Kutubxonachi.uz
123
Odatdagiday darvoza oldida soqchiga ishora qilib qo‘yib, xiyobon bo‘ylab Uspenskiy ko‘chasiga
kirganimda g‘ira-shira bo‘lib qolgan edi. Moskvaga oshiqayotgan mashinalar oqimiga qo‘shildim.
Bu yerlarda o‘rmonlar va tepaliklar oppoq qorga burkangan qish paytida ham tushdagiday ko‘rkam,
yashillik olami gulga bezangan yoz faslida ham tengsiz go‘zal, ana shu paytda o‘rmondan o‘tgandan
so‘ng birdan Moskva daryosining nurafshon muyulishi bir necha lahza kishini maftun qilib qo‘yadi. Bu
suv, osmon, o‘rmon mo‘‘jizasidir, men har doim shu yerga kelganda oyna orqali boqib, mashinada olg‘a
qarab yelib borar ekanman, ortda qolgan manzarani mumkin qadar ko‘proq xotirada saqlashga
odatlanganman.
Bu tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirishim bejiz emas. Bu yerlarda har ikki tomonga qarab necha martalab
mashinada g‘izillab o‘tganman, lekin hayotimning ana shu yo‘l yoqasidagi go‘shalar bilan chambarchas
bog‘lanib ketishi yetti uxlab tushimga ham kirmagan. Vaqti kelib bu yerlardan o‘tishga yuragim dov
bermay, aylanma yo‘ldan yura boshlar ekanman...
Bu gal Moskvaga yaqinlashar ekanman, o‘sha inkubalikka nomzod qaysar juvon Runa Lopatinani
keyingi kuni yana klinikaga keltirish kerakmi deb o‘yladim. Ha, keltirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdim.
Nega bunday qildim? Unga nimalar deyman? U inkubalikka rozilik berganda butkul boshqa maqsadni
ko‘zlaganligi aniq emasmidi. Ehtimol, o‘sha Runa savdoyidir, unda soxta odillilik, o‘ta vijdonlilik kabi
boshqa bir xislatlar vasvasa qilayotgan bo‘lsa-chi? U bilan pachakilashib o‘tirishim shartmi?! Uni
uzoquzoqlarga haydab yuborish kerak, zonada harom o‘lsin. Izza qilish uchun odamini topibdi, o‘zi kim
bo‘pti?! – “Sen o‘zing-chi? Senchi? – dedim o‘zimga o‘sha zahotiyoq. — O’zinga nishon, mo‘ljalni rosa
topibsan! Jazoga hukm qilingan, haq-huquqdan mahrum mahkuma bo‘lsa-yu, sen u bilan olishib
yuribsan! Barakalla azamat, gap yo‘q, zo‘rsan!”
Yo‘l muyulishlarida ikki marta tormozni qattiq bosib yuboribman, yo‘lovchilar tum-taraqay qochib
qolishdi – rulda o‘tirib xayol surib ketibman, xira fikrlar hamon ta’qib qilardi. Men o‘sha Runasini boryo‘g‘i
bir marta ko‘rdim, uning nimasi rom qilgan edi meni? Bo‘lgan voqeani xotirladim – stoldan turdim, unga
yaqinlashdim, u ham turdi. Mana, mening yonimda turibdi – mahkuma, shahar chekkasidagi klinikaga
professorga ko‘rsatish uchun maxsus kiyimda olib kelishgan, egnida xudo bilsin qaerdadir tikilgan
kulrang kofta, halpillagan keng yubka, dag‘al botinka. Kiyim-bosh ko‘rkiga ko‘rk, husniga husn qo‘shgan
paytlarda u go‘zal bo‘lgan, albatta. Men uning menga hayajon bilan, dadil va mardona boqqan ko‘zlarini
esladim. Ko‘zni odatda qalb ko‘zgusi deyishadi, lekin bu to‘g‘ri emas, ko‘z dilning o‘zi, uning jonli
ifodasidir. O’g‘il bolalarnikiga o‘xshash yelka suyaklari turtib chiqqan, nimjon kiftlari beixtiyor junjikkan,
nozik, ingichka qo‘llarini qovushtirib turar edi. Qaddini rostlab g‘oz qadam tashlasa, tortinmasdan emin-
erkin yursa, yayrab qahqaha otsa, ola-bula olomon orasida ko‘chada yallo qilib yursa yarashmasmidi?
Murtadlik uchun va umuman bu zamon uchun yaratilgan emas u. Unga o‘tgan asrning liboslarini
kiyintirib qo‘ysa bormi?! Axir
hamma vaqt shunday bo‘lib kelgan, kishi qaerga bormasin o‘z vijdonini
pesh qiladi, nima bo‘lmasin, nima ro‘y bermasin – unga bu vijdondan yoki vijdondan emas deb javob
ber. Har bir kishi qo‘ltig‘ida o‘zi bilganday vijdonini ko‘tarib yuradi. Odam bolasi borki, o‘z vijdoni bilan
maqtanadi. Odam bolasi borki, vijdonni tilga olganda Xudo nomidan gapiradi... Lekin birgina vijdon
bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Ollohga qarshi, u hammamizga ato qilgan va bizlarni jilovlab turadigan
vijdonga qarshi chiqish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, har doim faqat Olloh taoloning kor-u
amali bo‘lib kelgan ishlarni, aytaylik, odamning dunyoga kelishi jarayonini o‘z qo‘liga olish, kerak bo‘lib
qolganda “mana men” deyishga qodir odamlar ham ko‘p emas. Xudoning o‘lim ustidan yakka
hukmronligi yetar, bu kasbni hech kim undan tortib ololmaydi. Tug‘ilish masalasiga kelganda shuni
aytish kerakki, men bu o‘rinda u bilan bellashaman va mening vijdon bilan hemirilik ishim yo‘q... Buni
Runa tushunarmidi – u tushunmasa kerak. Shu boisdan ham u vijdon deya na’ra tortib, o‘zini qahramon
qilib ko‘rsatdi... Undan ko‘ra o‘zi haqida o‘ylasa bo‘lmasmidi, endi u qaerga boradi va nimalar qiladi?
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |