www.ziyouz.com kutubxonasi
150
Tanining za’fi tundin-tunga ko‘rrak,
Bo‘lub ul za’f kundin-kunga ko‘rrak.
Necha afg‘ondin etsa og‘zini berk,
Yo‘q erdi nola chekmakta anga erk.
Dimog‘ida burunkim quvvat erdi,
Tanida dog‘i zo‘ru sihhat erdi.
Rioyat aylar erdi benihoyat,
Fig‘on zohir bo‘lur erdi bag‘oyat.
Bu damkim, bo‘ldi savdoyi dimog‘i,
Marazlarg‘a ulondi jismi dog‘i.
Junun tab’ida ko‘rguzdi nishona,
So‘z ayta boshladi savdoiyona.
Ko‘ngulda qolmadi sabru qarori,
Ilikdin bordi borcha ixtiyori.
Ko‘rub ul holin oning shohu dastur,
Bo‘lub ikkisi kundin-kunga ranjur,
Berib ko‘p randu ta’siri torilmay,
Qilib ko‘p fikru tadbiri torilmay.
Chu ko‘rdilarki borur ish ilikdin,
O‘tar andisha tadbiru bilikdin.
Kengashti shah tuzub majma’ ahibbo,
Bo‘lub hozir nekim bo‘lg‘on atibbo.
Aning holotida so‘z o‘tti behad,
Biri so‘zni qabul etti, biri rad.
Ham oxir ahli hikmat ettilar arz
Ki: «Yey olam eliga qullug‘ing farz!
Bu yanglig‘ bizga bo‘lmish za’f tashxis
Ki, savdodin dimog‘i torti tanqis.
Mizojida harorat g‘olib erdi,
Yana mayg‘a mizoji tolib erdi.
Mayi mufrit bila asli harorat
Bo‘lub bir, bo‘yla ko‘rguzdi sharorat.