www.ziyouz.com kutubxonasi
117
va yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizlikning oldini olish maqsadida Abu Sufyon ibn
Harbni Madinaga yuborishga qaror qilishdi. Abu Sufyon ikki qabila o‘rtasida yuz bergan
qirg‘indan payg‘ambar alayhis-salom hali bexabar degan o‘yda bemalol Madinaga kelib,
rasulullohning nikohidagi qizi Ummu Habibaning uyiga tushdi. Abu Sufyon payg‘ambar
alayhis-salomning palosida o‘tirmoqchi bo‘lgan edi, qizi uni tortib oldi. Abu Sufyon:
"Qizim, bu palosni ayaganingmi yoki meni ayaganingmi?" deb so‘radi. Ummu Habiba:
"Otam bo‘lsang ham rostini aytay: sen mushrik, nopok odamsan. Senday odam
payg‘ambarning palosida o‘tirishi mumkin emas", dedi. Abu Sufyon qattiq ranjib: "Qizim,
sen mendan ayrilgandan keyin aynib ketgan ekansan", dedi-da, shartta uydan chiqib
ketdi va to‘ppa-to‘g‘ri masjidga borib, payg‘ambar alayhis-salomga uchrashdi,
tashrifining sababini aytib, sulh muddatini uzaytirishni taklif etdi. "Biron gap bo‘ldimi?"
deb so‘radilar rasululloh. "Yo‘q hech narsa bo‘lgani yo‘q", deb javob berdi Abu Sufyon.
"Unday bo‘lsa avvalgi sulh bo‘yicha ish tutamiz, uning muddatini o‘zgartirishning hojati
yo‘q", deya gapni cho‘rt kesdilar sarvari olam.
Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan Abu Sufyon muhojirlarning boshliqlariga uchrashib
maqsadini amalga oshirish uchun ko‘mak so‘radi, biroq ularning hammasi xuddi kelishib
olishgandek aynan rasulullohning javobini berishdi. Ko‘zlangan maqsadiga erisholmagan
Abu Sufyon noiloj Makkaga qaytib ketdi. Makkadagalar esa: "Sen aynib, Islom diniga
kirib ketganga o‘xshaysan", deb unga malomat toshini yog‘dirishdi. Abu Sufyon o‘zini
oqlash uchun butlarning oldida cho‘qinib qasam ichdi.
Payg‘ambar alayhis-salom esa sahobalarga safar tadorikini ko‘rishni buyurdilar.
Makkaga otlanganliklarini faqat Abu Bakrga aytdilar. "Ey rasululloh, qurayshlar bilan
o‘rtamizda imzolangan shartnoma bor-ku", dedi Abu Bakr ajablanib. "Ha, bor, dedilar
rasululloh. — Lekin qurayshlar shartnomani buzishdi-ku". Shundan keyin payg‘ambar
alayhis-salom Madina atrofidagi qirlarda yashovchi arablarni safarbarlikka da’vat etib:
"Kimki Ollohga va oxirat kuniga ishonarkan, ramazon oyida Madinaga jam bo‘lsin",
dedilar. RasululLohning chaqirig‘ini eshitgan Aslam, G’ifor, Muzayna, Ashja’, Juhayna
qabilalarining vakillari Madinaga to‘planishdi. Bu xabar ovoza bo‘lib, qurayshlar harbiy
safarbarlik e’lon qilishi mumkinligini o‘ylab, rasululloh niyatlarini pinhon tutdilar. Sarvari
olamning ko‘nglida Makkada qon to‘kish emas, balki Xudoning muqaddas dargohining
hurmatini saqlagan holda qurayshlarni tinch yo‘l bilan itoat qildirib, imonga keltirish
niyati bor edi. U kishi Xudoga yolborib: "Ey Parvardigor, men yetib borguncha
ayg‘oqchilar makkaliklarni ketayotganimizdan xabardor etib qo‘yishlaridan asragin",
deya iltijo qildilar.
Badr g‘azotida qatnashgan sahoba Hotab ibn Abi Bultaa payg‘ambar alayhis-
salomning Makkani fath etish uchun katta qo‘shin to‘plab yo‘lga chiqayotganlari haqida
xat yozib bir ayoldan yashirincha jo‘natib yubordi. Bu hodisa rasulullohga vahiy orqali
ma’lum bo‘ldi. Josus ayolni qaytarib kelish uchun darrov Ali, Zubayr, Miqdodlar yuborildi.
Ular Hox nomli bog‘ oldida josus ayolni quvib yetishdi-da, xatni talab qilishdi, biroq u
surbetlik bilan yonida hech qanday xat yo‘qligini aytib, jinoyatini tan olmadi. Ta’qib
etuvchilar yaxshilikcha xatni bermasa, yechintirib tintishlarini aytgandan keyingina u
noiloj sochining orasiga yashirilgan xatni chiqarib berdi. Ta’qib etuvchilar xatni
payg‘ambar alayhis-salomga topshirishgach, u kishi Hotabni chaqirtirib,
xiyonatkorligining sababini so‘radilar. "Ey rasululloh, men qurayshlardan emasman,
muhojirlar quraysh qabilasidan, — dedi Hotab. — Muhojirlarning Makkada qolgan bola-
chaqalarini qanotiga oladigan yaqinlari bor, mening u yoqda hech kimim yo‘q.
Qurayshlar qilgan yaxshiligim evaziga u yoqda qolgan bola-chaqalarimga muruvvat
ko‘rsatisharmikan, degan umidda yashirincha xat jo‘natganman. Lekin murtad bo‘lib
dindan qaytganim yo‘q".
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |