www.ziyouz.com kutubxonasi
28
"Muhammaddan shunday gaplarni eshitdimki, xudo haqqi, ilgari bunday kalomni sira
eshitgan emasman. Uning gaplari she’rga ham, kohinning duolariga ham, sehru joduga
ham o‘xshamaydi. Ey quraysh oqsoqollari, Muhammadga tegmaylik, u o‘z maylicha
yuraversin. Xudo haqqi Muhammadning menga aytgan gaplari hammayoqqa yoyilib,
odamlarni qiziqtirib qo‘yadi. Mabodo Muhammadni boshqa qabilalar oradan ko‘tarib
tashlashsa, undan oson qutilgan bo‘lasizlar, bordiyu, u golib chiqsa, bu sizlarning ham
g‘alabanglar hisoblanadi", dedi. Mushriklar Muhammad sening es-hushingni og‘dirib
qo‘yibdi shekilli, deyishdi va rasulullohga odam jo‘natib, ikkala tomonning odamlarini
bir-biriga moslab, hammaga ma’qul keladigan yo‘l topishni taklif etishdi. Olloh taolo
bunga javoban Kofirun surasini nozil qilib, rasulullohga yo‘l ko‘rsatdi: "Ey kofirlar,
sizlarning cho‘qinayotgan butlaringizga men cho‘qinmayman, sizlar ham men ibodat
qilayotgan Ollohga sig‘inmaysizlar. Men sizlarning butlaringizga cho‘qinganim yo‘q, sizlar
ham men topinayotgan Ollohga ibodat qilmadinglar. Sizlarning diningiz o‘zingiz uchun,
meniki ham o‘zim uchun, degin". Bundan ruhlangan payg'ambar alayhissalom: "Meni
Ollohga sherik keltirish taklifinglarga ko‘nadi deb xomtama bo‘lmanglar", dedilar. Bu
umidi ham puchga chiqqan mushriklar hech bo‘lmasa, Qur’ondagi ularning g‘ashini
keltiradigan, butlarni ayblab, butparastlikka tahdid soladigan oyatlarni boshqalariga
almashtirishni, loaqal sal o‘zgartirishni o‘tinishdi. Olloh bunga javoban Yunus surasining
15-oyatini nozil qildi: "Qur’onni o‘zimcha o‘zgartirolmayman, faqat menga vahiy qilingan
narsalargagina ergashaman, degin".
Rasululloh bilan mushriklar shunday bahs-munozara qilayotgan kunlarning birida
g‘alati voqea yuz berdi. Bu hodisa ojiz odamni nazar-pisand qilmaslik durust emasligiga
bir ishoradir. Rasululloh quraysh oqsoqollarini imonga keltirish umidida Qur’on bilan
dinning mohiyatini tushuntirayotganlarida allaqachon musulmon bo‘lgan ko‘zi ojiz
Abdulloh ibn Ummu Maktum kelib qoldi. Payg‘ambar alayhis-salom quraysh
oqsoqollarining samimiy muomalasidan erib, zora shu bahonada islomga kirib qolishsa
degan umidda jon koyitib gapirardilar. Ummu Maktum: "Ey rasululloh, Olloh senga
bildirgan narsalarni menga ham o‘rgatgin", dedi va gapni cho‘zib yubordi. Bu
rasulullohning g‘ashlarini keltirgan bo‘lsa-da, indamay oqsoqollar bilan suhbatlarini
davom ettiraverdilar. Ayni vaqtda qurayshning kattalari Ummu Maktumni
yoqtirishmasligini, agar suhbatni buzib, u bilan gaplashsalar endigina insofga kelib
turgan oqsoqollar yana to‘nini teskari kiyib olishi mumkinligidan xavfsirab, unga qayrilib
qaramadilar ham. Payg‘ambar alayhis-salomning bunday muomalasi uchun Olloh koyib,
Abasa surasining oyatlarini nozil qildi: "(U) peshonasini tirishtirib, yuzini teskari burdi,
chunki uning yoniga ko‘zi ojiz (Abdulloh) kelgan edi. Uning poklanishi yoki va’z-nasihat
tinglab, bahra olishi mumkinligini sen qaydan bilasan? O’zing nasihatga behojat
hisoblaydigan odamga esa yuzlanasan. U poklanmasa, senga baribir emasmi? Sendan
ma’rifat istab yugurib kelgan odam esa Ollohdan qo‘rqadi. Sen bu odamga qayrilib
qaramading ham". Shu voqeadan keyin payg‘ambar alayhis-salom biron faqir kimsaga
olayib qaraganlari yo‘q. Mabodo Ummu Maktum kelib qolsa: "Robbim u tufayli meni
koyigan kishi, marhabo, marhamat qilsinlar", derdilar.
Talab va shartlari o‘tmaganidan tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan mushriklar boshqacha yo‘l
tutmoqchi, rasulullohdan biron mo‘jiza ko‘rsatishni talab qilib uyaltirmoqchi bo‘lishdi.
Ular yig‘ilishib: "Ey Muhammad, agar rost payg‘ambar bo‘lsang oyni ikkita qilib ko‘rsat",
deyishdi. Olloh o‘z payg'ambarini mulzam qilib qo‘ymaslik uchun oyni qoq ikkiga bo‘lib
ko‘rsatdi. Rasululloh: "Ana, ko‘ringlar", deya osmonga ishora qildilar. Bu g‘aroyib
hodisani juda ko‘p kishilar aynan bir xil rivoyat qilishgani uchun yolg‘on bo‘lishi mumkin
emas. Olloh taolo bu voqeani qamar surasining 2-7-oyatlarida: "Qiyomat yaqinlashdi, oy
bo‘lindi", deya bayon etadi. Mushriklar bu voqeadan ta’sirlanish o‘rniga, Muhammad sehr
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |