaman. “Meni afv eting,
Runaxonim, biz o‘sha suhbatimizni davom ettiramiz. Men sizning mulohazalaringizni jiddiy e’tibor bilan
eshitishga tayyorman, sizning ham xuddi shunday yo‘l tutishingizni iltimos qilaman. “Mening ham
vajlarimga quloq tuting”, – “Juda yaxshi!” – deb javob beradi u va samimiy iqror bo‘ladi: — Men bo‘lsam
sizni hech qachon ko‘rmayman deb o‘ylovdim, professor. Eski hammom, eski tos deganlaridek, men
la’natini ertalabdan o‘z joyimga, zonamga, haydab borishadi, meni yangidan sud qilishadi va yana ham
uzoqroqqa, Sibirgami, Oltoygami olib borib tashlashadi deb o‘ylabman, birdan deng, navbatchi
nazoratchi kelib qoldi, meni yana professor Kriltsov Andrey Andreevich chaqiryapti, deb qolsa bo‘ladimi.
Mana, men keldim...”
“Odil hakam Xudoyim! Qanaqangi noma’qulchiliklarni yog‘dirasan menga? – pichirladim
chorasizlikdan. — Qanaqangi bolalik bu o‘zi, meni to‘xtat, go‘dakligim tutib ketibdi!”
Chindan ham, buyuklik bilan bachkanalik orasi atigi bir qadam ekan, mayli men bachkana bo‘la qolay,
hamma narsa men o‘sha kechasi shirin hayolga botganim kabi bo‘la qolsa jon derdim. Diling tubidagi
bema’nilikka ishonishning o‘zi ham bir baxt!
Dilimni birdaniga yalang‘ochlab tashlagan ana shu barcha jo‘shqinliklardan so‘ng ufqdan ko‘tarilgan
qora bulut kabi mening uchun eng og‘ir shubha paydo bo‘la boshladi – men inkubalar qornida
ikszurriyotlar yetishtirishga ma’naviy huquqqa egamidim? Mening ishlarimni qaysi yuksak maqsadlar
bilan oqlab bo‘ladi? Ikkiyuzlamachilik qilmayman, bunday shubhalar dilim tubida har doim mavj urar
edi, lekin na men, na mening hamkasblarimdan birontasi hech qachon bu haqda g‘ing degan emasmiz.
Fan yutuqlari bizning obro‘yimizni o‘z ko‘z o‘ngimizdagina emas, balki jamiyat nazarida ham yuksaklikka
ko‘targan edi. Biroq, fan bilan vijdonning bir-biriga qanchalik mos kelmasligiga, ko‘pgina hollarda fan
bilan jinoyat bir-biri bilan bog‘lanib ketganligiga misollar topish uchun XX asrda uzoqqa borish shart
emas.
Mana, mening vijdonim, turma mahkumasi uyg‘otgan vijdonim tilga kirdi. Betayin ota-onalardan
noma’lum bolalar yetishtirishning, ularni inkubalar yordamida dunyoga keltirishning insoniyatga qarshi
harakat ekanligini tan olish – Runa meni ana shunga undadi.
Uni menga nima olib keldi, ajal ostonasigacha bizlarni nima bog‘lab qo‘ygan ekan, uyog‘ini taqdir
biladi... Hukmni men chiqarmay...
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |