Shu yili payg‘ambar alayhis-salom Haybar tomondagi Fadak degan joyda yashovchi
bani Sa’d qabilasiga qarshi Ali ibn Abu Tolib boshchiligida yuz kishilik qo‘shin jo‘natdilar.
Bu qabila arzimagan xurmo uchun musulmonlarga qarshi otlangan yahudiylarga yordam
bermoqchiligi oshkor bo‘lib qolgan edi. Qo‘shin yo‘lda ketaturib dushmanning yahudiylar
bilan yashirincha bitim tuzish uchun ketayotgan maxsus odamini qo‘lga tushirdi va bani
Sa’d qabilasi yashaydigan joyni ko‘rsatsa omonlik berilishi aytildi. Josus Islom lashkarini
o‘z yurtiga boshlab bordi. Biroq musulmonlar kelayotganidan xabar topgan bani Sa’d
odamlari mol-mulkini tashlab qochib ketishdi. Musulmonlar besh yuz tuya, ikki ming
qo‘yni o‘lja olib qaytishdi. Shu bilan mushriklarning yahudiylarga yordam berish niyati
barbod bo‘ldi.