Uyadosh so‘zlar ustida ishlash. Uyadosh so‘zlar deb bir uyaga, (mavzuga, turkumga, guruhga, to’daga) mansub so‘zlar sirasi tushuniladi. Chunonchi, otlarning shaxsni ifodalovchi so‘zlar, narsa-buyumni ifodalovchi so‘zlar, qurol nomlarini ifodalovchi so‘zlar, o‘simliklarni, xayvonlarni, fazoviy va samoviy jism nomlarini ifodalovchi yuzlab uyalar mavjud. Bu uyalar o‘z navbatida yana kichik uyalarga (masalan, hayvonlar - uy hayvonlari, yovvoyi hayvonlar) bo‘linadi. Bular ham yanada kichikroq uyachalarga ajralishi mumkin. Masalan, it - umumiy ma’noli so‘z. Itning turlari esa shu umumiy ma’noli so‘zning xususiy ma’nolaridir. (It - tozi, bo’ribosar, buldok, laycha va boshqalar).
O‘quvchilarning so‘z xazinasini uyadosh so‘zlar bilan boyitish maqsadida berilgan umumiy ma’noli so‘zlarning xususiy ma’nolarini topish yoki aksincha, so‘zlarni uyalar bo‘yicha guruhlash, berilgan matnlardan uyadosh so‘zlarni ajratish, uyadosh so‘zlarni katnashtirib, ma’lum bir mavzuda matn yaratish kabi ijodiy-amaliy topshiriqlardan foydalanishni maqsadga muvofiq deb bilamiz.
Ma’nodosh so‘zlar ustida ishlash orqali o’quvchilar savodxonligini rivojlantirish mumkin. Ona tilida ma’nodosh so‘zlar ustida ishlash deyarli barcha mashg‘ulotlarda istisnosiz amalga oshiriladi. O‘quvchilar nutqini ma’nodosh so‘zlar bilan boyitish maqsadida berilgan so‘zlarni guruhlash, berilgan umumiste’moldagi so‘zga ma’nodosh topish, berilgan so‘zlarni shu ma’noni ifodalovchi frazeologik birikmalar bilan almashtirish kabi ijodiy-amaliy topshiriqlardan foydalanishni maslahat beramiz.
Quyida ana shunday topshiriqlardan namunalar keltiramiz.
1-topshiriq. Matnni o‘qing. Ajratilgan so‘zlarga ma’nodoshlar toping.
Manzilga kun chiqar-chiqmas yetib keldik. Ko‘chalar sershovqin, barvaqt bo‘lsa ham, avtobus va tramvaylarda odam gavjum edi.
Kun sovuq, ammo osmon beg‘ubor artilgan shishaday musaffo. Qirov tushgan daraxtlar xuddi qor tushganday oppoq, faqat nayzaday to‘g‘ri shoxlar osmonga qadalgan yosh tolalargina yalang‘och va ko‘mko‘k.
2-topshiriq. Ajratilgan so‘zlarni kavsda berilgan so‘zlar bilan almashtirib, ma’no farqlarini tushuntiring. So‘zning ijobiy va salbiy bo‘yog‘iga e’tibor bering.
Do‘stning yuzi (jamol-chehrasi-ruxsori-diydori...) odamni xursand qilsa, dushmanning yuzi (afti-beti-basharasi...) odamni ranjitadi.
3-topshiriq. Berilgan murojaat so‘zlarga ma’nodoshlar toping. Masalan: mehribon o‘qituvchim - mo‘‘tabar ustozim - g‘amxo‘r murabbiyim - aziz tarbiyachim va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |